Usmonxon Eshonxo‘ja o‘g‘li

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Usmonxon Eshonxo‘ja o‘g‘li (1899-yil, Andijon — 1938-yil, Toshkent) — davlat, siyosat va jamoat arbobi.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxon Eshonxo‘ja o‘g‘li 1899-yil 14- oktabrda Andijonda tug‘ilgan. Otasi o‘z davrining maʼrifatli kishilaridan bo‘lgan. Usmonxon 5 yoshdan maktabda, keyinroq madrasada o‘qigan. 1909—1913-yillarda rus-tuzem maktabida tahsil olgan. So‘ngra oliy boshlang‘ich bilim yurtini va erkaklar gimnaziyasini tamomlagan. Faoliyatini boshlang‘ich maktabda o‘qituvchilik qilishdan boshlagan. Usmonxon Eshonxo‘ja o‘g‘li fors, arab va rus tillarini yaxshi bilgan. 1916—1917-yillarda Andijonda chiqqan „Turkestanskiy golos“ gazetasida ishlagan. Fevral voqealaridan so‘ng ziyolilar bilan birgalikda yangi usuldagi maktablarni ochgan. „Turon“ kutubxonasi va qiroatxonasini tashkil etishda faol qatnashgan. 1918-yil Farg‘ona vodiysidagi ocharchilikda „Qizil yarim oy“ jamiyati raisi bo‘lgan. 1919-yilda partiyaga nomzod bo‘lib, 1920-yil Turkiston MKga aʼzo bo‘lgan va Moskvaga chaqirilgan. Moskvada Kommunistik universitetda o‘qigan. Nomzodlikdan partiya safiga o‘tadi. Tashqi ishlar vazirligida tarjimon, Xorazm va Buxoroda sovet hokimiyatining favqulodda komissari, Turkiston Avtonom Respublikasi Maorif xalq komissarligining hay’at aʼzosi, davlat ilmiy kengashi raisi lavozimlarida ishlagan. 1922-yil iyuldan Turkiston kompartiyasi Markaziy komiteti matbuot sektorini boshqargan. „Turkiston“, „Qizil bayroq“ gazetalari, „Inqilob“, „Bilim o‘chog‘i“ jurnallarida muharrirlik qilgan. So‘ng Termiz shahar xalq maorifi mudiri boʻlgan. Sirdaryo viloyati partiya komiteti mas’ul kotibi lavozimlarida ishlagan. 1924-yilda O‘rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishini o‘tkazishda qatnashgan. 1924—1925-yillarda O‘zbekiston SSR bo‘yicha RKP(b) MK targ‘ibot bo‘limi tashkiliy byurosining mudiri, „Qizil O‘zbekiston“ gazetasi muharriri, 1925-yilda O‘zbekiston KP(b) Surxondaryo viloyati mas’ul kotibi lavozimlarida ishlagan. 1925—1930-yillarda U. Eshonxo‘jaev Moskvada yashagan. U Kommunistik professorlar institutida falsafa bo‘limini tugatgan va oʻsha yerda dars bergan. Moskvada o‘qiyotgan va ishlayotgan O‘zbekiston kommunistlari partiya tashkilotining kotibi bo‘lgan. 1934-yil aprel-avgustida Qorachoy avtonom oblastida VKP(b) viloyat komiteti 1-sekretari, so‘ngra 1937-yil avgustigacha Qozon temir yo‘li siyosiy bo‘lim partiya kurslari mudiri lavozimlarida ishlagan.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasi Eshonxo‘ja dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Oila ziyoli, ilmga ishtiyoqi baland oilalardan bo‘lgan.

Qatagʻon qilinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxon Eshonxo‘jaev 1937-yil 15-avgustda Qozon shahrida NKVD tomonidan hibsga olinib, 1938-yil 4-oktyabrda Toshkentda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi sayyor hay’ati tomonidan otuvga hukm qilingan.