Kontent qismiga oʻtish

Turkum:Abdurahmon Jomiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
         Abdurahmon Jomiy


Abdurahmon Jomiy (Asil ismi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad )1414-yil noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi.




Yoshligi Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi “Dilkash” (Navoiy maʼlumotiga koʻra, “Nizomiya”) madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal oʻrgana boshlagan. Keyinroq Jomiy oʻz bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays kabilardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi.


Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. U oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Koshgʻariyni tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xoʻja Ahror bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman oʻzini kundalik “Malomatiya” tariqatiga mansub deb hisoblasa-da, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshohligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng Jomiyning mamlakatdagi mavqesi juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari oʻzlarini unga murid deb eʼlon qilgan edi.



Ijodi Jomiydan ulkan va rang-barang adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Baʼzi olimlar Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladi. Navoiy “Hamsat ul-mutahayyirin”da uning 38 asarini nomma-nom sanab koʻrsatadi. Jomiy asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, sanʼat sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid. Uning ijodiy faoliyati koʻp qirrali boʻlsa ham, u sharq xalqlari madaniyati tarixida koʻproq genial shoir va mutafakkir – olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi gʻoyat diqqatga sazovordir. Soʻnggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davridagi (10–15-asrlar) buyuk mutafakkir-ijodkor deb ataydi.

Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir islom dini va sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-asrdagi yirik arbobi sifatida oʻz fikr-mulohazalarini bayon qiladi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Maʼnolar naqshi”), “Shavohidi nubuvva” (“Paygʻambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya” (“Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Hamriya” („Hamriya“ qasidasi sharhi”), Naqshbandiya taʼlimoti haqida risola, “Vohid” atamasi haqidagi risola”, “Zikr shartlari haqida risola”, “Haj qilish yoʻllari haqida risola” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin. Turkum Abdurahmon Jomiy

Ostturkumlar

Bu turkumda faqat bitta ostturkum mavjud.