Tugʻma kasalliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tug‘ma kasalliklardan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Tugʻma kasalliklar - embrion taraqqiyotining buzilishidan paydo boʻladigan kasallik, nuqsonlar. Tugʻma kasalliklarda organizm, ayrim organlar tuzilishi va funksiyasi butunlay yoki qisman buziladi. Bu, asosan, homila rivojlanishida ona organizmiga zararli har xil omillar taʼsirida kelib chiqadi.

Irsiy omillar taʼsirida otaona jinsiy hujayralari yetilishi (meyoz) va otaona yoshiga qarab jinsiy hujayralardagi xromosoma apparati buziladi. Irsiy omillarga jinsiy xususiyatlar (genom)ga ionlovchi nurlar va kimyoviy moddalar taʼsirida yuz beruvchi mutatsion jarayon (qarang Mutatsiya) ham kiradi. Otaonaning yoshi ulgʻaygan sari Tugʻma kasalliklar bilan tugʻiluvchi bolalar soni ham koʻpayib boradi.

Embrion taraqqiyotiga fizik (ionlovchi nurlar, mexanik va termik taʼsirlar), kimyoviy (gormonal mutanosiblik, sifatsiz ovqatlanish, teratogen zaharlar) va biologik (virus, bakteriya, sodda hayvonlar, gelmintlar) omillar bevosita taʼsir etadi. Homila rivojlanayotgan vaqtda onadagi ruhiy taʼsirlanish qam organizmda endokrin sistema (ichki sekretsiya bezlari sistemasi) funksiyasining buzilishiga olib keladi.

Tugʻma kasalliklar natijasida ayrim organ yoki sistemalarning chala, baʼzan, toʻla rivojlanmasligi, mas., qoʻl va oyoqning butunlay yoki qisman rivojlanmasligi (ageneziya, aplaziya, gipogeneziya, gipoplaziya), organ va sistemalarning odatdagidan kuchlirok, rivojlanishi, mas., odam terisida shox modda taraqqiy qilishi (giperplaziya, gipergeneziya); organlar sonining koʻpayishi yoki kamayishi (mas., qoʻl va oyoq barmoqlarining koʻp boʻlishi — polidaktiliya); toq koʻzlilik (siklopiya); organning odatdagi joyidan boshqa tomonda joylashishi (mas., yurakning koʻkrak qafasit oʻngga, jigarning qorin boʻshligʻida chapga; taloqning esa oʻngda joylashishi va boshqalar) kuzatilishi mumkin.

Baʼzan, tugʻilgan bolalarning yuqori labida kemtik boʻladi yoki yuqori tanglayi rivojlanmay ochiq qoladi. Bu tugʻma kamchiliklar embrionga parazitlarning salbiy taʼsiri va irsiy xususiyatlardan kelib chiqadi. Tugʻma kamchiliklar ayrim organ va sistemalar rivojlanayotgan vaqtda hosil boʻlishi mumkin.

Koʻp tugʻma kamchiliklar egizaklarda simmetrik yoki asimmetrik holda boʻladi.