Kontent qismiga oʻtish

Toʻldiruvchi toʻplam (videooʻyinlar)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Toʻldiruvchi toʻplam (kengaytma toʻplami yoki addon) — mavjud boʻlgan videooʻyin yoki stolusti oʻyiniga qoʻshimcha tarzda qoʻshiladigan kontent. Bunday toʻplamlar odatda oʻyinga yangi bosqichlar, qurollar, qahramonlar, buyumlar qoʻshish bilan birga, oʻyindagi mavjud syujetni kengaytirish uchun ham xizmat qilishi mumkin[1].

Stolusti oʻyinlari uchun toʻldiruvchi toʻplamlar oʻsha oʻyinning yaratuvchisi tomonidan ishlab chiqiladi. Biroq videooʻyin ishlab chiquvchilar toʻldiruvchi toʻplamni ishlab chiqish uchun baʼzan boshqa kompaniyani shartnoma asosida yollashadi.

Stolusti oʻyinlari 1970-yillardan beri toʻldiruvchi toʻplamlar sotib kelishadi, videooʻyinlar esa 1980-yillardan beri. Bunday videooʻyinlarga misol oʻlaroq Dragon Slayer seriyasining Xanadu Scenario II [2] va Sorcerian[3] oʻyinlarini koʻrsatish mumkin.

Xususiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻldiruvchi toʻplamning narxi odatda asl oʻyinning narxidan ancha arzon boʻladi. Koʻpincha toʻldiruvchi toʻplamlarni oʻynash uchun asl oʻyinning oʻzi kerak, chunki toʻplamda faqat qoʻshimcha kontentgina mavjud. Toʻldiruvchi kontentlari koʻp boʻlgan oʻyinlarni odatda oldingi toʻldiruvchi toʻplamlar bilan birga qoʻshib sota boshlashadi, masalan The Sims Deluxe Edition (unda The Sims oʻyiniga The Sims: Livin' Large, The Sims: House Party va The Sims: Hot Date toʻldiruvchilari qoʻshilgan). Bunday jamlanmalar yangi oʻyinchilarga qulaylik yaratib, oʻyinni yana-da ochib beradi. Qachonki, oʻyin oʻz umrining oxiriga yetsa, tarqatuvchi tomonidan oʻyin va uning barcha toʻplamlari bir yerga yigʻilib, „Toʻliq“ yoki „Oltin“ deb ataladigan kolleksiya chiqariladi.

Boʻlak toʻldiruvchi toʻplamlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻldiruvchi toʻplamdagi yangi kontentlarni oʻynash uchun har doim ham asl oʻyin kerak boʻlavermaydi va ularni boʻlak toʻldiruvchi toʻplamlar deyishadi. Bunga Half-Life: Blue Shift, Uncharted: The Lost Legacy, Dishonored: Death of the Outsider yoki Sonic & Knuckles kabi oʻyinlar misol boʻla oladi. Asl oʻyindagi baʼzi tasvirlar, tovushlar va kodlar toʻldiruvchida qayta ishlatiladi. Ayrim hollarda boʻlak toʻldiruvchi toʻplamlar asl oʻyinni oʻz ichiga oladi, xuddi Heroes of Might and Magic III: The Shadow of Death yoki Dungeon Siege: Legends of Arannaʼga oʻxshab.

Konsol oʻyinlarida toʻldiruvchi toʻplamlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻldiruvchi toʻplamlar koʻpincha ShK oʻyinlari uchun chiqariladi. Lekin yuklab olinadigan kontentlarning ommalashuvi bois, videooʻyin konsollarida ham toʻldiruvchi toʻplamlar keng tarqala boshladi. Koʻp platformali oʻyinlarning koʻpayishi konsollarda ham koʻplab toʻldiruvchi toʻplamlarning chiqarilishiga olib keldi, ayniqsa, boʻlak toʻldiruvchi toʻplamlar (yuqorida taʼrif berib oʻtilgan). Masalan, Command & Conquer 3: Kane's Wrathʼni kompyuterda oʻynash uchun asl Command & Concker 3: Tiberium Wars talab qilinadi, ammo Xbox 360ʼda Tiberium Wars ham, Kane's Rage ham bir-biriga muhtoj emas.

Grand Theft Auto: London 1969PlayStation uchun chiqarilgan birinchi toʻldiruvchi toʻplam edi[4]. Oʻyinni oʻynash uchun oldin London diskini qoʻyib, keyin olib tashlab, asl Grand Theft Auto diskini qoʻyib, keyin olib tashlab, yana London diskini qoʻyish kerak edi.

Mega Drive/Genesis uchun chiqarilgan Sonic & Knuckles noodatiy edi, chunki u ham boʻlak toʻplam, ham Sonic the Hedgehog 2 va Sonic the Hedgehog 3 uchun toʻldiruvchi toʻplam oʻlaroq ishlardi.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „What is an Expansion Pack?“ (en). www.computerhope.com. Qaraldi: 2023-yil 4-sentyabr.
  2. Kurt Kalata. „Xanadu“. Hardcore Gaming 101. Qaraldi: 2011-yil 25-mart.
  3. Sorcerian (PC), GameCola.net, 30 October 2010
  4. Kennedy. „Take-Two Ships GTA: London 1969“. GameSpot (2000-yil 27-aprel). Qaraldi: 2017-yil 7-yanvar.