Tekstologik o‘qish uslubi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tekstologik o‘qish uslubi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Matnni paleografik o‘qish chog‘ida matnda o‘zining mavjudligini bildirib turadigan asosiy tashqi belgilar ga eʼtibor beriladi. Yaʼni:yozuv xarakteriga qarab (nasx, nastaʼliq, shikasta, aralash, xattotlik yozuvi, oddiy yozuv va h.k.) harflar xususiyati aniqlanadi;

  •   sarlavhalar chegarasi (to‘q siyoh, qizil siyoh, yirik harflar) belgilab olinadi;
  •   sheʼriy parchalar chegarasi (nazm, g‘azal, qitʼa, taxallus) belgilab olinadi;
  •   misralar chegarasi alomatlari (g‘uj nuqta, to‘nkarilgan nuqtavergul, to‘q siyoh, qizil siyoh harflar)ga qarab belgilab chiqiladi;
  •   boshqa tildagi iqtiboslar, oyatlar, hadislar chegarasi (ustidan chizishlar, asosiy matndan boshqacha xat turidagi yoki diakretik belgili jumlalar);
  •   umuman, so‘zlar chegarasi puxta belgilab olinadi.
  •   yozuvi o‘chgan, o‘chirilgan, noaniq yerlarini eʼtiborga olib (qayd etib) o‘qib chiqiladi.
  •   asar mundarijasi shakllantiriladi, kompozisiyasi eʼtiborga olinadi.
  • Matnni paleografik o‘qish chog‘ida uning yodda tutish lozim bo‘lgan qo‘shimcha tashqi belgilari: Yaʼni:
  •   matnning turini aniqlash (qo‘lyozma, toshbosma, yagona nusxa, ko‘p nusxali, hadya, sotuvga, shaxsiy foydalanishga mo‘ljallangan, buyurtma va h.k.);
  •   asarning yuzaga kelish davrini aniqlash (muallif qachon yozgan);
  •  matnning yozilish davrini aniqlash (kotib qachon ko‘chirgan);
  •   kelib chiqish o‘rnini aniqlash (qaerda yozilgan, qaerda ko‘chirilgan).
  • Amaliyotda bu yerda sanab o‘tilgandan boshqa turdagi tashqi belgilarga ham duch kelish mumkin. Qo‘lyozma matnidagi tashqi belgilarining paleografiyaga oid unsurlar ekanini unutmaslik va ularni ham paleografik o‘qish chog‘ida hisobga olinishi lozim.
  • Tekstologik o‘qishda matn sintaksisiga kirib boriladi, yaʼni uning mazmuni tiklanadi:
  • matn zarur o‘rinlarda tinish belgilari qo‘yilgan, personaj nutqi, ko‘chirma va o‘zlashtirma gaplar va h.k.larning hozirgi zamon meʼyorlariga amal qilgan holda ko‘chirib yozib olinadi (transliteratsiya). (Ilmiy-tanqidiy matn va yig‘ma-qiyosiy matn nashrlari bundan mustasno.)
  • matn xatolari, takrorlar, atayin yoki beixtiyor kiritilgan o‘zgarishlar, ularning yuzaga kelishi sabablari aniqlanadi, mo‘ljaldagi nashr turiga qarab yo ilmiy apparatda aks ettiriladi yoki matnga tuzatish kiritiladi;
  • matnning o‘qilishi qiyin, buzilgan tushunarsiz joylarini matnshunos ko‘p jihatdan kontekstga suyangan holda asarning umumiy mazmunidan kelib chiqib, hissiy idrokni ishga solib tuzatishiga to‘g‘ri keladi (konʼektura).

Nihoyat, matn tarixi uchun yig‘ilgan barcha maʼlumotlarga asoslanib, matnni bir boshdan tiklashga kirishiladi. Tayyor bo‘lgan matn ilmiy yoki ommabop tarzda chop etiladi. Matn tarixi haqidagi maʼlumotlardan esa arxeografik kirish, matn tanqidi (matniy tafovutlar yuzasidan tadqiqot, matnshunoslik tahlili) yuzaga keladi. Bu ishlarni amalga oshirishda biror band, imkoni bo‘laturib, chetlab o‘tilmasligi kerak. Aks holda matn „kemtik“ bo‘lib qoladi. Matnni to‘g‘ri o‘qiy olishning asosiy sharti-davr tilini yaxshi bilishdir. Buning uchun davrning fonetik, morfologik va sintaktik mezonlaridan xabardor bo‘lishimiz kerak bo‘ladi. O‘qish jarayonida davr adabiy uslubi, tarixiy atamalari va h.k.larga ehtiyoj seziladi. Adabiyot tarixi va uning tarixiy masalalariga oid bilimlar majmuasining keng va chuqurligi tayyorlanayotgan matnning ilmiy saviyasiga tasir qiladigan asosiy omillardan hisoblanadi. Matnshunoslik amaliyoti bu prinsiplarning qotib qolgan qoidalar yig‘indisi emasligini, ularga yopishib olmaslik kerakligini ko‘rsatadi. Ish chog‘ida bu prinsiplarga nisbatan istisnoli o‘rinlar chiqa boshlaydi. Bu holda, odatda, o‘z o‘z qoidalarimizni kiritamiz. Chunonchi tayanch nusxa uchun eng qadimiy va eng to‘liq nusxa tanlanishi kerak bo‘lsa, sizdagi bunday nusxa o‘ta nuqsonli. Bunday hollarda uni yordamchi nusxalar qatoriga o‘tkazib, tayanch nusxa uchun keyingi asrlarda ko‘chirilgan boshqa ishonchliroq nusxani tanlaysiz. Yoki: Nashrda matndagi arab tilida berilgan parchalarni arabiy imloda qoldirish, transliteratsiyada berish yoki uni tarjima qilib yuborish ishi ham nashr imkoniyatlariga, matn tuzuvchiga bog‘liq. Arabiy imloda berilgan bo‘lsa ularning maʼnosini sahifa ostidami yoki matn so‘ngidami berilishini ham matnshunos hal qiladi. Bu qoidalarning hammasi nashrning arxeografik kirish (matn tanqidi, yoki so‘z boshi) qismida zikr etilishi kerak.