Taekvondo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Taekvondo sparring matchi.

Taekvondo (koreyscha: 태권도) koreys kurash turi va Janubiy Koreyaning milliy sportidir. 2000 yildan Olimpiya oʻyinlari tarkibiga kiritilgan.

Taekvondo (koreyscha: tae—oyoq, kvon —qoʻl, do—yoʻl, yaʼni oyoq va qoʻllarning qarakat yoʻli) — sport kurashi turi. Bunda erkak va ayollar belgilangan maydonchada oʻz vazn toifalarida (himoya vositalarida) yakkamayakka olishish va maxsus mashklarni bajarish mahoratini namoyish etish borasida yakka va jamoavii tarzda oyoqqoʻllarda zarbalar berish yoki zarba xarakatlarini qayd etish boʻyicha musobaqalashadilar. T.da musobakalar 2 yoʻnalishda — Xalqaro taekvondo federatsiyasi (ITF; 1966-yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat aʼzo) va Jahon taekvondo federatsiyasi (WTF; 1973-yil tuzilgan, 140 dan ortiq mamlakat aʼzo) yoʻnalishlarida tashkil etiladi. T. asli koreys xalqining kurash turi hisoblanadi. Miloddan 600 y. ilgari koreislar jang qilish va himoyalanish vositasi sifatida uning usullarini qoʻllaganlar. T.ning rivojlanishida subak, xvaran va boshqa kurash yoʻnalishlari muhim rol oʻynadi.

Taekvondoning ITF yoʻnalishiga 1955-yil KXDRda asos solingan. Bu yoʻnalishda sportchilarning boshga tepishi, beldan pastga zarba berish, umuman, tananing ruxsat etilgan qismiga ham oyoq bilan toʻliq zarba berish taqiqlangan. Shuningdek, qoʻl bilan ham kuchli zarba berishga ruxsat etilmaydi. Musobaqalar (5 ta vazn toifasida) 2 boʻlimda (har boʻlim 2 min.dan, tanaffus — 1 min.) davom etadi. Anik, zarbalarga ochko beriladi. Maxsus mashklarni bajarishga maʼlum vaqt ajratiladi va ijro texnikasi baholandi.

Taekvondoning WTF yoʻnalishiga 1961-yil Koreya Respublikasida asos solingan. 2000-yil taekvondo (WTF) Sidney olimpiadasi dasturidan oʻrin oldi. Taekvondo (WTF) sportchilarning qoʻloyoqlarda tananing beldan yuqori, old qismiga zarbalar berishiga ruxsat etadi. Musobakalar (8 vazn toifasida) sportchilarning himoya vositalarini kiygan holida tashkil qilinib, 3 boʻlimda (har boʻlim 3 min.dan, tanaffuslar — 1 min. dan) davom etadi. Aniq zarbalarga ochko beriladi. Gʻolib nokaugga yoki ochkolar koʻpligiga qarab aniklanadi.

Oʻzbekistonda taekvondo (ITF) 1989-yildan ommaviylashdi. Oʻsha yili Oʻzbekiston taekvondo (1TF) federatsiyasi tuzildi va ITFra qabul qilindi. Bu federatsiya 2000-yilda Oʻzbekiston taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi nomi bilan qayta roʻyxatdan oʻtdi. Uning viloyatlarda boʻlimlari tuzilgan, 40 dan ziyod taekvondo (1TF) klublari faoliyat koʻrsatadi. 200 dan ortiq murabbiy 50 mingdan koʻproq T.chi bilan shugʻullanmoqsa (2004). OʻzRda taekvondo (ITF) musobaqalari muntazam oʻtkaziladi va oʻzbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda ham ishtirok etishadi. Poʻlat Usmonov, Valeriy Pak, Viktor Nikolayev va boshqa taekvondo (1TF) ning Oʻzbekistondagi dastlabki targʻibotchilari boʻlishgan. Endilikda ular yetakchiligida Botir Mamedov, Dmitriy Nim, Nasriddin Tolipov, Shahnoza Shuqratjonova, Aleftina Kim, Moisey Nogay kabi oʻnlab sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda sovrindorlar qatoridan oʻrin Olishdi. Taekvondo (WTF) Oʻzbekistonda 1990-yildan ommaviylashdi va oʻsha yili respublika taekvondo (WTF) federatsiyasiga asos solindi. Bu federatsiya 1992-yilda Oʻzbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi nomi bilan kayta roʻyxatdan oʻtdi va 1993-yilda WTFra aʼzo boʻldi. Uning viloyatlarda boʻlimlari bor, 10 ta shahar taekvondo (WTF) klubi, tumanlardagi toʻgaraklarida 200 ga yakin murabbiy 17 mingdan ziyod T.chi bilan mashgʻulot olib boryapti (2004). Oʻzbekistonda taekvondo (WTF) musobakalari muntazam oʻtkazilyapti va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ham qatnashyapti. Olek Pak, Adik Li, Aleksey Kan va boshqa taekvondo (WTF) ning yurtimizdagi dastlabki targʻibotchilari boʻlishgan. Yevgeniy Xan, Eduard Xegay, Ravshan Toshpoʻlatov, Umid Dadaxonov, Sanjar Mansurov, Natalya Mikryukova kabi sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli musobaqalarda medallarni qoʻlga kiritishgan.


Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koreyada yapon ishgʻoli hamda Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan 1945-yildan boshlab Seulda kvonlar deb ataluvchi yangi jang sanʼati maktablari ochiladi. Bu maktablar koreys jang sanʼati ustalari tomonidan yapon hamda xitoy jang sanʼatlari boʻyicha asos solingan. Oʻsha davrda yapon mustamlakachi hukumati qatagʻoni tufayli mahalliy sport turlari (masalan Taekkyeon) umuman unutilgan edi. Odatda taekvondo atamasi 1940-50 yillarda kvonlar tomonidan mashq qilingan jang sanʼati maʼnosini bildiradi, biroq u davrda taekvondo atamasi ishlab chiqilmagan va har bir kvon (maktab) oʻziga xos jang qilish uslubini mashq qilar edi.

1952-yil Janubiy Koreya prezidenti Sinman Ri Koreya Respublikasi armiyasining 29-piyodalar diviziyasi zobitlari Choy Hong-hi hamda Nam Tay-hilar tomonidan namoyish etilgan jang sanʼati guvohi boʻladi. U namoyish qilinayotgan texnikani Taekkyeon deb notoʻgʻri tushunadi va bu jang sanʼatini armiyaga yagona tizim ostida joriy etishga undaydi. 1955-yildan boshlab kvonlar rahbarlari Koreyaning yagona jang sanʼatini yaratish imkoniyatlarini jiddiy muhokama qila boshladilar. Oʻshangacha Tang Soo Do yaponcha kanji (唐手道) ning koreyscha hanja talaffuzidan foydalanib, koreys karatesi nomini berish uchun ishlatilgan. Tae Soo Do nomi (跆手道) ham koreys jang sanʼatini birlashtirilgan uslubini tasvirlash uchun ishlatilgan. Bu nom hanjadagi 跆 tae „yanchmoq, oyoq osti qilmoq“, 手 su „qoʻl“ va 道 do „yoʻl, tartib“ soʻzlaridan tashkil topgan.

Choy Hong Hi su „qoʻl“ soʻzini 拳 kwon „musht“ soʻzi bilan almashtirib Tae Kwon Do nomidan foydalanishni qoʻllab-quvvatladi. Bu nom, prezidentning fikriga koʻra, Taekkyeon talaffuziga eng yaqin boʻlgan. Yangi nom kvonlar yetakchilari orasida juda sekin tarqaldi. Bu vaqt ichida taekvondo Janubiy Koreya harbiylari tomonidan foydalanish uchun qabul qilindi, bu esa fuqarolik jang sanʼatlari maktablari orasida mashhurligini oshirdi

1959-yilda koreys jang sanʼatlarini birlashtirishga yordam berish uchun Koreya taekvondo assotsiatsiyasi yoki KTA (oʻsha paytdagi Koreya Tang Soo Do assotsiatsiyasi) tashkil etildi. Oh Do kvoni (maktabi)dan chiqqan general Choy KTAning boshqa aʼzo kvonlaridan oʻzining Chan Hon uslubidagi taekvondosini birlashtirilgan uslub sifatida qabul qilishlarini xohlardi. Biroq, bu qarshilikka uchradi, chunki boshqa kvonlar faqat bitta kvonning uslubi emas, balki barcha uslublarning merosi va xususiyatlariga ega boʻlish uchun barcha kvonlarning maʼlumotlari asosida yagona uslub yaratilishini xohlashdi. Bunga javoban, Shimoliy Koreyada taekvondoni oʻrgatish va butun Koreya yarim orolini birlashtirish borasidagi kelishmovchiliklar bilan bir qatorda, Choy 1966-yilda KTAdan ajralib, Kanadada oʻz taekvondo uslubini institutlashtiradigan alohida boshqaruv organi — Xalqaro taekvondo federatsiyasiga (ITF — International Taekwon-Do Federation) asos soldi.

Dastlab, General Choy bilan yaqin aloqalarga ega Janubiy Koreya prezidenti General Choyning ITFga cheklangan yordam koʻrsatdi. Biroq, Janubiy Koreya hukumati jang sanʼatida Shimoliy Koreya taʼsiridan qochishni istardi. Aksincha, ITF prezidenti Choy Hong Hi oʻz taekvondo uslubi uchun har tarafdan, shu jumladan Shimoliy Koreyadan ham qoʻllov boʻlishini xohlardi. Bunga javoban, 1972-yilda Janubiy Koreya ITFni qoʻllab-quvvlashdan voz kechdi. ITF alohida federatsiya sifatida ishlashda davom etdi, keyinroq qarorgohini Kanadadagi Torontoga koʻchirdi. General Choy ITF uslubini rivojlantirishda davom etdi, xususan 1983-yilda Taekvondo ensiklopediyasini chop ettirdi. Choy nafaqaga chiqqanidan soʻng, ITF 2001-yilda boʻlinib, keyin 2002-yilda yana uchta alohida federatsiya tuzdi va ularning har biri shu nom ostida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

1972-yilda KTA va Janubiy Koreya hukumatining Madaniyat, sport va turizm vazirligi taekvondo uchun milliy akademiya sifatida Kukkivonga asos soldi. 1972-yilda KTA va Janubiy Koreya hukumati Madaniyat, sport va turizm vazirligi Kukkiwonni taekvondoning yangi milliy akademiyasi sifatida tashkil etishdi. Hozirda Kukkivon hukumat tomonidan taekvondoning birlashtirilgan uslubini belgilash nuqtai nazaridan KTA ilgari amalga oshirgan koʻp funktsiyalarni bajaradi. 1973-yilda KTA va Kukkivon Jahon taekvondo federatsiyasini (WTF — World Taekwondo Federation, 2017-yilda Jahon taekvondosi (WT) sifatida qayta nomlandi) tashkil etishni qoʻllab-quvvatladi. WT musobaqalarida kukkivon uslubidagi taekvondo ishlatiladi. Shu sababli, Kukkivon uslubidagi taekvondo odatda WT uslubidagi taekvondo, sport uslubidagi taekvondo yoki Olimpiya uslubidagi taekvondo deb ataladi, lekin aslida uslub WT emas, balki Kukkivon tomonidan belgilanadi.

2021-yildan beri taekvondo Olimpiya oʻyinlariga kiritilgan uchta Osiyo jang sanʼatlaridan biri (qolgan ikkitasi dzyudo va karate) hisoblanadi. Bu 1988-yil Seulda boʻlib oʻtgan Olimpiadada namoyish tadbiri sifatida boshlandi, oradan bir yil oʻtib, Pan Amerika oʻyinlarida medalli musobaqa koʻrinishida tashkillashtirildi va ​​2000-yilda Sidneyda boʻlib oʻtgan Olimpiada oʻyinlarida rasmiy medallar musobaqasi boʻldi. 2010-yilda taekvondo Hamdoʻstlik oʻyinlari sport turi sifatida qabul qilindi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]