Kontent qismiga oʻtish

Surxon vohasida o‘tov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Surxon vohasida o‘tov[tahrir | manbasini tahrirlash]

Surxon vohasida o‘tovning uvuqlari tol novdasidan yasalib, Xo‘jamulki, Obodon, To‘la, Chaqar qishloqlarida o‘n qarichdan o‘n to‘rt qarichgacha bo‘lsa, Ipoq, Qumpaykal, Qorluq, Chep qishloqlarida sakkiz to‘qqiz qarich uzunlikni tashkil etib, diametri qo‘l o‘rta barmog‘ining bir yarim — ikki bo‘g‘in uzunligini tashkil etgan. Uvuqning egilgan joyi keraga chinoq (quloq)lariga mahkamlangan, uvuqlarning soni uyning necha boshli bo‘lishligiga bog‘liq bo‘lib, qora uy 52 boshli bo‘lsa, uvuq 52 ta yoki 74 boshli bo‘lsa uvuq ham 74 ta bo‘lgan. Albatta, yetim uvuqlar bunga kirmagan, yetim uvuq deb ustki bo‘sag‘aga, yaʼni eshik ustiga o‘rnatiladigan beshta uvuqqa aytilgan. Chunki, yetim uvuqlarning egilgan joyi qisqarok bo‘lib, bir qarichdan oshmagan, uchi esa chang‘aroq teshiklarga kiritilgan. O‘tovning chang‘arog‘i toldan doira shaklida egib qilinib, uning aylanasi 8 — 9 qarichni, qalinligi esa bir qarichni tashkil etgan, bu qasqoq deb atalgan. Chang‘aroq qasqog‘ining ustki qismiga toldan tayyorlangan tayoqlar gumbaz shaklida egilib chang‘aroq teparog‘idan o‘yilgan birinchi qator teshiklariga tiqilgan. Tayoqlar xoch shaklida kesishib, o‘rta qismi esa tuya yoki ho‘kiz ko‘ni (terisi)dan tayyorlangan tasma bilan bog‘langan. Chang‘aroqning asosi bo‘ylab „chang‘aroq, solma“ deb nomlangan qizil ip — bov aylantirib tutilgan. Surxon vohasida o‘tov suyagini ko‘tarishda, yaʼni tikka qilishda ikkita uvuqni echki shoxiga o‘xshatib, egilgan joylari bir-biriga qarama-qarshi holatda bog‘lab, chang‘aroq shuning yordamida balandlikka ko‘tarilgan hamda uch yoki to‘rtta ayol uvuqlarni chang‘aroqning pastki qator teshiklariga kiritib, pastki qismini keraga chinoq (quloq)lariga mustahkamlab bog‘lagan. Uvuqlar chang‘aroq teshiklariga kiritilib bo‘lgandan keyin eni 2 — 2,5 bo‘g‘in uzunlikda bo‘lgan, jundan guldor qilib to‘qilgan tizmalar bilan mustahkamlangan. Uvuqlarning egilgan joyidan, yaʼni tizmaning tagidan qur uyning butun aylanasiga tutilgan. Qur jundan guldor qilib to‘qilib, eni 1,5 — 2 qarich uzunlikda bo‘lgan. O‘tovning ichini chiroyli qip-qizil tusda ko‘rsatib turish uchun bir qarich enlikda qizil gulli qilib, jundan to‘rlab, sachoqlari qubbali qilib to‘qilgan guldurovuq qurning tagidan tugilgan. O‘tovning ustki qismi kigiz (namat)dan tayyorlangan ikkita uzuk hamda to‘rtta to‘rlik bilan yopilgan, bunda ikkita uzuk bilan uyning ustki qismini chang‘aroq bo‘lgan joyini yopishgan. Uzukning yuqori qismi chang‘aroqqa moslab aylana holatda kesilgan, oldingi 6 — 8 ta po‘pakli qizil bov bilan orqa tomonga tortilgan. 8 — 10 ta bov bilan esa orqa uzukda uyning oldingi qismiga qarata uvuqlar ustidan tortiladi hamda oldini uzukning ustki qismidan bir-biri bilan kesishgan holatda uyning beldoviga bog‘langan. Uzuk oq bovi bir qarich enlikda bo‘lgan, shuningdek, eni yarim qarich bo‘lgan, 38 tadan 64 tagacha oq tag‘obchilari bo‘lgan. Bu tag‘obchilar pastga tortib olib kelinib, ola beldovga mahkamlangan, tag‘obchilar uyning chiroyli va oq bo‘lib ko‘rinishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. To‘rtta to‘rlik o‘tovning to‘rtta jafsari (qanoti)ga yopilgan hamda uzuklar tagiga to‘rliqlarning tepa qismi kiritilgan, keraganing pastki qismigacha to‘rliqlar yopib turgan. Yozning issiq kunlarida to‘rliqlar beldovga turib qo‘yilib, salqin bo‘lishi uchun chiylar ochib qo‘yilgan. O‘tovda yorug‘lik tushishi, havo almashishi, sandal, o‘choqlarning tutunlari chiqishi kabi masalalar uchun qora uy chang‘arog‘ining tuynugi bo‘lib, tuynuk kigiz (namat)dan qilingan. Tuynukning to‘rtta uch quloq uzunlikdagi tuynuk bov (arqon)lari bo‘lib, uyning to‘rt tomonidan pastga tushib turgan, tuynukni ochib yopishlda bu tuynuk bovlardan foydalanilgan. O‘tovning eshigi narvon shaklidagi ikki qanotli „erganak“ bo‘lib, erganak ustidan uch quloch uzunlikdagi maxsus chiy hamda chiy ustidan kigiz (namat) qoplangan eshik yopqich tayyorlangan. Eshik yopqichning tepa qismi uzukka birlashtirilgan bo‘lib, issiq vaqtlarda tepaga buklanib qaytarilgan holda ko‘tarib qo‘yilgan, sovuq vaqtlardagina tushirilib, uyning og‘zi berkitilgan. Yomg‘ir yoqqanda tashqaridan ichkariga suv kirib ketmasligi uchun uyning tashqi atrofidan „g‘o‘r“, yaʼni ariqcha qazilgan. Shuningdek, o‘tovning „oshirma“ arqonlari bo‘lib, oshirma arqonlari chang‘aroq, ustidan oshirilgan va ikki tomoniga qoqilgan qoziqlarga bog‘lab, dovul va shamol bo‘lganda qo‘zg‘almasligi uchun mustahkamlangan. Surxon vohasida o‘tovlarning katta, kichik, baland bo‘lishi, bezaklarning turli xilda chiroyli bo‘lishi uy egasining iqtisodiy jihatdan baquvvatligidan kelib chiqib, ularning uylari ikki ustma-ust keraga, yaʼni qo‘sh qanotli bo‘lgan . Surxon vohasiniig Qumpaykal, Qorluq, Jobu, Jaloyir, Oqqapchig‘ay, Xo‘jamulki, Shaldiroq, Obodon, To‘da, Xomkon, Besherkak, Munchoq kabi qishloqlarida o‘tovlarning eshigini janubga qaratib qurganlar. Chunki quyosh chiqqandan botgunga qadar uyning ichiga quyosh nuri (ayniqsa, kuz va qish fasllarida) tushib turishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari sharq — kun chiqish va g‘arb — kun botishi tomondan esadigan izg‘irinli shamollar va yog‘ingarchilik hisobga olingan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]