Kontent qismiga oʻtish

Sofer

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sofer (1762—1839) — Ortodoksal yahudiylik rahnamosi, mashhur ravvin va galaxa olimi Xatam Sofer. U Drejnis va Mattersdrof shaharlarida ravvin sifatida faoliyat yuritgan. 1806-yilda Presburg shahri ravviniga aylangan va umrining oxiriga qadar ushbu vazifada qolgan. Oʻsha vaqtda Presburg Vengriyaning eng muhim yahudiy jamoalaridan biri joylashgan shahri hisoblangan. Sofer yetuk olim, rahnamo va yuksak axloqiy sifatlar egasi boʻlganligi sababli ushbu vazifaga loyiq deb topilgan. U Presburg shahrida mashhur va yirik iyeshivaga asos solgan bo‘lib, mazkur iyeshiva keyinchalik yahudiylikdagi islohotchilik harakatiga qarshi kurashgan ortodoksal yahudiylik tarafdorlari yig‘ilgan markaz sifatida eʼtirof etilgan. Xatam Sofer islohotchilarga qarshi kurashda o‘zi ishlab chiqqan strategik rejaga asoslangan. Ushbu rejada taʼlim va jamoat institutlari ahamiyatini oshirish, Soferning iqtidorli shogirdlarini ravvin vazifalariga tayinlash, ravvin obro‘ eʼtiborini yuksaltirish va hukumat ishonchini qozonish kabi muhim masalalar ko‘zda tutilgan. Islohotchilarga qarshi o‘z kurashida Sofer targʻibot va tashqivot usullaridan mohirlik bilan foydalana olgan. Sofer yahudiylar hayot tarzining mukammalligiga ishonganligi uchun islohotlar o‘tkazishga qatʼiy qarshilik bildirgan. Sofer Shulxan arux buyruqlariga to‘liq bo‘ysunish ortodoksal yahudiylikning asosiy taʼlimoti bo‘lib hisoblangan bir davrda Shulxan arux yakuniy va asosiy qonunlar to‘plami sifatida eʼtirof etilishi yoki etilmasligi borasidagi bahs va munozaralarga barham bergan. Oʻzining murosasiz qarashlari natijasida Xatam Sofer 1817-21 yillarda Berlin, Gamburg va Venada o‘z nufuzlarini oshirishga harakat qilayotgan islohotchilarning g‘oyalariga qarshilik ko‘rsatish maqsadida birlashgan Yevropa ravvinlarining rahnamosiga aylangan. Soferning aksariyat asarlari uning o‘limidan so‘ng nashr qilingan bo‘lib, ular ortodoksal yahudiylik konsepsiyasining tarqalishi va yoyilishiga olib kelgan. Uning ilmiy merosi 2 jildli „Nasihatlar“, novellalar, Toraga yozilgan sharxlar, xatlar, sheʼrlar va kundaliklarni o‘z ichiga oladi. Soferning farzandlari ikkinchi turmushidan tug‘ilgan bo‘lib, ular keyinchalik mashhur ravvinlar oilasiga asos solgan. Sofer iyeshiva rahnamoligi vazifasiga o‘zidan keyin toʻng‘ich o‘g‘li Avraxam Shmuel Benyamin tayinlanishi haqida vasiyat qilgan. Sofer vafotidan so‘ng Avraxamning yoshi 24 da bo‘lishiga qaramay, Presburgdagi yahudiy jamoasi uni o‘zlariga ravvin qilib tayinlagan. Shu davrdan boshlab Presburg jamoasiga rahnamolik qilish vazifasi Xatam Sofer avlodlariga topshirilgan. Uning ikkinchi o‘g‘liShim’on esa Krakov shahriga ravvin qilib tayinlangan. Sofer, uning o‘g‘illari va shogirdlari yahudiylarning XIX asrda Isroil hududiga ko‘chib kirishida faol ishtirok etishgan. Yahudiylikdagi islohotchilik harakatiga qarshi kurashda Sofer yahudiylarning milliy tuyg‘usiga tayangan. U ivrit tilining keng tarqalishi va yahudiylarning Isroil davlati hududiga kelib joylashishlari tarafdori bo‘lgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 349.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.