Siydik–tanosil aʼzolarining spetsifik yallig‘lanish kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Siydik–tanosil aʼzolarining spetsifik yalligʻlanish kasalligi
Fayl:250px
Trixomonoz
KXK-10 A 59[1]

Silning oʻpkadan tashqari turlari orasida buyraklar siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolarining zararlanishi birinchi oʻrinda turadi. Oʻpka silini davolashda erishilgan yutuqlar bilan parallel ravishda siydik – tanosil sili bilan kasallangan bemorlar soni kamaydi, lekin soʻnggi yillarda buyraklar, erkaklar jinsiy aʼzolari sili bilan kasallangan bemorlar soni yana oshganligi aniqlanmoqda. Buyraklar siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolari sili mustaqil kasallik boʻlmasdan faqat umumiy sil kasalligining mahalliy namoyon boʻlishi deb qabul qilingan. Buyraklar, siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolarining sil bilan zararlanishi oʻtkir va surunkali boʻlishi mumkin. Oʻtkir turi miliar sildan iborat boʻladi va odatda, oʻziga xos klinik koʻrinishga ega emas. Tashxis gematogen disseminatsiyalangan sildan oʻlgan odamni autopsiya qilganda aniqlanadi. Klinik amaliyotda koʻpincha siydik – tanosil aʼzolari silining surunkali turi uchraydi, u oʻziga xos klinik koʻrinishga ega va mustaqil nazologik shakli hisoblanadi. Bolalarda silning oʻpkadan tashqari shakllaridan suyak – boʻgʻim tizimining zararlanishi siydik – tanosil aʼzolariga qaraganda koʻp uchraydi.

Buyrak va siydik yo'llari sili[tahrir | manbasini tahrirlash]

Silning oʻpkadan tashqari turlari orasida buyraklar siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolarining zararlanishi birinchi oʻrinda turadi. Oʻpka silini davolashda erishilgan yutuqlar bilan parallel ravishda siydik – tanosil sili bilan kasallangan bemorlar soni kamaydi, lekin soʻnggi yillarda buyraklar, erkaklar jinsiy aʼzolari sili bilan kasallangan bemorlar soni yana oshganligi aniqlanmoqda[2].

Buyraklar siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolari sili mustaqil kasallik boʻlmasdan faqat umumiy sil kasalligining mahalliy namoyon boʻlishi deb qabul qilingan. Buyraklar, siydik yoʻllari va erkaklar jinsiy aʼzolarining sil bilan zararlanishi oʻtkir va surunkali boʻlishi mumkin. Oʻtkir turi miliar sildan iborat boʻladi va odatda, oʻziga xos klinik koʻrinishga ega emas. Tashxis gematogen disseminatsiyalangan sildan oʻlgan odamni autopsiya qilganda aniqlanadi. Klinik amaliyotda koʻpincha siydik – tanosil aʼzolari silining surunkali turi uchraydi, u oʻziga xos klinik koʻrinishga ega va mustaqil nazologik shakli hisoblanadi. Bolalarda silning oʻpkadan tashqari shakllaridan suyak – boʻgʻim tizimining zararlanishi siydik – tanosil aʼzolariga qaraganda koʻp uchraydi.


Patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siydik – tanosil aʼzolari tizimining sili sil qoʻzgʻatuvchisining birlamchi va ikkilamchi gematogen disseminatsiyasi natijasida paydo boʻladi. Kirish darvozasi va birlamchi oʻchoq koʻpincha oʻpkada joylashadi. Sil mikobakteriyasi qon oqimi bilan ikkala buyrakning poʻstloq qavatiga tushadi, bunda silning kichkina oʻchoqchalari hosil boʻladi. Koʻp hollarda organizmning qarshiligi yaxshi boʻlganda ular soʻrilib ketadi. Lekin baʼzan u yoki bu noqulay umumiy va mahalliy omillar taʼsirida buyraklarning poʻstloq qavatidagi sil oʻchoqlari toʻliq bitib ketmaydi, ular tinchlangan holatda (uxlayotgan infeksiya) qoladi, yoki avj oladi. Buyrakda jarayonning keyingi rivojlanishi koʻpincha bir tomonlama boʻladi. Klinik amaliyotda buyraklarning bilateral sili faqat 30% bemorlarda uchraydi. Silni koʻproq faqat bitta buyrakda rivojlanishining sababi, mahalliy omillar – gemo va urodinamikaning buzilishi boʻladi. Shunday qilib, buyraklar sili patogenetik nuqtai nazardan ikki tomonlama boʻlishiga qaramay, boshida koʻpincha klinik tomondan bir tomonlama roʻy beradi. Mikobakteriyaning kirish paytidan buyraklar silining klinik belgilari paydo boʻlgungacha oʻrtacha 8 yil oʻtadi. Sil qoʻzgʻatuvchisining boshqa kamroq kirish yoʻli – bodomsimon bezlar, limfa tizimi, meʼda–ichak yoʻli orqali boʻladi.

Patologik anatomyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Silning birlamchi oʻchoqi koʻproq buyrakning poʻstloq qavatida joylashadi. Ular oq sariq rangda, har xil kattalikda boʻlib, epiteliod, gigant va limfoid hujayralardan iborat boʻlgan spetsifik granulyatsiya bilan oʻralgan kazeoz nekroz joylardan tashkil topadi. Keyinchalik kasallik avj olganda patologik jarayon buyrak parenximasining yangi joylariga oʻtib oʻchoqlar oʻzaro qoʻshiladi. Jarayon buyrakning poʻstloq qavatidan miya qavatiga oʻtadi va silning destruktiv papilliti paydo boʻladi. Sil jarayoni buyrak parenximasidan tashqariga chiqib, jom devorini zararlaydi, keyin esa siydik nayiga va qovuqqa tarqaladi. Buyrak soʻrgʻichi va kosachalar gumbazi soxasida yoki miya moddasining chuqurida davom etayotgan destruktiv jarayon buyrak toʻqimasining suzmasimon(kazeoz) erishi rivojlanishiga olib boradi. Patologik boʻshliqlar – kavernalar vujudga keladi. Buyrakda ular alohida yoki kosacha jom tizimi bilan bogʻlangan boʻladi. Kavernalar qisman bitganda perifokal yalligʻlanish oʻzgarishlarining soʻrilishi kuzatiladi, jarayon fibroz–kavernozli boʻladi, kazeoz oʻchoqlarning kalsifikatsiyalanishi (ohaklanishi) roʻy berishi mumkin. Buyrak sili yomon kechganda parenxima keyinchalik yemiriladi: kavernalar kattalashadi, yaqinlashadi va bir–biri bilan qoʻshiladi. Jom – siydik nayi segmenti, siydik nayining paydo boʻlayotgan torayishi, siydik – tosh kasalligining qoʻshilishi bunga yordam beradi. Buyrakning koʻp kavernali sili, silli pionefroz buyrak zararlanishining terminal bosqichi boʻladi (bu oʻrtacha 3 yil ichida rivojlanadi). Siydik yoʻllaridagi morfologik oʻzgarish xuddi shunday infiltratsiya, destruksiya, sklerozlanish bosqichlarini bosib oʻtadi. Shilliq qavat yuzasida koʻzga koʻrinadigan oqargan, giperemiya toji bilan oʻralgan boʻrtmachalar paydo boʻladi. Keyinchalik ular birlashadi, shilliq qavat nekrozga uchraydi, yaralar paydo boʻladi. Jarayon yaxshi kechganda oʻzgargan toʻqimalar chandiqlanadi, lekin siydik yoʻllari uchun bu jarayon ham maʼqul emas, chunki siydik nayining torayishi (koʻpincha uning pastki uchdan birida, yukstavezikal qismida) paydo boʻladi, qovuq bujmayib qolib ureterogidronefroz rivojlanadi. Buyrak sili patomorfologik koʻrinishining spetsifik elementi yalligʻlanish oʻchoqlarining ohaklanishi boʻladi. Kazeoz erigan oʻchoqlarning oʻlik holga aylanishi roʻy beradi, buyrakda yagona yoki koʻplab petrifikatlar paydo boʻladi, ohaklanish kamroq butun buyrakni egallaydi. Sil oʻchoqining ohaklanishi uning sanatsiya boʻlganligini bildirmaydi, chunki petrifikat tubida tirik saqlangan sil mikobakteriyalari boʻlishi mumkin.

Tasnifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyraklar silining koʻplab tasnifi taklif etilgan. Buyrak silining rivojlanish jarayoni parenximaning zararlanish hajmi va chuqurligiga qarab, boshlangʻich infiltrativ oʻzgarishlardan buyrakni koʻp kavernali siligacha, silli pionefrozgacha bosqichlarga boʻlinganligi amaliy shifokorlar – urologlar uchun eng qulay tasnif boʻladi[3].

I bosqich – buyrakni nodestruktiv (infiltrativ) sili;

II bosqich – boshlangʻich destruksiya – papillit yoki bitta kichkina (diametri 1 sm dan katta emas) kaverna;

III bosqich – chegaralangan destruksiya – katta oʻlchamdagi kaverna yoki buyrakning segmentlaridan bittasida koʻp kavernali sil;

IV bosqich – yalpi (total) yoki qisman destruksiya (ikkita segmentning koʻp kavernali sili, silli pionefroz, buyrakning oʻlik holga aylanishi).

Simptomlar va klinik kechishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyraklar, siydik yoʻllari silining oʻziga xos klinik belgilari boʻlmaydi. Kasallikning klinik koʻrinishi zararlanishning hajmiga va jarayonning bosqichiga bogʻliq. Kasallikning boshlangʻich bosqichlarida u klinik tomondan simptomlarsiz kechishi mumkin. Buyraklarda destruktiv oʻzgarishlar rivojlanganda kosacha – jom tizimsida retensiyali oʻzgarishlar – bel soxasida simillovchi ogʻriq, surunkali zaharlanish simptomlari: holsizlik, tez charchash, subfebrilitet, ozish kuzatiladi. Patologik jarayon siydik yoʻllariga va qovuqqa tarqalganda kasallik sistitning klinik koʻrinishiga oʻxshashi mumkin. Nospetsifik antibakterial terapiya yaxshi taʼsir qilmaydigan, tez – tez qaytalovchi dizuriya epizodlari siydik yoʻllari sili boʻlishi mukinligi toʻgʻrisidagi fikrga olib kelishi kerak. Bir qator hollarda buyraklar sili boshqa biror – bir simptomlar bilan kuzatilmaydigan gematuriya bilan namoyon boʻlishi mumkin. Bolalarda kasallikning umumiy simptomlari (oʻzini yomon his qilish, injiqlik, ishtahaning pasayishi, subfebrilitet) ustunlik qiladi. Bolalar koʻpincha qorin sohasini koʻrsatib, ogʻriqning joylashishini aniq koʻrsata olmaydi. Aytilganlardan koʻrinadiki, buyraklar sili oʻziga xos klinik koʻrinishga ega emas va har xil klinik “niqoblar”: surunkali piyelonefrit, surunkali sistit, buyrak va qovuq oʻsmasi, bel – dumgʻaza radikuliti va boshqalar bilan kechishi mumkin. Shu sababli laborator, rentgenologik va endoskopik tekshirish usullari katta klinik ahamiyatga ega boʻladi.

Buyrak sili va uning mexanizmi

Tashxislash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemorni klinik tekshirish shikoyatlari va anamnezini aniqlashdan boshlanadi. Buyrak sili boʻlgan bemorning shikoyatlari unchalik aniq boʻlmaydi, anamnezi esa xos boʻladi. Oʻpka, limfa bezlari, suyaklar va boʻgʻimlar sili, ekssudativ plevritni boshdan kechirish buyrak siliga shubxa qilishni ancha darajada mustahkamlaydi. Sil boʻlgan bemor bilan uzoq muddat kontaktda boʻlganlikni aniqlash juda muxim. Agar u kontaktda boʻlgan boʻlsa va bemorda sil aniqlansa, unda birinchi bemor qanday davolash olganligini aniqlash maqsadga muvofiqdir, chunki ikkinchi bemorda sil mikobakteriyasi bunday preparatlarga chidamlilikka ega boʻlishligi mumkin. Klinik tekshirishning fizikal usullari buyrak silini, ayniqsa uning dastlabki bosqichlarini aniqlash uchun kam maʼlumot beradi. Bel sohasini tukkillatganda va qovurgʻa ostini chuqur paypaslaganda ogʻriq odatda kuchsiz boʻladi. Silda buyrakning paypaslanishiga faqat kamdan – kam hollarda (siydik nayining sil sababli torayish natijasidagi pionefroz, gidronefrozda) erishiladi. Buyrak silini tashxislash uchun tashqi jinsiy aʼzolar, prostata bezi va urugʻ pufakchalarini paypaslash katta ahamiyatga ega. Ularda oʻziga xos oʻzgarishlarning aniqlanishi buyrak sili borligiga shubhani oydinlashtiradi, chunki u jinsiy aʼzolar sili bilan kasallangan erkaklarning taxminan yarmida kuzatiladi. Buyrak va siydik yoʻllari silining tashxisini tasdiqlashda laborator tekshirishlar katta rol oʻynaydi. Siydik taxlillari katta ahamiyatga ega, ular piuriya, gematuriya, proteinuriyani va patognomik belgi – sil mikobakteriyasini aniqlashga imkon beradi. Leykotsituriya ham sil, ham yoʻldosh piyelonefrit namoyon boʻlganda kuzatilishi mumkin. Leykotsituriya darajasini son jihatdan baholash usullari (Kakovskiy – Addis, Ambyurje, Almeyd – Nechiporenko) aniqroq hisoblanadi, ular siydik choʻkmasining mikroskopiyasida hali patologik oʻzgarishlar aniqlanmaganda qonda va siydikda shaklli elementlarning patologik soni borligini aniqlash imkonini beradi. Buyraklar sili uchun siydik reaksiyasining kislotali boʻlishi xosdir. Buyraklar silida proteinuriya “soxta” boʻladi, yaʼni kalavalar membranasining zararlanishi bilan bogʻliq boʻlmaydi, yalligʻlanish mahsulotlari natijasida siydikda koʻp miqdorda shaklli elementlar yigʻiladi. Buyrak silining ishonchli belgisi bakterioskopiya, bakteriologik tekshirish va biologik sinama yordamida siydikda sil mikobakteriyasining aniqlanishidir. Afsuski, siydikda sil mikobakteriyasini aniqlashning hamma usullari bilan bemorlarda buyrak silini aniqlab boʻlmaydi. Hatto eng sezgir biologik sinama yordamida faqat 70–80 % bemorlarda sil mikobakteriyasini aniqlash mumkin, bu mikobakteriyaning intermittik xarakterdaligi bilan bogʻliq. Shuning uchun tekshirishlarni qayta – qayta oʻtkazish katta ahamiyatga ega. Bakterioskopiyani biror – bir antibakterial terapiya boshlangungacha yoki uni tamomlagandan keyin 10 –12 kun orasida oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Bolalar yoshidagi bemorlar uchun oligobatsillyarlik xos, shuning uchun ularda siydikni har kuni 7–8 marta tekshirish kerak, katta yoshdagi bemorlarda 3–4 marta qilish yetarli. Taʼkidlash kerakki, siydikda mikobakteriyalarni qidirish natijasi manfiy boʻlsa, nefrosilni inkor qilish uchun asos boʻla olmaydi. Buyraklar silini tashxisida tuberkulinli provokatsion sinamalar katta ahamiyatga ega. Ular Koxning teri osti tuberkulinli sinamasining modifikatsiyasidan iborat boʻlib, u bemor organizmiga spetsifik sil antigenini kiritganda sil jarayoni qoʻzgʻalishini provakatsiya qiladi, bu siydik – tanosil silida siydik taxlillaridagi oʻzgarishlarga qarab aniqlanishi mumkin. Leykotsituriya darajasi, proteinuriya koʻpayadi, mikobakteriuriya paydo boʻlishi mumkin[4]. Rentgenologik tekshirish buyrakda patologik jarayonning joylashishini va tarqalganligini aniqlash imkonini beradi. Umumiy rentgenografiyada buyraklar, siydik nayi, prostata bezi proyeksiyasida ohaklanish oʻchoqlarini aniqlash mumkin. Petrifikatlar soyasi buyrakdagi toshlar soyasidan tuzilishi nogomogenligi, notoʻgʻri shakli bilan, kosacha – jom tizimsida emas, parenximaning proyeksiyasida joylashgan– ligi bilan ajralib turadi. Buyrakning funksiyasi yetarli darajada saqlanganda nefrosilning koʻp hollarida ekskretor urografiyada buyrak parenximasi, kosacha – jom tizimsi, siydik nayi, qovuqning aniq tasvirini olish imkonini beradi[5].

Retrograd piyelografiyani buyrak siliga shubha boʻlgan bemorni tekshirganda, shunday hollarda, yaʼni buyrakni funksiyasi anchagina pasayganligi sababli ekskretor urografiya yordamida aniq tasvirni olish imkoni boʻlmaganda qoʻllash kerak. Buyrak funksiyasi keskin pasaygan hollarda, kateterni siydik nayiga uning torayishi sababli retrograd kiritish iloji boʻlmaganda, teri orqali punksiyali antegrad piyelografiya yoʻli bilan buyrak tasvirini olish mumkin[6].

Ekskretor urografiyaning yakunlovchi bosqichi sifatida bemorga pastga tushuvchi sistografiya[7] bajarilishi mumkin. Bu qovuqni spetsifik zararlanishi belgilarini aniqlashga yordam beradi

Qovuqda uzoq muddat mavjud boʻlgan zararlanish qovuq – siydik nayi ogʻizchasini tutashtiruvchi apparatining buzilishiga va oqibatda qovuq– siydik nayi reflyuksiga olib kelishi mumkin. Qovuq – siydik nayi reflyuksini retrograd sistografiya yordamida aniqlasa boʻladi. Buyraklar silida buyrak angiografiyasini oʻtkazish buyrak rezeksiyasi rejalashtirilganda qilinadi. Bunday hollarda angiografiya buyrakni qon bilan taʼminlash tipini, rezeksiya oʻtkazish mumkinligini va uning chegarasini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Morfologik tekshirish usullarining arsenali ultratovush skanerlash va kompyuter tomografiya bilan toʻldiriladi, ular buyraklarning morfologik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotni ularning funksional holatiga bogʻliq boʻlmagan holda, pareximada joylashgan minimal kattalikdagi boʻshliqni hamda uning zichligidagi oʻchoqli oʻzgarishni aniqlaydi.

Buyraklar fuksiyasining vaqtli buzilishlari, buyrak har xil segmentlarining funksional holati toʻgʻrisidagi aniqroq maʼlumotlarni olish uchun radioizotop tashxislash usullari – radioizotop renografiya va dinamik ssintigrafiya qoʻllaniladi. Morfologik usullarning natijalari bilan birgalikda radioizotop tekshirishlarning maʼlumotlari buyrak parenximasining destruksiya darajasini aniq baxolash, jarayonning bosqichini aniqlash va davolash usulini tanlash imkonini beradi.

Buyraklarni ultratovush skanerlash kosacha – jom tizimsining anatomik holati toʻgʻrisida fikrlash, silga yoʻldosh buyraklar toshini, ohaklanish oʻchoqlarini, parenximadagi sklerotik oʻzgarishni, kavernalarni aniqlash imkonini beradi. Taʼkidlash kerakki, ultratovush tekshiruvida tashxislashning ishonchli belgilari aniqlanmaydi va destruksiya oʻchoqlarining faqat exotuzilishi xususiyatlari asosida buyraklar sili tashxisini qoʻyishga imkon bermaydi.

Qovuq shilliq qavatida oʻziga xos silli oʻzgarishlar paydo boʻlganda sistoskopiya muhim tashxislash ahamiyatiga ega boʻladi. Qovuqni silli zararlanishi uchun quyidagi belgilar: qovuqda zararlangan buyrakning siydik nayi ogʻizchasi bilan yonma – yon sil boʻrtmachalari, yaralar, chandiqli tortishmalar, siydik nayi ogʻizchasining ochilib qolishi va deformatsiyasi xos boʻladi. Baʼzan silli yarani oddiy yaradan yoki silda shillik qavatning granulyatsiyali oʻsishini qovuq oʻsmasidan ajratish qiyin boʻladi. Bunday hollarda tashxisni aniqlash uchun qovuq shilliq qavatini biopsiya qilish kerak.

Differensial tashxis[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyrak silini birinchi navbatda surunkali nospetsifik piyelonefrit bilan differensial tashxisi oʻtkaziladi. Dizuriya, gematuriya, “aseptik” piuriya, sistoskopiyada aniqlanadigan belgilar, rentgenologik tekshirish usullari maʼlumotlaridan siydik yoʻllarining destruktiv va stenotik oʻzgarishlari piyelonefritga qaraganda nefrosil uchun koʻproq xarakterli.

Buyrakning silli zararlanishi gidronefrozdan kosacha – jom tizimining notekis kengayishi bilan ajralib turadi. Ogʻriqsiz yalpi gematuriya bilan namoyon boʻluvchi nefrosilni buyrak oʻsmasidan differensiatsiya qilish kerak. Bunga ultratovush skanirlash, kompyuter tomografiya va angiografiya imkon beradi.

Buyraklar silining differensial tashxisida bakteriologik tekshirish asosiy rol oʻynaydi, uning yordamida siydikda sil mikobakteriyasi aniqlanadi.

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Streptomitsinli davrgacha buyrakda sil borligi hatto dastlabki bosqichlarida ham nefrektomiya qilishga koʻrsatma boʻlgan edi. Hozirgi vaqtda konservativ davolash juda yaxshi samara beradi va koʻpchilik bemorlarda aʼzoni saqlab qoluvchi operatsiyani qilish mumkin.

U yoki bu davolash usulini tanlash kasallikning bosqichlari bilan aniqlanadi. Dori–darmonlar bilan davolash hamma bosqichlarda, operativ davolash esa faqat III va IV bosqichlarda qilinadi.

Konservativ davolashning asosiy prinsiplari: 1) har xil guruhdagi dorilarni (izonikotin kislota hosilasi, antibiotiklar, ximiopreparatlar) bir vaqtda qoʻllash; 2) uzoq muddat davolash (kamida 9–12 oy). Hozirgi vaqtda koʻpincha quyidagi preparatlar, (izoniazid, etambutol, protianamid, pirazinamid, mayrin, sikloserin, streptomitsin, rifampitsin va b. ishlatiladi. Siydik – tanosil aʼzolari sili boʻlgan bemorlarni davolash uchun 6–ftorxinolon guruhidagi preparatlar (siprofloksatsin, oflaksatsin, maksakvin va b.) yana ham kengroq qoʻllanilmoqda. Unutmaslik kerakki, koʻpchilik silni toʻxtatuvchi (tuberkulostatik) preparatlar koʻngilsiz nojoʻya taʼsir koʻrsatadi, shuning uchun dorilar dozasi hamda ularni birga qoʻshish va davolashning davomiyligi juda oʻzgaruvchan va birinchi navbatda bemorning individual sezuvchanligiga, buyraklarning funksional holatiga, yoshga va bemorni gavda vazniga bogʻliq.

Silga qarshi preparatlar va ayniqsa streptomitsin taʼsirida kosachalar, jom, siydik nayi, qovuq devorida sil oʻchoqlarining dagʻal chandiqlanishi sodir boʻladi. Gidronefrotik transformatsiyaga olib keluvchi siydik nayining chandiqli torayishiga, buyraklarning funksional holatiga eng koʻp darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bunday asoratning oldini olish uchun oldin buyrak usti bezi poʻstloq qavatining gormonlari, biologik stimulyatorlar (aloe, shishasimon tanacha va b.) fizioterapevtik davolash usullari qoʻllanilgan. Oxirgi yillarda siydik nayining koʻngilsiz chandiqlanishi oldini olish uchun uzoq muddatli silga qarshi davolash vaqtida siydik nayining boʻshligʻiga buyrakdan siydik oqimini yaxshi taʼminlaydigan ichki kateter – stent oʻrnatiladi.

Buyrak va siydik yoʻllari silini dori – darmonlar bilan kompleks davolashdan tashqari, yana muhim davolash omillari: tartibga amal qilish, parhez, sanatoriy – kurortlarda davolash, iqlim bilan davolash ham qoʻllaniladi.

Konservativ davolashning samarasini nazorat qilish uchun, siydikning umumiy taxlili, uni bakteriologik tekshirish, rentgenologik tekshirish (ekskretor urografiya), ultratovush tekshirish muntazam ravishda oʻtkaziladi. Buyraklar va siydik yoʻllari silidan tuzalganligining mezoni 3 yil davomida siydikda oʻzgarishlar, urogramma va sonogrammalarda aniqlanadigan buzilishlarning zoʻrayishi yoʻqligi hisoblanadi.

Silning spetsifik ximioterapiyasi imkoniyatlarining oshishi munosabati bilan buyrak va siydik yoʻllari silini operativ davolashni koʻrsatmalari va bunday davolashning turlari ancha oʻzgardi. Nafaqat aʼzoni olib tashlash, balki aʼzoni saqlab qolish operatsiyalarini qilish mumkin boʻla boshladi, ular oldin streptomitsinli eragacha sil infeksiyasining tarqalishi bilan xavfli boʻlgan. Nefrektomiya oʻrniga buyrak rezeksiyasi, kavernektomiya va kavernotomiya keng qoʻllanila boshladi.

Nefrosilni dori – darmonlar bilan samarali davolash uchun zararlangan buyrakdan siydik passajini yaxshilash zarur. Agar siydik passajini ichki drenajlash yoʻli bilan tiklash imkoni boʻlmasa yoki siydik yoʻllarining sklerotik zararlanish hajmi katta boʻlsa, har xil rekonstruktiv plastik operatsiyalar qilishga toʻgʻri keladi. Siydik nayining bitta chandiqli torayishi boʻlganda zararlangan joyni kesib olib tashlab, siydik nayini oxirini – oxiriga qilib anastamoz qilinadi. Koʻrsatmasi boʻlganda endoskopik operatsiya oʻtkaziladi. Siydik nayining koʻp va uzun torayishlarida uni qisman yoki toʻliq ingichka ichak segmenti bilan almashtirish zaruriyati paydo boʻladi. Sil jarayoni koʻpincha siydik nayining chanoq qismini zararlashi sababli, odatda, ureterotsistoanastomozni bajarishga koʻrsatma boʻladi. Siydik nayining toraygan joyidan qovuqgacha masofa katta boʻlsa, Boari boʻyicha operatsiya qilinadi. Bir qancha hollarda u yoki bu plastik operatsiyalardan oldin operativ davolashning birinchi bosqichi sifatida, buyrakni anatomo–funksional holatini yaxshilash va ximioterapiya samarasini oshirish maqsadida, siydikni siydik nayidan ajratib qoʻyish uchun teri orqali punksiyali nefrostomiya oʻtkaziladi.

Qovuqning sildan keyingi bujmayib qolishida (mikrotsistis) koʻpincha ingichka yoki yoʻgʻon ichak boʻlagidan qovuqni ichak plastikasi qoʻllaniladi. Bu operatsiyalar qovuq hajmining oshishini taʼminlaydi, stranguriyani bartaraf qiladi va buyraklar hamda yuqori siydik yoʻllaridan siydik oqimini yaxshilaydi.

Buyrak silini IV bosqichi aniqlanganda nefrektomiya qilinadi.

Buyrak va siydik yoʻllari sili boʻlgan bemorlarni operatsiyadan keyingi davrda nazorat qilib turishning asosiy xususiyati uzoq muddat (3– 5 yilgacha) bahorda va kuzda 2–3 oylik kurslar bilan spetsifik dori–darmonlar buyurishdan iborat. Tuzalish mezoni xuddi konservativ davolashdagi kabi boʻladi.

Prognoz[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyrak va siydik yoʻllari silining prognozi kasallikning bosqichiga bogʻliq. Dastlabki bosqichlarida buyrak va siydik yoʻllarida dagʻal destruktiv oʻzgarishlar rivojlangungacha oʻtqazilgan konservativ davolash butunlay klinik tuzalishga olib keladi. Yaqqol destruktiv oʻzgarishlar boʻlgan, lekin siydik passaji buzilmagan bemorlarda prognozi nisbatan yaxshi. Kasallikning IV bosqichi va buyrakdan siydik passajini buzadigan, siydik yoʻllarida silli oʻzgarishlar boʻlgan bemorlarda tuzalish prognozi juda yomon. Buyrakni bir tomonlama zararlanishining har qanday bosqichida prognoz yaxshi, ikki tomonlama silning III va IV bosqichida esa prognoz shubhali.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Siegel, R.L., et al. Cancer statistics, 2015. CA Cancer J Clin, 2015.
  • Cutress, M.L., et al. Ureteroscopic and percutaneous management of upper tract urothelial carcinoma (UTUC): systematic review. BJU Int, 2012.
  • Rojas, C.P., et al. Low biopsy volume in ureteroscopy does not affect tumor biopsy grading in upper tract urothelial carcinoma. Urologic oncology, 2013.