Osiyo antitsikloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sibir antitsiklonidan yoʻnaltirildi)

Osiyo antitsikloni, Markaziy Osiyo antitsikloni, Sibir antitsikloni — Osiyo ustidagi yuqori atmosfera taʼsirining mavsumiy markazlaridan biri. Qish oylarining koʻp yillik oʻrtacha haritalarida Osiyo ustida joylashgan yuqori bosimli maydon. Osiyo antitsikloni markazida oʻrtacha bosim 1030 dan past boʻlmaydi. Bu sovigan quruklik ustida antitsiklonlarning tez-tez shakllanishi, ularning kuchayishi va turib qolishining statik natijasidir. Bunga mahalliy topografiya va orografiyaning taʼsiri juda katta. Osiyo antitsikloni uyushgan joyda alohida antitsiklon yoki oʻrkachlarning Tinch okean tomon muttasil harakati kuzatiladi va yuqori bosimli subtropik zona jonlanib turadi. Yezda Osiyo antitsikloni oʻrnini Gʻarbiy Osiyo termik depressiyasi egallaydi. Osiyoning materik qismida Osiyo antitsikloni davrida sovuq (yer yuzasiga yaqin qatlamlarda), sokin, kam bulutli, kam qorli ob-havo xukmronlik qiladi. Eng past temperatura Osiyo antitsiklonining shim.sharqida (Verxoyansk shahrida) kuzatiladi. Bunda temperatura —70° gacha pasayadi, yanvar oyidagi oʻrtacha temperatura —50°dir. Osiyo antitsiklonining pastki qatlamlarida sovuq havoning chiqib ketishiga Sayan, Oltoy va boshqa togʻ tizmalari toʻsqinlik qiladi, shuning uchun Osiyo antitsikloni statsionar turgʻun antitsiklondir. Osiyoning sharqiy chekkalarida, sharq va jan.sharqdan ahyon-ahyonda dengiz havosi bostirib kelishi natijasida antitsiklonning markaziy rayonlariga qaraganda qish issiqroq boʻladi. Osiyo antitsiklonining jan.-gʻarbiy qismi Oʻrta Osiyo hududiga taʼsir qilib, bu yerda turgʻun, ochiq, tinch ob-havoga sabab boʻladi. Yozda Osiyo antitsikloni Osiyo depressiyasiga almashinadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil