Shoh Gʻarib Mirzo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shoh G`arib Mirzodan yoʻnaltirildi)

Shoh gʻarib mirzo (taxallusi Gʻaribiy) (15-asr 2-yarmi, Hirot) — shoir, temuriy shahzodalardan biri. Husayn Boyqaroning oʻgʻli. Zamondoshlari tomonidan oʻz davrining nodir isteʼdodli shoiri sifatida eʼtirof etilgan. Navoiy "Farhod va Shirin" dostonida Sh.Gʻ.M.ga alohida bob ajratib, unga koʻpgina yaxshi nasihatlar qilgan. Keyinchalik vafot etganda ham, uning vafotiga ulugʻ shoir marsiya bagʻishlagan.

SH.Gʻ.M. oʻzbek va fors tillarida ijod qilgan. Uning forscha va oʻzbekcha sheʼrlaridan iborat devonining qoʻlyozma nusxasi Gamburg milliy kutubxonasida saqlanadi (inv. №15). Unda Sh.Gʻ.M.ning forscha 37 gʻazal, 1 qitʼa va 1 muxammasi (umumiy hajmi 557 misra) va oʻzbekcha 76 gʻazal va 4 muxammasi (umumiy hajmi 1210 misra) oʻrin olgan. Uning lirik sheʼrlarida ishq, vasl, hijron, sogʻinch, vafo, jafo, sadoqat, may va bulardan hosil boʻladigan kayfiyatlar, yaʼni quvonch, qaygʻu, saodat, hasrat, maʼshuqaning goʻzalligini taʼriflash kabi mavzular yetakchi oʻrinni egallaydi. U gʻazalnavis boʻlib, uning ijodida 5 muxammas va 1 qitʼadan tashqari, barcha asari gʻazal janrida yozilgan.

Ijodida badiiy lik, yangilik, oʻziga xoslik kuchli. Oʻzbekcha va forscha sheʼrlari nihoyatda ravon til, goʻzal uslubda yaratilgan. Gʻazallarida mavzu va holatni saqlashga uringan. Sheʼrlarida xalqning, xususan, Hirot aholisining urf-odatlari, anʼanalari, tushunchalari, kiyinishlari, turmush tarzi, hatto sport oʻyinlari ham oʻz aksini topgan. Shuningdek, xalq ogʻzaki ijodi ham uning sheʼrlariga, ijodiga muayyan taʼsir oʻtkazgan.

Ijodiga fors va oʻzbek sheʼriyatining mumtoz namoyandalari, ayniqsa, Husayniy, Navoiy va Jomiyning taʼsiri sezilarli. Sheʼr musiqiyligini oshirish uchun musiqali soʻzlarni tanlash, soʻzlarni takrorlash, bir joydan chiqadigan undosh harflarni yonmayon keltirish, har bayt yo har misrani bir soʻz bilan boshlash kabi usullardan foydalangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Devon, T., 2001.

Ad:. Alisher Navoiy, Mukammal asarlari toʻplami [20 j.li], 13-j., T., 1997.

Shafiqa Yorqin, Otabek Joʻraboyev.