Alfred Shnitke
Alfred Garriyevich Shnitke (1934.21.11, Engels shahri 1998.3.8, Gamburg shahri. Moskvada dafn etilgan) — kompozitor, 20-asr musiqa namoyandasi, simfonizmnint yirik ustasi. Rossiyada xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1987). Berlin (1981) va Bavariya (1986) sanʼat akademiyalari. Shvetsiya Qirol akademiyasi (1987), Gamburg akademiyasi (1989) aʼzosi. Moskva konservatoriyasini tugatgan (1958). Moskva (1961-yildan) va Gamburg (1990-yildan) konservatoriyalarida dars bergan. Deyarli barcha musiqa janrlarida ijod qilgan Sh. 3 opera ("Jezualdo", 1993; "Doktor Iogann Faustning tarixi", 1994 va boshqalar), 4 balet ("Sariq tovush", 1974; "Per Gyunt", 1987 va boshqalar). 9 simfoniya (1972—98), orkestr (6 koncherto grosso), yakka (skripka, fortepiano, alt, violonchel va boshqalar) sozlar va orkestr, shuningdek, xor uchun konsertlar, kamer asarlar, kantata ("Rekviyem", 1975 va boshqalar), 30 ga yaqin kinofilm, multfilm, spektakllar uchun musiqa yaratgan. Ijodida mumtoz musiqa anʼanalari bilan eng zamonaviy kompozitsiya texnikasi (atonal musiqa, kollaj va boshqalar)ni uygʻunlashtirib, musiqiy polistilistika uslubiga asos solgan. Asarlari teran falsafiy mazmun, koʻlami keng badiiy obrazlar, taʼsirchan ifodaviy vositalar, keskin dramaturgiyasi bilan ajralib turadi. Rossiya davlat mukofotlari (1986, 1995), Yaponiya va Germaniya (1992) mukofotlari bilan takdirlangan. Moskvadagi Musiqa akademiyasining biriga Shnitke nomi berilgan (1999).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |