Sarukaylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sarukaylar — Pashtun xalq og‘zaki sheʼriyatining murakkab, ko‘ptarmoqli, o‘ziga xos qofiyalanish tizimi va ritmik belgilardan tashkil topganligi bilan xarakterlidir.

Bu sheʼr turi afg‘on qabilalari orasida „sarukay“, „nima kǝy“, „sar“, „ữǝkǝy“, „pom“ kabi nomlarda uchraydi. Lekin ilmiy adabiyotda ko‘proq „sarukay“ yoki „nimakǝy“ nomlari qo‘llaniladi.

Sarukay janrining xususiyatlari, belgilari, uning mavzu doirasi, vujudga kelishi tarixi haqidagi bir-birini qaytaradigan maʼlumotlar, bahsli munozaralar Afg‘oniston va Pokistondagi pashtunlarning folkloriga bag‘ishlangan deyarli barcha tadqiqotlarda uchraydi. Jumladan, sarukaylarning u yoki bu shaklini ritmik va mazmuniy qirralarini tadqiq etishda Afg‘oniston va Pokiston folklorshunoslari: Habibulla Raf’i, Abdulkarim Patang, Alimuhammad Mangal, Muhammad Navoz Toir, Muhammad Olim Atman, Muhammad Orif G‘arvollarning izlanishlari alohida ajralib turadi. Xususan, Do‘st Shinvoray va Orif G‘arvol o‘zlarining pashtun xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini o‘rganishga bag‘ishlangan kitoblarida sarukaylar ning eng muhim shakliy va ritmik belgilari, turlari va bahsli o‘rinlari borasida ham ancha chuqur fikr yuritadilar. Lekin hozirgacha hech bir olim sarukaylar bo‘yicha keng qamrovli, alohida tadqiqot olib bormagan.

1979 yilda xalq orasida yaratilgan sarukaylarning kichik bir to‘plami Kobulda bosilib chiqqan bo‘lsa-da, ammo ularning to‘liq majmuasi hanuz chop etilgani bizga maʼlum emas. Xalq sevib kuylaydigan va lanǎǝylar kabi ommabop bo‘lgan bu sheʼr va qo‘shiq turli folklor asarlarga bag‘ishlangan risolalar, yoki misol sifatida iqtibos qilingan maqolalar orasida bosilib chiqqan. Ana shunday, nisbatan to‘laroq to‘plamlardan biri „Pashtunlar qo‘shiqlari“ majmuasidir. Bu to‘plamga kiritilgan sarukaylarning 200 ga yaqin namunalari, to‘g‘rirog‘i, ularning boshlang‘ich yoki birinchi 2-3 bandi misol sifatida keltiriladi, ammo afsuski, ularda biron-bir sarukay to‘liq shaklga ega emas.

Sarukaylar ikki, uch, to‘rt va baʼzan besh-olti bandlik sheʼr bo‘lib, uning bandlaridagi misralarining soni ikki, uch, to‘rt, beshtagacha borishi mumkin. Lekin uning eng ommaviy turi ikki yo uch misraligidir.

Bu sheʼrning muhim janriy belgilaridan biri uning hamma shaklida ham sar deb ataladigan boshlang‘ich (sarbayt, matlaʼ) misralarga ega bo‘lishi va aynan ushbu sar sarukayning ham shakliy, ham mazmuniy „kayfiyatini“ belgilab berishi maʼlum. Sardan keyin sheʼrning asosiy bandlari boshlanadi.

تا بیا په تورو څڼو کښی ګلان ایښی دی ـ    لیلا په ما داغونه دهجران ایښی دی

څڼی اوږ دې ښی دی که لنډې   ـ    لیلا په ما داغونه دهجران ایښی دی

د لنډ و څڼو سودا ګرراغلی يمه     ـ    تا بیا په تورو څڼو کښی ګلان ایښی دی

لیلا په ما داغونه د هجران اښی دی…

(Qora kokillaringga yana taqding gullar,

Laylo, [boshimga] solding hijron dog‘larin.

Yaxshidur kokilning uzuni ham, kaltasi ham,

Laylo, [boshimga] solding hijron dog‘larin.

Kalta kokillaring savdosiga keldim,

Qora kokillaringga yana taqding gullar,

Laylo, [boshimga] solding hijron dog‘larin…)

Do‘st Muhammad Shinvorayning aytishicha, raqs bilan aytiladigan yoki asl sarukaylarning struktur tuzilishida yana ikki muhim xususiyat bor:

a) o‘zining tuzilishi yoki yozilishida misralar yoki ularning biron-bir bo‘lagi ham takrorlanmaydigan sarukaylar;

b) misralarning to‘liq yoki ularning biror-bir qismi takrorlanadigan sarukaylar.

Ikki misralik sarukaylar aksariyat hollarda teng boʻg‘inlik bo‘ladi. Lekin juda kam hollarda misralarda bo‘g‘inlar soni birida ko‘proq, ikkinchisida kamroq bo‘lishi ham mumkin.

Uch misrali sarukaylarda qofiyalanish tizimi quyidagi variantlarda uchraydi: aab; baa; aba; aaa. Oxirigi aaa variantidagi sarukaylarning soni juda kam bo‘lib, ularda bo‘g‘inlar soni ham misradan misragacha kamayib borish, yaʼni 13+9+5 bo‘g‘inli holatini ham ko‘rish mumkin.

To‘rt misralik sarukaylarda qofiyalanish tizimi va misralardagi bo‘g‘inlar soni rang-barangligi nuqtai nazaridan o‘ziga xos bir necha turdadir. Qofiyalanishi: aaaa; aaba; abab; abba; abbb; aabv yoki umuman to‘rttala misrasi ham bir-biri bilan qofiyadosh bo‘lmagan sarukaylar[1].

  1. Абдураҳим Маннонов Муталович. АФҒОН ХАЛҚ ОҒЗАКИ ИЖОДИЁТИ. Тошкент давлат шарқшунослик университети, 2021.