Santoku

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Santoku pichogʻi

Santoku Сантоку (yaponcha: 三徳包丁 сантоку бо:тё:?) — universal yapon oshxona pichogʻi. Dastlab, goʻshtni kesish uchun qoʻllaniladigan gʻarb (jumladan, fransuz) bosh oshpaz pichogʻining modifikasiyasi sifatida ishlab chiqilgan, keyinchalik uni yapon oshxonasi ehtiyojlariga moslashtirishgan („bosh oshpazning yapon pichogʻi“)[1].

„Santoku“ soʻzma-soʻz tarjima qilinganda „uchta yaxshi narsa“ yoki „uch xil foydalanish“ deb tarjima qilinadi. Bu esa pichoqning kesish, chopish va maydalash uchun qulayligini anglatadi. Santoku oʻlchami goʻsht singari sabzavotlarni ham mayda boʻlaklarga yoki kubchalarga maydalash uchun juda qulaydir.

Santoku tigʻi „qoʻy oyogʻi“ (sheepfoot) deb ataladigan shaklda bir nuqtada tutashuvchi (pichoq dami va tigʻ qirrasi ulangan joy) oʻtkir uchga ega. Aslida, „qoʻy oyogʻi“ning chet qismlari tigʻ qirrasini hosil qiladi. Bunday holatda pichoqning deyarli tekis tigʻi va taxtacha yuzasi orasida yuzasi juda kichik boʻshliq qoladi. Shuning uchun ham Santoku tigʻi juda oʻtkirlansa, uni tebratish orqali mahsulotni kesishda kam samara beradi. Santoku koʻproq bitta, yaʼni past tomonga yoʻnaltirilgan kesish harakatlariga hamda taxtacha yuzasiga tigʻ bilan ravon bosish uchun moʻljallangan.

Santoku koʻpgina oshpaz pichoqlariga nisbatan sezilarli darajada qisqa (misol uchun, Yevropa bosh oshpaz pichogʻiga nisbatan). Pichoq tigʻining uzunligi har xil: odatda 5-8 dyumgacha boʻlishi mumkin, lekin 7 dyumligi (178 mm) standart hisoblanadi[2]. Pichoq tigʻining eni keng boʻlib, dastasi torligi bois oshpazga kaft ostida koʻproq boʻsh joy beradi va pichoqni qoʻllashda erkinlikni ta]minlaydi. Santoku tigʻi odatdagidan koʻra oʻtkirroq boʻladi. Bu esa baliq, sabzavot, mayda suyakli goʻshtlar yoki suyaksiz goʻshtlarni kesishda qulaylik beradi.

Koʻpgina ishlab chiqaruvchilar santokuning bevosita kesuvchi qismiga yaqin joylarini „havo choʻntaklari“ yoki grantonlar deb ataladigan (birinchi marta ushbu choʻntaklarni patentlagan Sheffildning Granton kompaniyasi nomidan olingan) oval shaklidagi chuqurchalar bilan boyitadi. Ushbu chuqurchalar tufayli kesilayotgan mahsulotlar (goʻsht, pishloq va boshqalar)ning pichoq tigʻiga yopishishi kamayadi)[3].

Asl yapon santoku pichogʻi yaxshi muvozanatga ega. U yuqori qattiqlikkacha toblangan poʻlatdan yasaladi. Pichoqning uchi koʻproq oʻtkirlanadi, bu aniq va nozik kesishda yordam beradi. Santokuning profil burchagi 15-18° darajani tashkil etadi.

Aksar maʼlumotlarga zid ravishda santoku nisbatan yaqinda — XX asrning oʻrtalarida paydo boʻlgan. Aslida, bu universal pichoq turi boʻlib, anʼanaviy gyuyto (goʻsht pichogʻi), deba (baliq pichogʻi) va nakiri (sabzavotlar pichogʻi) bilan bir xil vazifalarni bajara oladi[4].

Evropa santoku pichogʻi

Yaponiyaning asl santokusi bilan taqqoslaganda gʻarb Santoku modellari turli xil muvozanat va tuzilishga ega. Ular birmuncha yumshoq poʻlatdan yasaladi, bu esa pichoqning qalinligi va tigʻining oʻtkirligiga taʼsir qiladi. Shuningdek, santokuning yevropacha namunalari pichoqqa oziq-ovqat mahsulotlari yopishib qolishini kamaytirish maqsadida boʻrtib chiqqan qismlarga yoki chuqurchalarga ega boʻlishi mumkin.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Японские кухонные принадлежности: ножи“ (deadlink). Fushigi Nippon — Загадочная Япония. leit.ru. 2016-yil 29-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 17-iyul.
  2. Santoku nabiraet silu // Xolodnoe orujie
  3. „All You Need to Know About The Japanese All-purpose Knife: Santoku Knife“. kawashima the japanstore. Qaraldi: 2021-yil 24-may.
  4. „Ножи: Зачем ножу Сантоку (Santoku) выемки/карманы?“. Интернет-магазин посуды Rondell. Qaraldi: 2021-yil 24-may.