Saklar taqvimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Saklar taqviimi

Saklar taqvimi — Jizzax viloyatidan oʻtgan Toshkent-Samarqand temir yoʻl chizigʻida, Gʻallaorol tuman markazidan 4 km uzoqlikdagi Moltop qishlogʻining sharqidagi togʻ adirligida joylashgan arxeologik yodgorlik. Mahalliy aholi Shohidtepa deb nom bergan mazkur qoʻrgʻon ayrim olimlar tomonidan koʻchmanchilar foydalangan taqvim sifatida baholanadi[1].

Oʻrganilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XX asrning 60 yillarida L.I. Albaum Toshkent-Termez yoʻnalishi boʻyicha parvoz chogʻida G‘allorol tumanidagi Shoxidtepa va uning atrofi bo‘ylab rejali tarzda joylashgan yodgorliklarga qiziqib qoladi va ularni tasvirga oladi. Keyinchalik bu yodgorlik majmuasi haqidagi o‘z qarashlarini eʼlon qiladi. Unga ko‘ra, bu yerda qadimgi aholining quyosh va sayyoralar harakatiga asoslangan yil, fasllar va oylarni belgilashda foydalaniladigan majmuasi joylashgan bo‘lishi mumkin[2].

1968 yilda Oʻzbekiston SSR Madaniyat Vazirligining Sanʼatshunoslik instituti olimlari L.I. Rempel va E.V. Rtveladze tomonidan yodgorlikda qazuv ishlari olib borilgan. Tadqiqotlar davomida Shohidtepa va unga aloqador boshqa tepaliklarda madaniy qatlam qoldiqlari yo‘qligini aniqlanib, tepaliklar soxta qo‘rg‘onlar, degan xulosaga kelinadi. Biroq, Shohidtepa majmuasini o‘rganish paytida yodgorlik atrofidagi jarlikda (5 m chuqurlikda) lahadli qabrda chalqancha yotqizib, yoniga qilich qo‘yib dafn etilgan odam suyaklari qayd etiladi. E.V. Rtveladzening fikricha „bu ayvonli lahad qabr bo‘lib, u milodiy I asrga oid hisoblanadi“. 1982 yilda Z.A. Xakimova tomonidan yodgorlik qayta tadqiq etilgan.

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yodgorlik bosh qoʻrgʻon va koʻplab kichik qoʻrgʻonlardan tashkil topgan. Qoʻrgʻonning oʻlchamlari juda haybatli: shimol — janub oʻqi boʻyicha 600 m. va sharq-gʻarb oʻqi boʻyicha — 550 m. Markaziy tepalikning asosi 84 m., tepa yuzasi 30 m., tepa balandligi 12 m. Markaziy tepalik diametri 12–14 m., balandligi 1 metrdan 1,2 metrgacha boʻlgan, 100 metr kenglikdagi olti qator aylana shaklida joylashgan kichik tepaliklar bilan oʻralgan. Bugungu kunga qadar tepaliklarning 2/3 qismi saqlanib qolgan. XX asrninf 80-yillarida sanʼatshunos olim M.Bulatov Shohidtepa yodgorligining joylashishi va uning atrofidagi rejali tarzda barpo etilgan tepaliklarni kuzatib, mazkur yodgorlik „saklar taqvimi“ degan fikrni ilgari surgan[3].  Olimning fikricha, „birinchidan, markaziy qo‘rg‘on o‘troq sug‘diylar va ko‘chmanchi saklar uchun birgalikda sig‘inadigan va ilmi-nujumni o‘rganadigan sajdagoh-rasadxona; ikkinchidan, asosan ko‘chmanchi qabilalar orasida zardushtiylik dinini tarqatish uchun mafkura markazi; uchinchidan, Shohidtepa majmuasini tashkil etuvchi 365 ta tepa, yil hisobi, fasllar almashuvini belgilashda foydalaniladigan taqvim-kalendar vazifasini o‘tagan“[4]. Darhaqiqat, vaqt oʻtishi bilan yemirilib ketgan va buzib yuborilgan tepaliklarni tiklash ularning umumiy soni yilning har bir kuniga teng — 365 ta boʻlganligini koʻrsatadi. Bundan tashqari, markaziy qoʻrgʻon va  1- raqamli qoʻrgʻon orqali oʻtkazilgan chiziq bahorgi tengkunlikda Quyoshning chiqishiga yoʻnalgan. Maxsus qazuv tadqiqotlari o‘tkazilmaganligi bois, ushbu yodgorlik qanday vazifani o‘taganligi haqida aniq ilmiy fikr hanuz mavjud emas.


  1. Булатов М.С. Согдийско - сакский календарь в степи подлежит охране //Строительство и архитектура. Узбекистана. - 1982, №.5. - С. 23-25; Тошбоев Ф.Э. Чорвадор аҳолининг тақвимга оид билимлари ҳақида айрим мулоҳазалар // Хоразм Маъмун Академияси ахборотномаси. Хоразм Маъмун академияси, 2020. – № 12. - Б. 180. 
  2. Тошбоев Ф.Э. Чорвадор аҳолининг тақвимга оид билимлари ҳақида айрим мулоҳазалар // Хоразм Маъмун Академияси ахборотномаси. Хоразм Маъмун академияси, 2020. – № 12. - Б. 180. 
  3. Булатов М.С. Геометрическая гармонизация в архитектуре Средней Азии IX- XV вв. – М.: Наука, 1988. – С. 58. 
  4. Булатов М.С. Согдийско-сакский календарь в степи подлежит охране //Строительство и архитектура Узбекистана. 1982, №.5. - С. 23-25.