Kontent qismiga oʻtish

Sadbarxon Mamitova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sadbar Mamitovadan yoʻnaltirildi)

Sadbarxon Mamitova (1966-yil, Jalaquduq tumani, Andijon viloyati, OʻzSSR2021-yil 31-iyul Andijon shahri, Oʻzbekiston) — 2020-yil 4-martdan 2021-yil 31-iyulgacha Andijon viloyati Boʻston tumani hokimi.

Tarjimail holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadbarxon Mamitova 1966-yilda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug‘ilgan, 1982—1986-yillarda Namangan qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan, 1993-yil Toshkent davlat agrar universitetini (sirtqi) tamomlagan. U uzoq yillar Jalaquduq tumanida turli lavozimlarda mehnat qilgan.

Xususan, 2007—2008-yillarda tuman hokimi o‘rinbosari — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lgan, 2011—2017-yillarda Jalaquduq tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori lavozimlarida ishlagan. 2019-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limiga rahbarlik qilgan.

“Daryo” muxbirining qayd etishicha,[1] Bo‘ston tumaniga hokim etib tayinlangan Sadbarxon Mamitova 1993—2005-yillarda Jalaquduq tumaniga rahbarlik qilgan Manzura Egamovaning shogirdi hisoblanadi. Sadbarxon Mamitova o‘qishni bitirib kelganidan so‘ng, bevosita Manzura Egamovaning qo‘l ostida ishlab, rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilgan.

Mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • 2012—2017-yillarda Jalaquduq tumani bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy himoya qilish markazi direktori.
  • 2017—2019-yillarda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Jalaquduq tuman kengashi raisi oʻrinbosari.
  • 2019—2020-yillarda „Yuksalish“ umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy boʻlimi rahbari.
  • 2020—2021-yillarda Boʻston tumani hokimi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sadbarxon Mamitova 2013—2015-yillar oralig‘ida o‘t pufagida mavjud xastalik bois jarrohlik muolajasini olgan. U 2021-yilning iyun-iyul oylarida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialida ichak kasalligi bo‘yicha davolangan, biroq o‘t pufagini lazer nuri orqali olish jarayonida nur ichak tizimlariga shikast yetkazgan va yillar davomida chirish holatiga olib kelgan. Iyun oyida kasallik belgilari kuchayishi oqibatida u yana jarrohlik stoliga yotqizilgan hamda davolanish davomida vafot etgan[2].