Kontent qismiga oʻtish

Rosgvardiyaning Naur tumanidagi harbiy qismiga hujum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rossiya gvardiyasining Naur tumanidagi harbiy qismiga hujum — Chechenistonning Naur tumanida chechen jangarilari tomonidan sodir etilgan qurolli xuruj. 2017-yil 23-martdan 24-martga oʻtar kechasi Rossiya gvardiyasining tumanda joylashgan harbiy qismiga nisbatan amalga oshirilgan. Hujum natijasida Rossiya gvardiyasi qoʻshinlari 140-artilleriya polkining olti nafar harbiy xizmatchisi halok boʻlgan[1]. Voqeadan soʻng, „Islom davlati“ hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi[2].

Hujum borishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Huquq-tartibot idoralarining rasmiy talqiniga koʻra, jangarilar qalin tumandan[3] foydalanib, harbiylarga sezdirmasdan harbiy qismga yaqinlashib, panjaradan oshib oʻtishgan. Ular faqat pichoqlar bilan qurollangan boʻlgan. Ular xotirjamlik bilan nazorat-oʻtkazish punktiga yaqinlashib, navbatchilik vaqtida yopilmagani uchun ochiq eshikdan bemalol kirib kelgan. Hujum qilganlar uxlab yotgan ikki qoʻriqchi askarni pichoqlab oʻldirgan va ularning avtomat qurollari hamda rezina tayoqlarini olishgan. Boʻlinma hududiga kirgan jangarilar patrulga duch keladi va ikki oʻrtada otishma sodir boʻladi.

Harbiy qismga jami sakkiz jangari hujum qilgan. Ularning olti nafari patrul kuchlari bilan otishmada yoʻq qilingan. Hujum paytida yana ikki jangari harbiy qism hududidan tashqarida boʻlgan — ular „kuzatuvda“ turishgani bois, qirgʻin boshlanganida qochishga muvaffaq boʻlgan. Tez orada qochgan ikki nafardan biri qoʻlga olinadi. Oʻldirilganlardan ikki nafarining jasadida xudkush kamarlarining maketlari topilgan[4].

„Novaya gazeta“ nashri Rosgvardiya harbiy qismiga hujum qilinishiga doir rasmiy taxminni shubha ostiga oldi. Nashr xulosasiga koʻra, jangarilar hujumni qaytarish vaqtida halok boʻlmagan, balki asirga olingan va soʻngra otib oʻldirilgan: „Hamma halok boʻlganlarda oʻq jarohati quloq chigʻanogʻi sohasida joylashgan“, — deyiladi maqolada. „Novaya gazeta“, shuningdek, jangarilarning jasadlariga xudkushlik kamarlarining maketi ular oʻlgandan keyin bogʻlab qoʻyilganligini ham taʼkidlaydi[5].

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi sobiq deputati Anvar Maxmutov va Milliy gvardiya qoʻshinlari Shimoliy Kavkaz okrugi qoʻmondoni oʻrinbosari Nikolay Doloninning soʻzlariga koʻra, jangarilar harbiy qismdagi qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, aniqlanishicha, oʻldirilgan olti jangaridan kamida toʻrt nafari mahalliy aholi vakillari boʻlgan. Rossiya gvardiyasining olti nafar halok boʻlgan askarlari orasida Dogʻiston, Kabardin-Bolqor va Shimoliy Osetiya fuqarolari bor. Xabarlarga koʻra, katta serjantlar Anatoliy Yermolayev va Amin Aliyev, kichik serjantlar Dmitriy Gurat va Ildus Kuchukboyev, yefreytor Zaurbek Akbiev va oddiy askar Arsen Ramazanov[6][7] jangarilar tomonidan oʻldirilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]