Oʻzbekiston respublikasi oʻquvchilar saroyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Respublika oʻquvchilar saroyidan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekiston respublikasi oʻquvchilar saroyi, Respublika oʻquvchilar saroyi — Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi maktabdan tashqari taʼlim muassasasi. 1935-yil iyunda Oʻzbekiston MIK qaroriga binoan Toshkent shahrida Pionerlar saroyi nomi bilan tashkil etilgan. 1961-yildan Respublika pioner va oʻquvchilar saroyi deb nomlangan. 1992-yil yanvardan hozirgi nomda. Asosiy vazifasi oʻquvchi yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning maktabda olgan bilimlarini chuqurlashtirish, kasb-hunar malakalarini egallashlarida koʻmaklashish, dunyoviy va zamonaviy bilimlardan voqif qilish, ijodiy hamda tashkilotchilik qobiliyatlarini shakllantirish va oʻstirish, kashfiyotchilik va ixtirochilik ishlariga jalb etishdan iborat. 1935-yil dekabrda 2 yillik gimnastlar maktabi, 1936-yil yanvarda Tamaraxonim rahbarligida sharq raqslari maktabi va shu yili bolalar musiqa maktabi ochilgan. 1950-yillardan saroyda amaliy sanʼat toʻgaraklari, jumladan, Mahmud Usmonov rahbarligida ganchkorlik toʻgaragi ish boshlagan.

2005-yil saroyda 5 boʻlim, musiqa maktabi, 210 toʻgarak, klub, doirachilar dastasi, raqs dastalari, bolalar havaskorlik xalq dastasi, vokal cholgʻu va oʻzbek xalq cholgʻu asboblari dastalari ishladi; ularda 3742 oʻgil qiz ishtirok etdi. Saroy Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi oʻquvchilar saroyi va ijodiyot markazlariga metodik xizmat koʻrsatadi. Saroy xalqaro, respublika miqyosidagi ommaviy tadbirlar, jumladan, qariyb 10 yildan beri oʻtkazilib kelinayotgan "Yosh raqqosalar", "Maqomchilar", "Bolalar vokal dastalari" respublika tanlovlari tashabbuskori. Shuningdek, YUNISEF Xalqaro bolalar tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, OʻzRdagi milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda "Zamonaviy dunyo — bolalar nigohida" rasmlar tanlovi, "Doʻst bilan obod uying", "Bolalar ovozi" mavzularida doʻstlik festivallarini oʻtkazadi. Saroy toʻgaraklari isteʼdodli aʼzolarining xalq ustalari, rassomlari, hunarmandlari ustaxonalarida, ixtirochi olimlar lab.larida amaliy va oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Saroyda "Us tozshogird" anʼanalari mavjud. K,.Dadayev, Gʻ. Yoqubov, Farrux Zokirov, Q. Moʻminov, S.Jabborova, K.Doʻstmuhamedova, M.Ahmedova, T.Jamilova, Dilmurod, Xolmurod va Elmurod Islomovlar, Ziyoda va Nasiba Madrahimova kabi sanʼatkorlar saroy toʻgarak va dastalarida ilk kasb malakalarini egallaganlar.

Elmurod Islomov.