Reportaj tili

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Reportaj" soʻzi fransuz tilidan olingan boʻlib, „xabar bermoq“, „xabardor qilmoq“ degan maʼnolarni anglatadi.

Hozirgi vaqtda reportaj ikki ma‘noni bildiradi:

  1. radio va televideniye orqali voqea sodir boʻlgan joydan olib borilayotgan eshittirish yoki koʻrsatuv;
  2. vaqtli matbuotda yoritilgan mahalliy mavzulardagi qisqa xabar va axborot[1]

Oʻzbek tilining izohli lugʻatida shunday ta‘rif berilgan: „Reportaj[2] — matbuot, radio, televideniyeda: sodir boʻlayotgan voqea-hodisalardan olib boriladigan mahalliy mavzulardagi xabar, maqola.

Reportaj aks ettirayotgan obekti nuqtai nazaridan voqea reportaji, muayyan mavzuga bagʻishlangan reportaj, muammoli reportaj, reportaj-sharh kabilarga boʻlinadi. Reportaj qaysi ommaviy axborot vositasida berilishiga qarab gazeta reportaji, jurnal reportaji, radioreportaj va telereportaj kabi xillarga boʻlinadi[3].

Reportajda voqea joyi tasviri ham muhim oʻrin egallaydi. Joy tasviri va tantanavor ruhni berish uchun obrazli ifodalar, taʼsirchan-ekspressiv boʻyoqdor soʻzlar, oʻxshatishlar, sifatlashlardan unumli foydalaniladi. Kishilar bilan muloqotning jonliligini taʼminlash maqsadida dialoglar ham ishlatiladi, voqea qatnashchilarining nutqi beriladi. Chunki reportajda qahramonlar soʻzi muhim ahamiyatga ega.

Yangilik reportajning asosi hisoblanadi. Ma‘lum voqea-hodisa, faktlar hamda tezkorlik bilan voqea sodir boʻlgan joydan tayyorlangan material reportajning magʻzini tashkil etadi. Unda voqea joyi tasvirlanadi, jonli muloqotlar beriladi, koʻpincha, materiallarda tantanavorlik aks etadi. Reportajning asosini axborot tashkil etadi va xabar berish asosiy oʻrinni egallaydi, voqea-hodisa, faktlar tahlil qilinmaydi.

Reportaj koʻp jihatdan ocherkka yaqin turadi. Ocherk ham, reportaj ham dalil va voqealarning guvohi boʻlgan kishi tomonidan yoziladi. Lekin ocherk oʻzining publitsistik ruhi, chuqur fikr yuritish va tahlili bilan reportajdan farq qiladi. Reportajda esa ortiqcha tasvir boʻlmasligi kerak, u yorqin va loʻnda boʻlishi zarur.

Reportajning oʻziga xosligi uning tili va uslubida ham koʻrinadi. U jonli, hayajonli tarzda yozilganligi uchun ham gazetxonga tez taʼsir qiladi. Reportaj dabdabali, balandparvoz soʻzlar bilan yozilsa, uning taʼsirchanligi yoʻqoladi. Shuning uchun ham jurnalistlar reportaj tili va uslubiga alohida eʼtibor bilan qaraydilar.[4]

Reportajda qahramonlar xarakterini ochish emas, balki voqeani jonli, tantanavor tasvirlash muhimdir. Reportaj janrining xususiyatlaridan biri shuki, unda ta‘sirchan, koʻp ma‘noli soʻzlar, soʻz birikmalari koʻp ishlatiladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hozirgi oʻzbek tili faol soʻzlarining izohli lugʻati A. Hojiev, A. Nurmonov, S. Zaynobiddinov va boshq.-T.: Sharq, 2001
  2. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A. Madvaliev tahriri ostida, 3-jild.-T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2003
  3. Jurnalistika va publitsistika. Oʻquv qoʻllanma. M. Xudoyqulov, — T.: Universitet, 2010
  4. “Medialingvistika va tahrir" D.M. Teshabayeva va boshq.-T.: Oʻzbekiston nashriyoti, 2019