Radiatsion belbogʻlar
Radiatsion belbogʻlar — sayyora xususiy magnitosferasining sohasi; shu magnitosfera tutib qolgan yuqori kinetik energiyali zarralar (protonlar va elektronlar, alfazarralar) dan iborat teshik kulcha koʻrinishidagi sayyorani oʻrovchi kamarlar. Radiatsion belbogʻlarda zarralar magnit maydoni (Lorens kuchi) taʼsirida murakkab trayektoriyalar boʻylab sayyoraning Shimoliy yarim sharidan Janubiy yarim shariga tomon va, aksincha, harakatlanadi. Yerning Radiatsion belbogʻlari, odatda, ichki va tashqi qismlarga boʻlinadi (qarang Yer magnetizmi). Yerning magnit maydoni Koinot (aksariyat Quyosh) dan kelayotgan zarralar uchun qafas rolini oʻtashi mumkinligini 20-asr boshlarida norvegiyalik olimlar Birkelind va Shtermer bashorat qilishgan.
Maʼlumki, magnit maydoniga kirgan zarraga Lorents kuchi va zarra tezligiga perpendikulyar kuch taʼsir qiladi. Bu kuch taʼsirida zarra magnit kuch chiziklari atrofida magnit maydoni induksiya vektoriga tik tekislik bilan aylana boshlaydi. Siklotron aylanish (Larmor) radiusi g zarra massasi va tezligiga toʻgʻri proporsional boʻlib, uning zaryadi hamda magnit maydoni induksiya vektori (V) ga teskari proporsional boʻladi. Binobarin, maydon kuchlanganligi qancha katta boʻlsa, larmor radiusi shuncha kichik, zarraning energiyasi (yaʼni tezligi) qancha katta boʻlsa, aylana shuncha katta boʻladi. Agar Yerning magnit "qafasi"ga tushgan zarraning larmor radiusi Yer radiusi (TUdan ancha kichik boʻlsa (g "R), zarra Yer sirtigacha yetib bormaydi va geomagnit maydonida tutilib qoladi.
Yer magnit maydoni tutib qolgan zarralar sohalarini oʻrganishga doir dastlabki tadqiqotlar natijasida geomagnit ekvator atrofida Yerni oʻrovchi va aniq chegaralari boʻlgan 2 ta ulkan halqa koʻrinishdagi, asosan elektrondan tashkil topgan Radiatsion belbogʻlar mavjudligi aniqlandi. Ular ichki va tashqi Radiatsion belbogʻlar deb ataladi. Tashqi elektron belbogʻ ekvator qismida Yer markazidan uning 4— 6 radiusiga teng masofaga choʻzilgan sohani oʻz ichiga olib, energiyasi oʻnlab KeV dan MeV gacha boʻlgan elektronlardan tashkil topgan.
Ichki elektron belbogʻ — radiatsiyaning quyi chegarasi yaqinida joylashib, energiyasi bir necha KeV dan yuzlab KeV gacha boʻlgan elektronlar zarralarning asosiy qismini tashkil etadi. Bu sohani 1958—1962-yillarda amerikalik olimlar atmosferada oʻrganishgan yadro portlashlardan ajralgan elektronlar bilan toʻldirdi. Tashqi va ichki elektron belbogʻlar orasida elektronlar oqimi Yer markazidan 3—4 Yer radiusi masofasida minimumga tushadi.
Radiatsion belbogʻlar sohasida Yerga kelayotgan protonlarning energiyasi Radiatsion belbogʻlar tashqi chegarasidan quyi chegarasigacha 100 KeV dan oʻnlab MeV gacha ortadi. Bunda protonlarning umumiy oqimi ham 3,5 Yer radiusi masofasigacha ortib, soʻngra kamaya boradi. Elektronlar oqimining minimumi kuzatilgan joyda (Yer markazidan 3,5 radius masofada) protonlar belbogʻi hosil boʻladi. Protonlardan tashkil topgan Radiatsion belbogʻlar Yerning magnit maydoniga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
Yerning Radiatsion belbogʻlar kosmik parvozlarda kosmonavtlar hayoti uchun katta xavf tugʻdiradi. Shuning uchun Oyga, sayyoralarga parvozlarda uchish trayektoriyalari, Radiatsion belbogʻlar bilan kesishmaydigan qilib tanlanadi. Gigant sayyoralardan Yupiter va Saturnning atrofidagi kuchli magnitosfera ulkan sayyoralarning geomagnit ekvatorlarini oʻrovchi kuchli Radiatsion belbogʻlarni vujudga keltiradi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |