Saʼdulla Qosimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qosimov Saʼdulla Rashidovichdan yoʻnaltirildi)
Sa'dulla Qosimov
O'zSSR Oliy sudi raisi
Mansab davri
1924 y – 1929 y
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1901 y
Vafoti 1931 y
Fuqaroligi O'zSSR
Millati o'zbek
Kasbi o'qituvchi, yurist

Saʼdulla Rashidovich Qosimov' (1901, Toshkent – 1930) – 1922-yildan sudlov tizimida faoliyat koʻrsatgan. Toshkent viloyati sudi (1925 – 26). Soʻngra Oʻzbekiston SSR Oliy sudining raisi (1926-yil iyun – 1929-yil mart).

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saʼdulla Qosimov 1901 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan. 1909 yildan mashhur muallim Eshonxoʻja Xoniyning yangi usuldagi „Xoniya“ boshlangʻich maktabida, 1916 yilgacha Munavvarqori Abdurashidxonovning rushdiy “Namuna” maktabida oʻqigan. Ayni paytda rus-tuzem maktabida oʻqib, rus tili va zamonaviy fanlarni ham oʻzlashtirgan. 1918-1920 yillarda „Oʻzbek pedagogika bilim yurti“da tahsil olgan. [1]

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1919 yil dekabr oyigacha oʻqituvchi boʻlib, 1919 yil aprel oyida Munavvarqorining tavsiyasi bilan bolsheviklar firqasiga kirgan. Soʻng Turkfront siyosiy boʻlimiga safarbar etilib, 1919 yil oxirigacha Turkfrontning maktab ishlari boʻyicha instruktori boʻlib ishlagan. 1920-1921 yillar harbiy xizmatda boʻlgan. Harbiy xizmatdan qaytgach, 1922 yil Eski shahar ijroiya qoʻmitasida maorif boʻlimi raisining oʻrinbosari vazifasida ishlagan. Saʼdulla Qosimov 1923 yilda sud boshqaruv tizimida islohotlar oʻtkazish davrida keksa tajribali qozilar bilan birga tergov-taftish ishlarini olib boradi.

Saʼdulla Qosimov 1923 yildan Toshkent viloyat sudi aʼzosi, 1924 yil dekabrdan viloyat sud raisi oʻrinbosari va 1925 yil martdan Toshkent viloyat sudi raisi boʻldi. U 25 yoshida, 1925 yil dekabrdan OʻzSSR MIK Prezidiumining qarori asosida OʻzSSR Oliy sudi raisi boʻlib ish boshladi.

1929 yil boshlarida Saʼdulla Qosimovning ustidan millatchilik va poraxoʻrlikda ayblab shikoyat tushgan degan bahona bilan Markaz uning mehnat faoliyati ustidan tekshirish belgilaydi. SHu maqsadda Moskvadan Rastopchin, Kornilov (OGPU)lar hamda mahalliy vakil Ahmadbek Mavlonbekovlardan iborat komissiya tuziladi. Komissiya 1929 yil 3 mart kuni S.Qosimovni oʻz vazifasidan rasman ozod qilib, qamoqqa oladi. Uch oy davom etgan tekshirish va tergovlarda birorta ayblov oʻz isbotini topmadi. Natijada Saʼdulla Qosimov ozodlikka chiqib, hatto oʻz ishiga tiklanishga erishadi. Komissiya Moskvaga borishi bilan tanqidga uchradi. Ular uchun haqiqat emas, har qanday holda oʻzining siyosatiga qarshi chiqqan S.Qosimov mahv etilishi kerak edi…[2]

= "Qosimovchilar sudi"[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻz faoliyati davomida markazning shovinistik siyosatiga qarshi chiqqanligi shoʻro hukumatiga yoqmagan. Lavozimidan boʻshatilib, qamoqqa olingan (1929-yil bahori). 1930 yil mart kuni S.Qosimov ayblov bayonnomasi SSSR Oliy sudi prokuraturasining muhim ishlar boʻyicha tergovchisi tomonidan tuzildi. Samarqandda ochilgan sud ishi 1930 yil 25 martdan 21 iyungacha boʻlib oʻtadi. Uch oy davom etgan bu sud insoniyat tarixidagi eng manfur sahna sudi boʻldi. Samarqand (1930-yil mart – iyun)da boʻlib oʻtgan sud jarayonida (sud raisi M. I. Vasilyev-Yujin, qoralovchi R. P. Katanyan) Q. va uning tarafdorlari (7 kishi) „burjua mildatchilari“ sifatida, „bosmachilar“ni qoʻllab quvvatlaganlikda ayblangan. Ularga „qosimovchilik“ tamgʻasi bosilgan.

1931 yil 21 iyun kuni SSSR Oliy sudi nomidan Saʼdulla Rashidovich Qosimov, Badriddin SHaripov, Nasriddin Olimov, Vyacheslav Petrovich Spiridonovning hammasi oliy jazoga hukm qilindi. „Qizil Oʻzbekiston“ sahifalarida katta harflar bilan S.Qosimov ishi haqidagi soʻnggi hukm barchani larzaga soldi. Samarqandda maktab bolalari koʻchalarga jamlanishib „Qosimovni otish hukmi toʻxtatilsin“ deb yigʻlab qichqirishar edi

1930 yil 25 martdan boshlangan matbuotdagi shovqin 3 yilgacha tinim bilmadi. Sovet matbuotida „Qosimovchilar sudi“ jarayonining tayyorlanishi va amalga oshirilishi haqida poyga tashkil etildi. „Qizil Oʻzbekiston“, „Pravda Vostoka“, „SHarq haqiqati“, „YAngi Fargʻona“ gazetalarida keng miqyosda tinimsiz maqola va xabarlar bosildi. Birgina „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida (1930 y., aprel-sentyabr) sud jarayoni haqida 75 ta maqola bosildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]




  1. Bahrom Irzayev. [www.shosh.uz „Toshkentliklar“]. Qaraldi: 2023-yil 7-noyabr.
  2. Ozod Sharafiddinov. [www.ziyouz.uz „Sa'dulla Qosimovni bilgan bormi? (2002)“] (2013-yil 30-aprel).