Qora zirk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qora zirk - Барбарис продолговатый - Berberis oblonga Sehneid

Qora zirkning sarg`ish gullari

Biologik morfologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qora zirk (qoraqand) - zirkdoshlar oilasiga mansub bo`lib, bo`yi 4 metrgacha boradigan sershox buta. O`simlikning eski shoxlarning kulrang, yosh novdalari qo`ng`ir bo`ladi. Tikanlari uch bo`lakli. Barglari teskari tuxumsimon, cho`zinchoq, o`tmas, chetlari biroz tishli yoki tekis, ularning uzunligi 2-6 sm keladi. Gullari sariq rangda bo`lib, gul shingili shoxlangan, rovaksimon. Mevasi qoramtir-binafsha rangda bo`lib, ellipsimon ko`rinishga ega.

O`simlik may oyida gullab, iyun-iyul oylarida pishadi.

Tarqalishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamlakatimizda tabiiy holda o`sadigan zirklarning 12 turi qayd qilingan. Ular dengiz sathidan 1800 m balandlikda o`sadi. Yovvoyi holdagi zirklar Yevropa, O`rta Osiyo hamda Uzoq Sharq hududlarida keng tarqalgan. Qora zirk tabiiy holda respublikamizning Toshkent, Samarqand, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining tog`li hududlarida, soy bo`ylarida to`p-to`p bo`lib o`sadi.

Respublikamizda zirkning qashqar, bergen, qizil, tugma, qoraqand kabi turlari uchraydi.

Tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qora zirk mevalari tarkibida vitamin C(250 mg), organik kislotalar (olma kislotasi, limon kislotasi, tatrat), xolinsifat moddalar, qand, mineral tuzlar va boshqa moddalar bor. O`simlikning pishmagan mevalari, barglari, ildizi hamda po`stloqlarida berberin, oksiksantin, berbamin, leontin alkaloidlar mavjud. Hosilga kirgan paytidagi barglari tarkibida vitamin E (tokoferol), efir moylari bor.

Xalq tabobatida qo`llanilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zirkning salomatlik uchun foydali ne`mat ekanligi juda qadim zamonlardan ma`lum. Ossuriya shoxi Ashshurbanipalning shaxsiy qiroatxonasida saqlanuvchi, bundan 2670-yil muqaddam sopol taxtachalarga yozilgan kitoblarga qaraganda, zirk "Qonni pokizalovchi" omil sifatida qadrlangan. Uning shifobaxsh xususiyatlaridan qadimiy Misr, Hindiston tabiblari tadbirkorlik bilan foydalanishgan

Abu Ali ibn Sino zirkni chanqoq qoldiruvchi, yurakka quvvat beruvchi hamda jigar kasalliklariga davo sifatida ishlatgan.

Qora zirk mevalari xalq tabobatida asab faoliyati sustlashganda, oshqozon-ichak, sariq kasalliklarini, hafaqonlikni davolashda ishlatiladi. Bundan tashqari undan haroratni pasaytiruvchi, ishtaha uyg`otuvchi, o`t haydovchi, yallig`lanishgaa qarshi vosita sifatida ham foydalaniladi. Xalq tabobatida zirk ildizidan tayyorlangan qaynatma (po`sti ajratilganda) bezgak va bodning davosi hisoblanadi. Bu qaynatma xalq tilida "qiyomi zirk" deb atalib, uning suyuqlashtirilgani bilan og`iz bo`shlig`i kasalliklarida chayqash tavsiya etiladi.

O`simlik barglarining suvli damlamasi bezgak asorati bo`lgan taloq shishida hamda jigar kasalliklarida ishlatilsa, ildiz po`stloqlarining damlamasi o`tdagi tosh, sariq, buyrak og`rig`i, bod kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi.

Farmasevtikada qo`llanilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy tibbiyotda, zirkdan tayyorlangan dori-darmonlar o`t pufagi shamollashi bilan bog`liq bo`lgan kasalliklarda, undagi tosh bo`lganda hosil bo`luvchi og`riqlarga yengillik beruvchi omil sifatida foydalaniladi. Zirk barglari asosida tayyorlangan spirtli aralashma qon to`xtashi, yallig`lanishga qarshi davo bo`lishi bilan birga qon tomirlarini toraytiradi, tomir urishini tezlashtiradi, o`t ajralishini kuchaytiradi, bachadon mushaklarini qisqartiradi.

Sibir zirki ildizining sharbati suv bilan aralashtirilib suyuqlik tayyorlanganda, qon bosimini pasaytiradigan dori olinadi. Shuni aytish kerakki, tibbiyotda xavfli o`smalarni davolashda ishlatiladigan Zdrenko yig`ma dorisiga zirk o`simligining ildizi asos bo`lib xizmat qiladi.

Qora zirk daraxti

Sanoatda qo`llanilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zirk mevalari ziravor sifatida keng ko`lamda qo`llaniladi. Uning mevalaridan murabbo tayyorlanadi. O`simlik bo`yoqchilik sanoatida ham katta ahamiyatga ega. Uning ildiz va tanasidan junlarni bo`yash uchun sariq bo`yoq olinadi. Mevasidagi qizil rang esa jun matolarini bo`yash uchun yaxshi vosita hisoblanadi.

Zirkning poyasi och sariq rangda bo`lib, juda qattiq, mustahkam. Hind duradgorlari undan nafis buyumlar va mebellar yasashda foydalanadilar. Zirk gullaridan asal shirasi bor, ular o`zidan ko`plab nektar ajratadi, ayniqsa, iliq va nam havoda olingan asali xushbo`y bo`ladi. Zirk manzarali o`simlik sifatida ham qadrlanadi. Uning murg`ak novdalari, yashil barglari, tillarang gullari bahorda o`zgacha dilbarlik kashf etadi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]