Qadriyatlar tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qadriyatlar tizimi — tabiat va jamiyatda uchraydigan narsa va hodisalarning oʻz hayotidagi oʻrni haqida insonlarda hosil boʻlgan qarashlar toʻplamini bildiradigan qadriyatlar nazariyasi tushunchasi (ijtimoiy munosabat).

Inson va jamiyat qarorlarni solishtirish va qabul qilishda qadriyatlar tizimiga tayanadi.

Qadriyatlar toʻplami[tahrir | manbasini tahrirlash]

Breytueyt va Skott[1] oʻz sharhlarida qadriyatlar toʻplami tushunchasining paydo boʻlishini 1950- va 1960-yillarda erishilgan konsensusga bogʻlaydilar. Bu konsensusda qadriyat tushunchasi obyektlar tavsifi sifatida emas, balki odamlar tavsifi sifatida kiritiladi, bunda odamlarda qanday istaklar boʻlishi kerakligi haqida talablar emas, ularning oʻz istaklari koʻzda tutiladi.

Tadqiqotchilarning taʼriflar boʻyicha, qadriyatlar soni va toʻplami tizimi boʻyicha kelishuvga kelganiga qaramay, psixologlar oʻrtasida chuqur kelishmovchiliklar mavjud[2] (shuningdek, Breytueyt va Skott sharhiga qarang[1]). Shunda ham baʼzi psixologlar bazaviy qadriyatlarning universal tavsifi haqida yozishadi.

Breytueyt va Skottning fikriga koʻra, M. Rokich qadriyatlar tizimini oʻrganishda yuqori amaliy yutuqga erishgan; u 1968- va 1973-yillardagi ishlarida ilgari olingan natijalardan foydalanib, qadriyatlarni ikki guruhga ajratgan:

  1. Yakuniy qadriyatlar yoki maqsadli qadriyatlar, yaʼni baʼzi bir aniq maqsadlarga erishish inson hayotining mazmuni ekanligiga ishonish (yoki boshqacha aytganda, individual mavjudlikning qandaydir yakuniy maqsadi — masalan, baxtli oilaviy hayot, butun dunyoda tinchlik — shaxs va jamiyat nuqtai nazarida bu maqsadlar ularga intilishga arziydi);
  2. instrumental qadriyatlar yoki vosita-qadriyatlar, yaʼni maqsadlarga erishish usullari bilan bogʻliq boʻlgan isteʼdodlar (baʼzi bir harakat yoʻnalishi — masalan, halollik, ratsionalizm — barcha vaziyatlarda shaxsiy va ijtimoiy nuqtai nazardan afzalroq ekanligi haqidagi eʼtiqodlar).[3]

Misol uchun, Rokichning fikriga koʻra, sevgi eng oliy qadriyat, sevish qobiliyati esa vositadir. Rokich ikkala qadriyatlar guruhida ham ierarxiya mavjudligini (qadriyatlar tartiblangan) va shu sabab, shaxsning qadriyatlar tizimi ikkita tartiblangan roʻyxatga boʻlinishini taʼkidladi. Rokich, shuningdek, qadriyatlar va munosabatlar orasidagi farqni koʻrsatdi: qadriyat bir necha aniq obyektlar va holatlarga tegishli boʻlgan umumiy tushunchani qamrab oluvchi eʼtiqodni tavsiflaydi; munosabat esa bitta obyekt yoki holatga tegishli eʼtiqodlar toʻplamidir.

Rokichning qadriyatlar tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rokich 18 tadan terminal (yakuniy) va instrumental (vositaviy) qadriyatlarni ajratib koʻrsatdi[3].

Rokichning qadriyatlarini oʻrganish uchun test materiali

Roʻyxat A (yakuniy qadriyatlar):

  1. Faol hayot faoliyati (hayotning toʻlaqonligi va hissiy boyligi);
  2. Hayotiy donishmandlik (hayot tajribasi orqali erishilgan sogʻlom fikr va tafakkurning yetukligi);
  3. salomatlik (jismoniy va ruhiy);
  4. Qiziqarli ish;
  5. Tabiat va sanʼat goʻzalligi (tabiat va sanʼatda jozibali kechinmalarni boshdan kechirish);
  6. Sevgi (sevimli inson bilan maʼnaviy va jismoniy yaqinlik);
  7. Moddiy jihatdan taʼminlangan hayot (moddiy qiyinchiliklarning yoʻqligi);
  8. Yaxshi va sodiq doʻstlarning borligi;
  9. Jamoatchilik eʼtirofi (atrofdagilar, hamkasblar va ishdagi doʻstlarning hurmati);
  10. Anglash (oʻz bilimini, dunyoqarashini, madaniyatini, intellektual salohiyatini kengaytirish imkoniyati);
  11. Samarali hayot (oʻz imkoniyatlari, kuch va qobiliyatlaridan maksimal darajada foydalanish);
  12. Rivojlanish (oʻz ustida ishlash, doimiy ravishda jismoniy va maʼnaviy takomillashish);
  13. Oʻyin-kulgi (vaqtni yoqimli, toliqtirmaydigan tarzda oʻtkazish, mas’uliyatlarning yoqligi);
  14. Erkinlik (hayot yoʻlida, fikrlash va harakatlarda mustaqillik);
  15. Baxtli oilaviy hayot;
  16. Boshqalarning baxti (boshqa odamlarning, millatning, oxir-oqibat butun insoniyatning farovonligi, rivojlanishi va yaxshilanishi);
  17. Ijodkorlik (ijodiy faoliyat yuritish imkoniyati);
  18. Oʻziga ishonch (ichki uygʻunlik, ichki qarama-qarshiliklardan, shubhalardan ozodlik).

Roʻyxat B (instrumental qiymatlar):

  1. Tartibga rioya qilish (tozalik), narsalarni tartibda saqlash, ishlarda tartib oʻrnatish qobiliyati;
  2. Tarbiyali boʻlish (yaxshi hulq-atvor);
  3. Yuqori talablar (hayotga yuqori talablar va katta daʼvolar);
  4. Quvnoqlik (yumor hissi);
  5. Rejalarni bajarish (intizom);
  6. Mustaqillik (mustaqil, qatʼiy harakat qilish qobiliyati);
  7. Oʻzining va boshqalarning kamchiliklariga murosa qilmaslik;
  8. Maʼlumotli boʻlish (bilimlar kengligi, yuqori umumiy madaniyat);
  9. Mas’uliyat (burch hissi, oʻz soʻzida turish qobiliyati);
  10. Ratsionalizm (oqilona va mantiqiy fikrlash, puxta oʻylangan, adolatli qarorlar qabul qilish qobiliyati);
  11. Oʻz-oʻzini nazorat qilish (cheklash, oʻz-oʻzini tartibga solish);
  12. Oʻz fikrini, qarashlarini himoya qilishda jasorat;
  13. Kuchli iroda (qiyinchiliklar oldida ortga chekinmaslik, oʻz soʻzini oʻtkazish qobiliyati);
  14. Tolerantlik (boshqalarning qarashlari va fikrlariga sabrli boʻlish, boshqalarni xatolari va adashishlarini kechirish qobiliyati);
  15. Qarashlar kengligi (birovning nuqtai nazarini tushunish, boshqalarning didi, urf-odati va kundalik odatlarini hurmat qilish qobiliyati);
  16. Halollik (rostgʻoylik, samimiylik);
  17. Ishlarda samaradorlik (mehnatsevarlik, mehnat unumdorligi);
  18. Sezuvchanlik (gʻamxoʻrlik).

Rokichning qadriyatlar tizimi tanqidchilari tomonidan uning oʻzboshimchaligi va subyektiv qadriyatlari toʻplami sifatida tavsiflangan, Rokichning oʻzi ishlarini „intuitiv“ deb hisoblagan. Biroq, kengroq qadriyatlar toʻplamidan foydalangan holda olib borilgan tadqiqotlar umumiy hisobda Rokichning natijalarini tasdiqladi. Shunday qilib, Breytueyt va Lo 1985-yilda 54 ta „hayotiy maqsadlar“ va 71 ta „xulq-atvorlar“ toʻplamidan foydalangan, ammo tahlillardan soʻng ular natijalarni Rokichning qadriyatlari bilan yaxshi mos tushadigan 19 oʻlchovga kamaytirishga muvaffaq boʻlishdi. 1991-yilga kelib, Rokichda topilgan odatiy boʻshliqlar „adolat“ va „salomatlik“ qadriyatlarining yoʻqligini oʻz ichiga oladi (ikkinchisi keyinchalik Rokich tomonidan uning tizimiga qoʻshilgan)[1].

Rokichning yondashuvi ham tanqid qilindi, unda soʻrovnomaning bir elemeti har bir qadriyatga toʻgʻri kelardi. Bunday "single issue" yondashuvda, xatolar muqarrar, sababi savolni tushunmaslik va boshqa muammolar yuzaga kelishi mumkin va shuning uchun ham jamiyatshunoslar har bir tushuncha uchun koʻplab savollar mavjud boʻlgan soʻrovnomalarni afzal koʻradilar. Shunday boʻlsa-da, Rokich yondashuvining soddaligi soʻrovlarni tez va takroriy oʻtkazish imkonini beradi. Takroriy soʻrovlarni oʻtkazishda baʼzi tadqiqotchilar bir yillik tanaffusdan keyin natijalarning yomon korrelyatsiyasini aniqladilar[1].

Rokich tomonidan qoʻllaniladigan tushunchalarning mavhumligi ham turli madaniyatlarni qiyosiy oʻrganishda qiyinchiliklarga olib keladi, koʻplab tadqiqotchilar turli madaniy muhitlarda olingan soʻrov natijalarini solishtirish oʻta qiyinligini koʻrsatdilar[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 V. A. Braithwaite, W. A. Scott. Values. // J. P. Robinson, P. R. Shaver, L. S. Wrightsman (red.), Measures of Personality and Social Psychological Attitudes. New York: Academic Press, 1991.
  2. Tim Kasser. The High Price of Materialism. MIT Press, 2003.
  3. 3,0 3,1 „Исследование ценностных ориентаций М. Рокича“. PSYCHOJOURNAL.RU — научно-популярный психологический портал. Qaraldi: 2019-yil 30-avgust.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]