Kontent qismiga oʻtish

Peshob tuta olmaslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Siydik tutaolmaslik – (Incontinencia) deganda siydikni iroda kuchi bilan nazorat qilib boʻlmaydigan ixtiyorsiz ajralishi tushiniladi. Yaqin vaqtgacha bu kasallik koʻp sababli omillarga ega boʻlgan simptomday baholangan. Lekin siydik tutaolmaslikning keng tarqalgani mutaxassislarni bunga simptom sifatida emas, balki urologik guruhga mansub kasallik sifatida qarashga va tasniflashga majbur qildi. Siydik tutaolmaslik nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy– iqtisodiy muammo hisoblanadi. Siydik tutaolmaslik garchi hayot uchun xavfli kasallik boʻlmasada, u jiddiy psixoemotsional buzilishlar bilan kuzatiladi vijtimoiy dezadaptatsiyaga (yoqimsiz hid, qistirma, pamperslar qoʻyib yurish zarurligi, baʼzan hatto qisqa muddatga uydan chiqish mumkin emasligi), koʻpincha esa invalid boʻlib qolishga olib keladi. Hisoblarga koʻra jahonda siydik tutaolmaslik bilan 200 mln.dan ortiq kishi azoblanadi. Faqat AQShda siydik tutaolmaslik keksalarning asosiy muammolaridan biri boʻlib, 10 milliondan koʻproq bemorlarda surunkali holat sifatida kuzatiladi. Bu kasallik bilan koʻproq 40 yoshdan oshgan ayollar azoblanadi, ularning 30% da siydik tuta olmaslik doimiy boʻlib, yana 20% da vaqti – vaqti bilan uchraydi[1].

Siydik tutaolmaslikning sabablari, odatda, koʻp omilli xarakterga ega. Pastki siydik yoʻllari disfunksiyasi, shu jumladan siydik tutaolmaslik, koʻpincha, oʻzining orqasidan chanoq aʼzolari funksiyasi buzilishiga olib keluvchi, markaziy yoki periferik nerv tizimi tomondan nazoratning oʻzgarishi natijasida paydo boʻladi. Siydik tutaolmaslik koʻpincha neyrogen buzilishlar, jumladan parishonxotirlik sklerozi, serebrovaskulyar buzilish, orqa miyaning shikastlanishi, qandli diabet va Parkinson kasalligi, orqa miyaning tugʻma rivojlanish nuqsonlari (malformatsiya) boʻlgan bemorlarda kuzatiladi[2]. Klimaks davrida gormonal disbalans, uning fonida siydik – tanosil tizimi aʼzolarida degidratatsiya va shilliq qavatning atrofiyasi sodir boʻladi. Qovuq, uretra devorida, chanoq tubi mushaklarida va boylam apparatida toʻqimaning qarishi sabab boʻladigan mikrostrukturali oʻzgarishlar siydik tutaolmaslik rivojlanishing xavfli omillariga kiradi. Lekin ayollarda, chanoq aʼzolari (birinchi navbatda qovuq va uretra) ning oʻzaro munosabatlarini anatomik oʻzgarishga yoki ularning sezuvchanligi buzilishiga olib keluvchi orttirilgan holat siydik tutaolmaslikning eng koʻp sababi boʻladi. Bularga: asoratlangan va/yoki koʻp tugʻishning oqibati, kichik chanoq aʼzolaridagi operatsiyalar, nur bilan davolash yoki yatrogen shikastlar, ogʻir mehnat qilish, chanoq aʼzolarining chiqishiga olib keluvchi sport bilan shugʻullanish hamda surunkali yuqumli yalligʻlanish kasalligi, semirish va boshqalar kiradi.

Pastki siydik yoʻllariga qovuq, uretra, mushak apparati hamda bu aʼzolarning suyanch va ushlab turishini taʼminlovchi boylamlar, fassiyalar kiradi[3]. Qovuq va uretra yagona funksional tizimdan iboratdir. Siydik toʻplanishi va ajralish mexanizmi parasimpatik, simpatik, somatik va sensor innervatsiyaning oʻzaro taʼsirida markaziy nerv tizimi orqali nazorat qilinadi. Reflekslar uzatilishining har qanday darajada buzilishi siyish disfunksiyasiga, shu jumladan siydik tutaolmaslikka olib kelishi mumkin. Qovuq rezervuar (toʻplash) va evakuator (boʻshatish) funksiyani bajaradi[4]. Patologik vaziyatlarda detruzor holati giperfaol yoki gipofaol boʻlishi mumkin. Giperfaollik toʻplash fazasida, gipofaollik esa boʻshatish fazasida namoyon boʻladi. Meʼyorda qovuq toʻlganda detruzor stabil turadi va ahamiyatli qisqarishlarni amalga oshirmaydi. Agar toʻlish fazasida beixtiyor qisqarish sodir boʻlsa, unda bunday detruzor nostabil yoki giperfaol hisoblanadi. Agar giperfaollikka nevrologik kasallik sabab boʻlsa, unda detruzorning giperrefleksiyasi roʻy beradi. Detruzorning qisqaruvchanlik qobiliyati pasayganda va uning boʻshalishi buzilganda detruzor gipofaol hisoblanadi. Urodinamika nuqtai nazaridan har qanday tipdagi siydik tutaolmaslik qovuq ichki bosimi uretra ichki bosimidan yuqori boʻlganda kuzatiladi. Lekin bunday gidrodinamik buzilishlarning rivojlanish mexanizmi urgentli (imperativ) va stressli siydik tutaolmaganda har xil.

Siydik tutaolmaslik bilan azob chekuvchi koʻpchilik bemorlar siydik oqishining oldini olish uchun mustaqil ravishda har xil usullardan foydalanadilar, asosan qistirma yoki soʻrib oluvchi vositalar(pampers)ishlatadilar, suyuqlik qabul qilishni, jismoniy ishni cheklaydilar, xojatxonalarning joylashishini hisobga olib safarga borishni rejalashtiradilar, hayot tarzini oʻzgartiradilar. Shunga qaramay, bunday yondoshishlardan birortasini ham patogenetik deb boʻlmaydi, bu ularning samaradorligi cheklanganligini belgilaydi. Urgentli siydik tutaolmaslik koʻpincha dori–darmonlar bilan davolanadi. Detruzorning noixtiyoriy qisqarishini bosuvchi va boʻshashtiruvchi muskarin retseptorlari antagonistlari (oksibutinin, trospiumxlorid, tolterodin) preparatlari qoʻllanadi. Antimuskarin taʼsir koʻrsatuvchi (amitriptilin) trisiklik antidepressantlar kamroq, siydik – tanosil aʼzolari shilliq qavatidagi atrofik oʻzgarishlarni va retseptorlarning sezuvchanligini kamaytiruvchi estrogenlar (parenteral yoki mahalliy) hamda diurezni kamaytiruvchi vazopressin analoglari (desmopressin) qoʻllanadi. Dori – darmonlarsiz davolashga qovuqni mashq qildirish, shu jumladan siyish ritmini majburlab qabul qildirish va audio va/yoki grafik kuzatish bilan (biologik qayta aloqa) olib boriladigan maxsus oʻrgatuvchi asbob – uskuna yordamida qistashni va siydikni tutib turish uchun shartli–reflektor nazoratni shakllantirish kiradi. Imperativ siydik tutaolmaslikni davolashning oson usuli fizioterapiya (elektro–yoki elektromagnit stimulyatsiya, har xil dori moddalari bilan elektro yoki fonofarez) boʻladi[5].Fizioterapiya tartibi va uning yordamida toʻqimalarga yetkaziladigan preparatlar detruzorning giperfaolligini bosishga qaratilgan. Elektromagnit stimulyatsiya dorilar qabul qilish bilan birga qoʻshilgan kombinatsiyalangan terapiya juda yaxshi samara beradi. Urgentli siydik tutaolmaslikda operativ davolash kamdan–kam qoʻllanadi. Qovuqni kengaytirilgan plastikasi (augmentatsiya) – operatsiya, detruzorning yaqqol nostabilligini toʻgʻrilash uchun taklif etilgan. Bu operatsiya qovuq devoriga kesib olingan yonbosh ichak segmentini qoʻyish hisobiga qovuq hajmini oshiradi, muvozanatini saqlaydi va detruzorning nostabil qisqarishlari samarasini kamaytiradi. Bu operatsiyadan keyin koʻpchilik bemorlarda yengillashish yoki sogʻayish kuzatilsa ham, qovuqning augmentatsiyasi maʼlum bir asoratlar bilan bogʻliq, jumladan operatsiyadan keyingi davrda qiynalib siyish kuzatiladi. Stressli siydik tutaolmaslik asosan operativ davolanadi[6]. Shu bilan birga davolashning birinchi bosqichi sifatida bemorlarga, ayniqsa yosh ayollarga hamda kimda –kim operatsiyani rad etsa, ularga chanoq tubi mushaklarini mustahkamlaydigan maxsus gimnastika kursi va /yoki fizioterapiya: elektrik va elektromagnit stimulyatsiya oʻtkazish tavsiya qilinadi. Stressli siydik tutaolmaslikni bartaraf qilish uchun hozirgi vaqtda siydikning oqib ketishiga olib keluvchi patologik holatni toʻgʻrilash yoki oʻrnini bosishga qaratilgan 250 dan koʻp operatsiyalar taklif etilgan. Ular samarasi operatsiyalar turiga qarab 70% dan 95% gacha oʻzgarib turadi. Stressli siydik tutaolmaslikni davolash mexanizmi sfinkter funksiyasini tiklash (sfinkteromieoplastika), qovuq boʻyinchasini abdominal bosim zonasiga siljitish, uni mustahkamlash, qovuq – uretral burchakni yopish va uretral qarshilikni oshirishga asoslaniladi.

  • Inʼeksionniy metod lecheniya stressovogo nederjaniya mochi (obzor literaturi)
  • NYeDYeRJANIYe MOChI U JYeNЩIN G. R. Kasyan, M.Yu. Gvozdev, A. G. Konoplyannikov,