Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Oʻzbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi — Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimidagi muassasa. 1925-yilda Oʻrta Osiyo Davlat nashriyoti negizida Oʻzbekiston Davlat nashriyoti (Oʻzdavnashr) nomi bilan tashkil etilgan. Respublikada 30-yillarning 2-yarmiga qadar barcha turdagi adabiyotlar Oʻzdavnashrda chop qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillari respublikadagi mustaqil nashriyotlar Oʻzdavnashrga birlashtirilgan, matbaa korxonalari, kitob savdosi ishlari ham uning ixtiyoriga berilgan. Oʻzdavnashr boʻlimlari negizida „Oʻqituvchi“ (1949), Davlat badiiy adabiyot nashriyoti (1957), „Meditsina“ (1958), „Yosh gvardiya“ (1960) nashriyotlari tashkil etilgan. 1964-yildan Oʻzdavnashr „Oʻzbekiston“ nashriyoti deb atala boshlagan. 2004-yilda „Oʻzbekiston“, „Mehnat“, „Oʻzblanknashr“ nashriyotlari, Toshkent matbaa kombinati birlashtirilib, „Oʻzbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyiga aylantirildi. Uning tarkibiga bolalar nashrlari: „Gulxan“, „Gʻuncha“ jurnallari, „Tong yulduzi“, „Klass!“ gazetalari, „Sogʻlom avlod“, „Zerkalo XXI veka“ gazetalari tahririyatlari kiritildi (nashriyot tarixi haqida yana q. Noshirlik). „Oʻzbaekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Respublika hukumati qarorlarini va boshqalar rasmiy materiallarni, turli meʼyoriy hujjatlarni nashrga tayyorlab, chop etadi. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, yuridik adabiyotlarni, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari uchun darsliklar, oʻquv va metodik qoʻllanmalar hamda boshqa adabiyotlarni nashr qiladi. Taʼlim oʻzbek, rus, tojik, turkman, qirgʻiz va qozoq tillarida olib boriladigan umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar chiqaradi. Oʻzbek, qardosh va xorijiy tillarda ilmiyommabop, badiiy adabiyotlar, maʼlumotnomalar, lugʻatlar, tasviriy sanʼat mahsulotlari, fotoalbomlar, bukletlar, prospektlar, kalendarlar, plakatlar, koʻrgazmali qurollar, gazetajurnallar, shuningdek, xalq isteʼmoli mollari bosma mahsulotlari, idora hujjatlari, sinf jurnallari, dasturlar, turli ish qogʻozlari (blanklar) ni ham chop etadi.

Soʻnggi yillarda „Oʻzbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi Respublika Prezidenti Islom Karimov asarlarining 12 jildini (oʻzbek va rus tillarida), oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun Yo. Toʻraqulovning „Bioximiya“, T.A.Sarimsoqovning „Haqiqiy oʻzgaruvchining funksiyalari nazariyasi“, 3. Salimovning „Kimyoviy texnologiyaning asosiy jarayonlari va qurilmalari“ning 1 va 2 jiddlari, M.Salohiddinovning „Matematik fizika tenglamalari“, N.A.Parpiyevning „Anorganik kimyo“, T. Joʻrayev va boshqalarning „Oliy matematika asoslari“ kabi fundamental darsliklarni, bank tizimi faoliyati bilan bogʻliq koʻp jildli meʼyoriy hujjatlar toʻplamlarini nashr etdi. „Oʻzbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi aholiga, tashkilot hamda muassasalarga noshirlikmatbaa xizmatini koʻrsatadi.

Bosmaxonasida 2003-yilda zamonaviy rangli gaz.larni chop etish sexi ishga tushirildi. Hozirgi kunda (2005) bu sexda 20 dan ortiq gazeta va jurnal chop etilmoqda. Ularning bir gallik tiraji 500 ming nusxani tashkil etadi.

„Oʻzbekiston“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi 2004-yilda 1737 bosma taboq hajmida, 6 mln. 380 ming nusxada kitob, gazeta, jurnal va boshqalar bosma mahsulotlarni chop etdi.

Shomuhiddin Mansurov.