Oyoqsiz amfibiyalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oyoqsiz Amfibiyalardan yoʻnaltirildi)

Oyoqsiz amfibiyalar (Apoda, Gymnopkiona) — suvda hamda quruqlikda yashovchilar turkumi. Bitta chervyaga oilasi kiradi; 170 tur va 37 urugʻga ajratiladi. Afrika, Osiyo va Amerikaning tropik mintaqalarida tar-kalgan. Uzunligi 38—100 sm. Gavdaning shakli va tuzilishi tuproqni kovlab hayot kechirishga moslashgan. Gavdasi chuvalchangsimon, oyoqsiz, koʻndalang halqalarga boʻlingan. Terisi yalangʻoch, koʻp miqdorda shilimshiq bezlar bilan qoplangan. Boshi tanasidan deyarli ajralmagan, koʻzlari kuchsiz rivojlangan boʻlib, dumi kalta. Nogʻora pardasi va oʻrta qulogʻi boʻlmaydi, hid bilish va tuygʻu organlari yaxshi rivojlangan. Koʻpchilik turlari nam tuproqlarda, daryo va koʻllar boʻyida, ayrim turlari suvda yashaydi. Gavdasini ilonga oʻxshab egib harakatlanadi. Umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. 5 tadan 30 tagacha tuxum qoʻyadi. Bir xillarining tuxumdonidan suvda metamorfoz orqali rivojlanadigan lichinkalar chiqadi. Boshqalarida lichinkaning rivojlanishi tuxum ichida tugallanadi. Suvda yashovchi turlari tirik tugʻadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil