Olimpiya Birdamligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Olimpiya Birdamligi dasturining Nizomi 1978-yili Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasining maxsus komissiyasida maʼqullangan. Uning vaqtinchalik qarorgohi Rim shahridagi Italiya Milliy olimpiya qoʻmitasi binosida joylashgan edi, 1980-yili Shveysariyaning Lozanna shahriga koʻchirildi. 1981-yili Baden-Baden shahrida oʻtkazilgan Olimpiya Kongressidan soʻng Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi ushbu komissiyaga maʼmuriy muxtorlik berdi.

Milliy olimpiya qoʻmitalarining amaliy faoliyatiga koʻmaklashish uchun 1973-yilda Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi Olimpiya Birdamligi dasturi maxsus jamgʻarmasini taʼsis etdi (telekompaniyalarning olimpiya musobaqalari translyatsiyasidan olingan mablagʻlarning 1/3 qismi). Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasining ushbu dasturi vazifasi asosan Milliy olimpiya qoʻmitalari faoliyatini muvofiqlashtirish va olimpiya harakatini rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat.

Dastur maqsadlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olimpiya Birdamligi qabul qilgan dasturning asosiy maqsadlari quyidagilardir:

— Olimpizmga asoslangan tamoyillarni tarqatish;

— murabbiylar, Milliy Olimpiya Qoʻmitasi boshqaruvchi kadrlarini tayyorlaydigan turli kurslar va seminarlar tashkil etish;[1]

— sport maʼmurlarini tayyorlash;

— Milliy Olimpiya Qoʻmitasi rahbarligi yoki shafeligida milliy, hududiy va min taqaviy miqyosdagi musobaqalarni tashkil etishga, shuningdek, hududiy yoki mintaqaviy oʻyinlarda ishtirok etish uchun delegatsiyalarni tayyorlashga koʻmaklashish;

— Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun sportchilar va ja moalarni tayyorlashda MOQga koʻmaklashish va murabbiy hamda sportchilarga stipendiyalar toʻlash;

— sport anjomlari va jihozlar bilan taʼminlash;

— Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun kompensatsiya toʻlash;

— Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarning Milliy Olimpiya Qoʻmitasi faoliyatiga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida murabbiylar, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni yoʻnaltirish;

-sport-uslubiy, informatsion va boshqa koʻplab maxsus adabiyotlar va hujjatlarni chop ettirish va boshqalar.

1984-yildan buyon Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi Milliy olimpiya qoʻmitalarining muayyan sportchilari va rasmiy shaxslarining yozgi va qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishi uchun yoʻl harajatlarini qoplab kelmoqda.

Ushbu dasturlar Olimpiya Birdamligi Komissiyasi nazoratidadir. Mazkur komissiya Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi Prezidenti tayinlagan aʼzolardan tarkib topgan boʻlib, Olimpiya Birdamligi faoliyatini boshqarish va asosiy yoʻnalishlarini aniqlash uchun mas’uldir. Misol tariqasida dasturlarning tasdiqlanishi, ularning byudjeti, monitoringi, qoʻllanish vositalarini keltirish mumkin.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „XOQning "Olimpiya birdamligi" dasturi asosida tashkil etilgan o'quv-texnik seminari yakunlandi“. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  2. ; Farhod Turdiyev; Munavvarxon Rasulova"Olimp sari" (oʻzbek). "Navro'z" nashriyoti — 57 bet. ISBN 978-9943-381-37-7.