O’zbekistonda V-VIII asrlarda etnomadaniy jarayonlar tarixshunosligi
O’zbekistonda V-VIII asrlarda etnomadaniy jarayonlar tarixshunosligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Turk xoqonligi davriga oid ko‘plab yozma yodgorliklar ham bizgacha yetib kelgan va ular atroflicha o‘rganilgan. Asosan, xitoy manbalari va qadimgi turk bitiktoshlari, so‘ngra yunon‚ arman va suryoniy tillaridagi “Yilnomalar” xarakteridagi yozma manbalarda Turk xoqonligi haqida ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkin. Xitoy yilnomalari keng qamrovli bo‘lsa ham‚ ular, asosan, xoqonlikning markaziy hududlaridagi siyosiy jarayonlar, xoqonlik va Xitoy imperiyalari orasidagi munosabatlar mohiyatini qamrab olgani uchun chekka hududlar - Qora dengiz sohillari‚ Shimoliy Kavkaz va Xurosondagi ijtimoiysiyosiy jarayonlarni yoritishda boshqa manbalarga murojaat qilish zururiyati tug‘iladi. Bitiktoshlardagi ma’lumotlar voqealarni ancha-muncha yilma-yil yoritgan bo‘lsa ham, xoqonlikning nisbatan keyingi davrlariga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tish zarur. Bu guruhga mansub boshqa tillardagi manbalar esa xoqonlikning ma’lum bir davrini qisqa shaklda qamrab oladi. “Sayohatnomalar” esa Syuan Szyan va Xoy Chao kabi Xitoy rohiblarining Markaziy Osiyo va unga qo‘shni mamlakatlarga qilgan sayohatlari qaydi‚ vizantiyalik elchilar ma’lumotlariga asoslangan yunon manbalari‚ Uyg‘ur xoqonligi (745-840) tomonidan soliq yig‘imi taftishi va qo‘shni xalqlar haqida ma’lumot yig‘ish maqsadida yuborilgan elchilar ma’lumotlari asosida yozilib, tibet tilidagi tarjima nusxasi etib kelgan hujjat va hokazolardir. “Hujjatlar” turkumidagi Panch (Sug‘d) hukmdorligiga oid sug‘diycha Mug‘ tog‘i arxivi hujjatlari‚ Toxariston va Kobul vodiysidan topilgan baqtriycha hamda Turfonga taalluqli xitoy va sug‘diy tilli hujjatlar xoqonlik tarixini yorituvchi bevosita va bilvosita ma’lumotlarni o‘zida aks ettiradi. “Doston va epik asarlar” esa “Qutadg‘u bilik”‚ “O‘g‘uznoma” kabi asarlardan iborat bo‘lib, ularda qadimgi turkiy davlatchilik an’analariga doir lavhalar uchraydi.Shuningdek, xitoy yilnomalarida aks etgan qadimgi turklarning yaratilish afsonalariga aloqador lavhalar ham xoqonlikning davlat sifatida paydo bo‘lishi masalalarini yoritishda muhim ahamiyatga ega. “Lingvistik manbalar” mohiyatidagi qadimgi turkcha O‘rxun Enisey bitiktoshlari, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari xoqonlik davridagi boshqaruviga xos atamalarni yoritishda katta o‘rin tutadi. Yozma yodgorliklarning eng qadimiylari hisoblangan Bug‘ut (Mo‘g‘uliston; 588−yil), Ili (Sharqiy Turkiston; 599-yil) kabi sug‘diy tilli va 690-730-yillar orasida yaratilgan Ongin‚ Tunyuquq‚ Kul Tegin‚ Bilga xoqon‚ Muyuncho‘r‚ Terxin kabi qadimgi turkiy tilli bitiktoshlar xoqonlik tarixining ma’lum bir davrlarini o‘rganish bo‘yicha eng muhim manbalardan hisoblanadi.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |