Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi — yozuvchilarning koʻngilli ijodiy jamoat tashkiloti. 1934-yil 8—11-martda boʻlgan Oʻzbekiston yozuvchilarining I qurultoyida tashkil etilgan. Bungacha ular turli toʻgarak va uyushmalar holida faoliyat koʻrsatgan. Jumladan, 1919-yil „Chigʻatoy gurungi“ nomli adabiy toʻgarak atrofida uyushgan jadidlar oʻzbek milliy adabiyotining shakllanishiga hissa qoʻshgan. 1926-yilda Samarqandda „Qizil qalam“ nomli adabiy tashkilot tuzilgan, bu tashkilotning Qoʻqon, Fargʻona, Namanganda mahalliy shoxobchalari ish olib borgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uyushmaning birinchi raisligiga adabiyotshunos Rahmat Majidiy saylangan. Turli yillarda uyushmaga Hamid Olimjon, Oybek, Sharof Rashidov [1949-1950], Uygʻun, Abdulla Qahhor, B. Rahmonov, Sarvar Azimov, Oʻlmas Umarbekov, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Bobur Alimov, Muhammad Ali rahbarlik qilgan. 2018-yildan uyushmaga Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid raislik qilmoqda.

Oʻzbekiston yozuvchilarining asosiy maqsad va vazifasi hamda tashkiliy huquqiy shakli uyushmaning ustavi, guvohnomasi, ramzi va guvohnomasida oʻz ifodasini topgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbari va uning uch nafar oʻrinbosari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining barcha viloyat boʻlimlari mas’ul kotiblari bor. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining shtat birligi jami: 47 kishi boʻlib, shulardan barcha viloyatlarda jami 24 nafar xodim faoliyat koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi, respublika maʼnaviy targʻibot markazi, jamgʻarmalar, boshqa uyushmalar va boshqa jamiki davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining chet davlatlarda vakolatxona va filiallari yoʻq.

Uyushmaning 700 ga yaqin aʼzosi bor. Viloyatlarda oʻz boʻlimlariga, Doʻrmon qishlogʻida ijod uyiga, shifoxona maskani, Adabiyot jamgʻarmasi („Ijod“) va nashriyotiga ega. Muassisligida „Sharq yulduzi“, „Zvezda Vostoka“, „Yoshlik“ jurnallari hamda „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, „Yozuvchi“ gazetalari chop etiladi. 2002-yilda Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashi tashkil etildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

https://lex.uz/docs/3783426

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]