Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi — konstitutsiyaviy nazorat olib boruvchi oliy sud organi. Oʻz faoliyatini qonun asosida mustaqil amalga oshiradi. Konstitutsiyaviy sudning vakolati, uning tuzilishi va faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108, 109-moddalari va "Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida"gi qonun (1995 yil 30 avg .) bilan belgilangan. Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni koʻrish kiradi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, jumladan, quyidagi vakolatlarga ega: qonunlarning va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining , Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining , hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining , Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqalar majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi; Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham koʻrib chiqadi.

Konstitutsiyaviy sud siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan Konstitutsiyaviy sud raisi, rais oʻrinbosari va sudyalaridan, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilidan iborat tarkibda 5 yil muddatga saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Konstitutsiyaviy sud doimiy ishlaydigan organ, uning majlislari zaruratga qarab oʻtkaziladi va qoida tarzida ochiq boʻladi. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun uning devoni tuziladi. Konstitutsiyaviy sudning raisi va aʼzolari deputat boʻla olmaydilar, siyosiy partiyalar va harakatlarning aʼzosi boʻlishlari va boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud sudyalari daxlsizlik hukuqidan foydalanadilar. Konstitutsiyaviy sudning qarorlari matbuotda eʼlon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi. Ular qatʼiy va ular ustidan shikoyat qilish mumkin emas. 1998 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborognomasi nashr etiladi.