Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari markaziy muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston respublikasi qurolli kuchlari markaziy muzeyi — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli muassasalardan biri. 1965-yilda Markaziy ofitserlar uyi qoshida Turkiston harbiy okrugi jangovarlik shuhrati muzeyi sifatida tashkil etilgan. 1975-yil 7-mayda hozirgi binosiga koʻchgan. Umumiy maydoni 3 ming kv. m dan ortiq. Eksponatlari 10 mingdan ziyod. Muzeyning asosiy ish faoliyati ekspozitsiyalar (buyumashyolar, hujjatlar, jangovar mukofotlar va qurolyarogʻlar) orqali yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan.

Muzey binosi „Jasorat“ nomli bogʻda joylashgan. Bino oldida qoʻlida qurol ushlagan askar haykali qoʻyilib, unda „Vatan himoyachisiga“ yozuvi bor. Haykal atrofida Ikkinchi jahon urushida Qahramon unvoniga sazovor boʻlgan 338 oʻzbekistonlik jangchilarning, 53 ta Shuhrat ordeni nishondorlari va „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvonini olgan vatandoshlarimiz nomlari marmarga oʻyib yozilgan. Bogʻ xiyoboni boʻylab Ikkinchi jahon urushi davridagi va jangovar zamonaviy, haqiqiy texnika (MIG21 samolyoti, „Katyusha“ JM13 mashinasi, tanklar, pushkalar, gaubitsalar) qoʻyilgan. Razvedkachilar, desantlar, havo hujumidan mudofaa jangchilari, dengizchilar, uchuvchilar, artilleriyachilar, tankchilar, piyoda askarlar, chegarachilar, harbiy tibbiyot xodimlari, aloqachilar va sapyorlar byustlari oʻrnatilgan. Harbiy xizmatga chaqirilganlar bogʻda qasamyod qilishadi.

Bino 3 qavatdan iborat boʻlib, ekspozitsiyalar 3 harbiy tarixiy davrga boʻlib yoritilgan. 1-davr „Temuriylar davridagi harbiy sanʼat (14—15-asrlar)“ ga bagʻishlangan. Amir Temur harbiy sarkarda sifatidagi koʻp qirrali faoliyati yoritib berilgan. Zal ekspozitsiyalari asosini „Amir Temurning Toʻxtamishxonga qarshi uchinchi harbiy yurishi“ batal dioramasi (oʻlchami — 12,5x3,5, mualliflari Alisher Ergashev, Mahmud Samiqov va Muxtor Zoirovlar) tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda „Amir Temur ot ustida“ portreti (muallif R.Ziyodillayev), qurolyarogʻlar namunalari, bayroqlar, „Amir Temur davlati xaritasi“, nogʻoralar va h.k. oʻrin olgan. 1qavatda koʻrgazma va kino zallari joylashgan.

2-davr fashizmga qarshi kurash (1941—45 yillar) yillarida oʻzbek xalqining qahramonligiga bagishlangan. Har bir koʻrgazmada u yoki bu jangda qatnashgan oʻzbekistonlik askarlarni shaxsiy buyumlari, jangovar mukofotlari, hujjatlari va h.k. qoʻyilgan. Vatandoshlarimizning mehnat frontidagi faoliyati keng yoritilgan. Eksponatlar orasidan fashistlar Germaniyasidan tortib olingan oʻljalar (fashistlar Germaniyasi harbiy mukofotlari, oʻt ochish qurollari), qurolaslahalar, harbiy mashina, tank va samolyotlarning maketlari joy olgan. Zal ekspozitsiyalari xronologik xarakterga ega boʻlib, Brest qalʼasi uchun boʻlgan janglardan tortib to Berlingacha boʻlgan janglarni oʻzida yoritgan hamda toʻliq maʼlumot berilgan.

3-davr „Mustaqil Oʻzbekiston himoyasida“ deb nomlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topishi tarixi, uning qonuniy asoslari, Qurolli Kuchlarimiz qoʻshinlari tarkibi, harbiy hududiy boʻlinmalar — harbiy okruglar, ulardagi qism va qoʻshilmalarning jangovar tayyorgarligi, oliy harbiy bilim yurtlarida, serjantlar tayyorlash maktablarida harbiy kadrlarni tayyorlash, shu bilan bir qatorda milliy armiyamizning xalqaro harbiy hamkorligi, tarbiyaviy, madaniy-maʼrifiy, sport hamda harbiy ommaviy axborot vositalari faoliyati keng yoritilgan. Muzey armiya faoliyatini yoritishda respublikamiz muzeylari orasida oʻziga xos ilmiy markazga aylangan. Muzey qoshida urush va Qurolli Kuchlar faxriylarining kengashi tuzilgan.

Dilorom Rahimova.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]