Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiyishlab chiqarish markazi — Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi, suv hamda oʻrmon xoʻjaligi boʻyicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradigan oliy ilmiy muassasa. 1997 yil 12 martda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi Fanlari Akademiyasi (1991) negizida OʻzR Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan. 1997 yil 3 noyabrda OʻzR Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Tarkibida 17 ilmiy tekshirish muassasasi, jumladan, paxtachilik; gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi; qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish; oʻsimlikshunoslik; sugʻoriladigan yerlarda gʻalla va dukkakli oʻsimliklar; oʻsimliklarni himoya qilish; veterinariya; chorvachilik; qoraqoʻlchilik va choʻl ekologiyasi; sholichilik; bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik; bozor islohotlari ilmiy tekshirish institutlari, lub tolali ekinlar tajriba st-yasi; Qoraqalpogʻiston dehqonchilik instituti bor; Respublikaning viloyatlarida markazning boʻlimlari tuzilgan. Markazning ilmiy ishlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda turli toifadagi 45 xoʻjalik birkitilgan boʻlib, ularning umumiy ekin maydoni 104 ming ga dan ortiq, shundan 6 ming ga bogʻ va uzumzor, 41 ming ga sugʻoriladigan yerlarda ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi (2005). Markaz Oʻzbekiston va jahon fani hamda amaliyotining ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda respublika agrosanoat majmuining eng muhim muammolari boʻyicha i.t.larni tashkil etadi, ularning natijalarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etadi; davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda dehqonchilikda hosildorlik, chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, qishloq xoʻjaligini intensivlash, ekinlarning yangi serhosil navlarini yaratish va r-nlashtirish, zamonaviy texnologiyalarning ilmiy asoslangan tizimi dasturlarini tayyorlaydi; yaratilgan ilmiy va texnik ishlanmalarning dehqonchilik, chorvachilik, irrigatsiya, melioratsiya, oʻrmon xoʻjaligiga joriy etilishi ustidan mualliflik nazoratini amalga oshiradi; qishloq xoʻjaligini tashkil etish va yuritishning jahon tajribasini oʻrganadi; xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy tekshirish markazlari bilan hamkorlikni rivojlantiradi; oʻz tasarrufidagi ilmiy xodimlarning chet ellarda va ilmiy muassasalarda malaka oshirishini tashkil etadi; yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan drlari, fan nomzodlari) tayyorlaydi.

Markazda ilmiytexnika kengashi va Rayosat tashkil etilgan. Markaz huzurida falsafa va chet tillar kafedrasi, aspirantura boʻlimi, markaziy ilmiy kutubxona bor. Markazning ilmiy tekshirish muassasalarida 1200 ga yaqin ilmiy xodim, jumladan, 68 fan d-ri va 521 fan nomzodi ishladi (2005). Markaz jahondagi qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi Xalqaro qishloq xoʻjaligi ilmiy markazi (IKARDA), Xalqaro sholichilik (IRRI), Xalqaro kartoshka tadqiqotlari (SIP), Xalqaro suv xoʻjaligi (IVMI), Xalqaro makkajoʻxorikorlik (SIMMIT), Xalqaro genetik manbalar (IPGRI) va boshqalar markazlar, Yaponiya, AQSH, Koreya, Hindiston qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari agentliklari bilan ilmiy aloqalar oʻrnatgan.

Abdushukur Xonazarov.