Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbek milliy akademik drama teatri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻzbek milliy drama teatridan yoʻnaltirildi)
Vebsayti www.milliyteatr.uz

Oʻzbek milliy akademik drama teatri – Oʻzbekistonda yangi sahna sanʼatini shakllanishi va rivojlanishiga karvonboshilik qilgan teatr jamoasi, eng keksa va yirik teatrlardan.

Tashkil topishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1913-yil Toshkentda tashkil topib, 1914-yilning 27-fevralida M.Behbudiyning „Padarkush“ asari bilan ochilgan (jadidlarning „Turon“ nomli teatr truppasi spektakli). Truppaning badiiy rahbari Abdulla Avloniy, maʼnaviy va moddiy homiylari Munavvarqori Abdurashidxonov singari Toshkentning moʻʼtabar kishilari tashkil etgan. Ijrochi kuchlar Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xoʻjayev, Badriddin Aʼlamov, Shokirjon Rahimiy, Muhammadjonqori Poshshaxoʻjayev, Fuzail Jonboyev, Hasanqori, Sameʼqori Ziyoboyev, Qudratilla Yunusiy singari 24 kishidan iborat boʻlgan. Truppada „Toʻy“ (N.Qudratilla), „Baxtsiz kuyov“ (A.Qodiriy), „Advokatlik osonmi?“ (A.Avloniy), „Mazluma xotin“ (H.Muin), „Pinak“, „Oʻliklar“ (M.Qulizoda) singari asarlar sahnalashtirilgan. 1918-yil „Turon“ truppasi davlat ixtiyoriga olinib, unga „davlat teatri“ maqomi berildi. Badiiy rahbari va rejissori etib Mannon Uygʻur tayinlandi.

1918—21 yillar Uygʻur, Gʻulom Zafariy, Badriddin Aʼlamovlar boshchiligidagi Abror Hidoyatov, Abdurahmon Akbarov, Fatxulla Umarov, Karim Yoqubov, Shokir Najmiddinov, Muzaffar Muhamedov, Mahsuma Qoriyeva, Yatim Bobojonov, Obid Jalilov, Sayfi Olimov, Bosit Qoriyev singari teatr kelajagiga yoʻl ochgan aktyorlar repertuarini taʼminlagan Abdurauf Fitrat, Gʻozi Yunus, Choʻlpon, Xurshid va boshqalar dramaturglarning xizmatlari katta. „Fanniy uy“ (Uygʻur), „Zaharli hayot“, „Boy ila xizmatchi“, „Tuhmatchilar jazosi“, „Iffat qurbonlari“ (Hamza), „Yomon oʻgʻil“, „Erk bolalari“ (Gʻ.Zafariy), „Zaxokki maron“ (Gʻ.Yunus), „Chin sevish“, „Hind ixtilochilari“ (Fitrat), „Yorqinoy“, „Xalil farang“ (Choʻlpon) va boshqalar teatr repertuaridan oʻrin oldi. Teatr sahnasida drama, musiqali drama, bolalar teatri yoʻnalishlari vujudga keladi. Bu jarayon 1929-yil teatrdan drama, musiqali drama, yosh tomoshabinlar davlat teatrlari ajralib chiqishi bilan yakunlandi.

1920-yil sahnalashtirilgan „Halima“ (Gʻ.Zafariy) nomli musiqali drama spektakli sahna ijrochiligida professionalizm va tomoshaviylikni taʼminladi. 1921—25 yillar davomida „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ (Xurshid), „Qaroqchilar“, „Makr va muhabbat“ (F.Shiller) singari drama, musiqali drama, fojia janrlariga oid asarlar sahnalashtirildi. Bu spektakllardagi obrazlar talqini, rejissuradagi sinchkovlik amallari teatr jamoasini realizm va professionalizm yoʻliga safarbar etdi. 1924-yil Moskvada ochilgan Oʻzbek drama studiyasiga M.Uygʻur va Choʻlpon boshchiligida A.Hidoyatov, M.Muhamedov, O.Jalilov, T. Sultonova, L.Nazrullayev, S.Tabibullayev, Sh. Qayumov, \.Latipov, Gʻ.Isomov, H. Rahmatullayev singari 24 kishi bilim va mahoratini oshirishga yuboriladi. Sayfi Olimov boshchiligidagi boshqa bir guruh Boku teatr texnikumiga oʻqishga joʻnatiladi. Mazkur tadbir jahonning yetuk teatrlari tajribasini amalda yaqindan oʻrganib, oʻz ijro mahoratini toblashda muhim bosqich boʻldi.

Studiyachilar Moskvadan qaytgach, teatr jamoasi qayta tuzilib, unga Sayfi Olimov boshliq, Boku teatr texnikumini bitirib kelgan Halima Nosirova, Zuhur Qobilov, Karim Yoqubov, Rahimberdi Bobojonov, shuningdek, yoshlardan Shukur Burhonov, Olim Xoʻjayev, Nabi Rahimov, Karim Zokirov, Shohida Maʼzumovalgr qoʻshiladilar. 1927— 30 yillar „Arslon“, „Halima“, „Farhod va Shirin“ kabi spektakllar sahnalashtirildi. Teatrga 1929-yil Hamza nomi, 1933-yil „akademik drama teatri“ maqomi berildi. 1935-yil Uygʻur sahnalashtirgan „Hamlet“, „Otello“ (1941, A.Ladigin bilan hamkorlikda), 1939-yil Ya. Bobojonov sahnalashtirgan „Boy ila xizmatchi“ spektakllari rejissura va ijroda badiiyot namunasi sifatida qayd etilgan. Ayni paytda „Nomus va muhabbat“, „Paxta shumgʻiyalari“, „Niqob yirtildi“ kabi spektakllar sahna yuzini koʻrdi. Jahon va milliy mumtoz asarlarga murojaat etish bilan teatr oʻz mavqeini yanada mustahkamladi: „Qoʻzibuloq qishlogʻi“, „Mehmonxona bekasi“, „Revizor“, „Makr va muhabbat“, „Hamlet“, „Boy ila xizmatchi“, „Otello“ va boshqalar.

Teatrda Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillar „Hamza“, „Jaloliddin Manguberdi“, „Alisher Navoiy“ va boshqalar, urushga javoban „Front“, „Oʻlim bosqinchilarga“ kabi spektakllar qoʻyildi.

1946—60 yil lar yaratilgan „Hayot qoʻshigʻi“, „Oila nomusi“, „Aybsiz aybdorlar“, „Yurak sirlari“, „Qutlugʻ qon“, „Ogʻriq tishlar“, „Qaroqchilar“, „Gang daryosining qizi“, „Jazoir – mening vatanim“, „Yuliy Sezar“, „Hurriyat“ singari yirik spektakllarda teatrning keksa, oʻrta, shuningdek, yosh avlodga mansub ijrochilari samarali natijalarga erishdilar. Rej. lardan A.Ginzburg, T .Xoʻjayevlarning teatr ravnaqiga xizmatlari alohida boʻldi.

1960—90 yillar teatr jamoasida avlod almashinuvi jadallashdi. T.Xoʻjayevdan keyin A.Qobulov, I.Otaboyev, .Yoʻldoshev, R.Hamidov, X.Apponov, X.Qoʻchqorov, S.Kapriyelov, T.Isroilov, L.Fayziyevlar rej. sifatida faoliyat koʻrsatdilar. T.Azizov, P.Saidqosimov, O.Yunusov, L.Yusupova, R.Ibrohimova, O.Norboyeva, T.Jamilova, D.Ismoilova, M.Ibrohimova, G.Zokirova, T.Tojiyev, L.Oripov, L.Karimov, R.Avazov, Yo. Ahmedov, E.Komilov, L.Moʻminov, S.Umarov, Yo. Saʼdiyev, J. Zokirov, M.Abduqunduzov, Gʻ.Hojiyev kabi aktyorlar teatrning faol ijodkorlariga aylandilar. Teatr repertuaridan zamon va zamondoshlar qiyofasi ijtimoiy hayot illatlaridan bahs yurituvchi drama va komediyalar – „Imon“, „Koʻrmayin bosdim tikonni“ (I.Sulton), „Shubha“, „Qotil“, „Parvoz“, „Parvona“ (Uygʻun), „Tobutdantovush“, „Ayajonlarim“ (A.Qahhor), „Togʻa va jiyanlar“ (R.Bobojon), „Olma gullaganda“ (O. Yoqubov), „Oltin devor“ (E.Vohidov), „Komissiya“, „Qiyomat qarz“, „Shoshma, quyosh“, „Oʻz arizasiga koʻra“ (Oʻ.Umarbekov), „Oʻgʻrini qaroqchi urdi“ (Shukrullo), „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, „Kuyov“ (S.Ahmad) va boshqalar sahnaga qoʻyildi. Tarixiy drama janrida M.Shayxzodaning „Mirzo Ulugʻbek“, I.Sultonning „Nomaʼlum kishi“ pyesalari misolida tub sifat oʻzgʻarishi yuz berdi. Asarlar tarixiy, falsafiy mavzui ayniqsa, badiiy yetukligi bilan rej. va ijrochilar uchun keng imkoniyatlar berdi. Ketmaket shu janrda „Zebunniso“, „Abu Rayhon Beruniy“, „Abu Ali ibn Sino“ (Uygʻun), „Nodirabegim“ (T.Toʻla), „Yulduzli tunlar“ (P.Qodirov) spektakllari qoʻyildi. Bu spektakllardagi aktyorlar ijrosi jamoa uchun namuna maktabi boʻldi. „Shoh Edip“, „Qirol Lir“, „Mariya Styuart“, „Gʻariblar“, „Oʻlimdan kuchli“, „Tirik murda“, „Asrga tatigulik kun“, „Oy tutilgan tunda“ kabi mumtoz asarlar namunalari teatr tarixida alohida oʻrin tutadi (2007).

Tashqi koʻrinishi (2023-yil)

Mustaqillik yillarida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, teatr faoliyatida keskin oʻzgarishlar roʻy berdi. Ijodiy jamoa har tomonlama erkin ish yuritish, repertuar tuzish imkoniyatiga ega boʻldi. 2001-yil 21-sentabrdan teatr nomi oʻzgartirilib, „Oʻzbek milliy akademik drama teatri“ deb atala boshlandi. Jamoa zamonaviy mavzuda spektakl yaratish bilan birga buyuk tarixiy shaxslar, qatagʻon qurbonlarining badiiy timsolini yaratishga eʼtibor kuchaytirdi. Natijada U.Shekspir zamondoshi K.Marloning „Sohibqiron Temur“ dramasi oʻzbek sahnasida ilk bor sahnalashtirildi, A.Oripovning „Sohibqiron Temur“ dramasi, U.Azimovning Choʻlpon hayotidan hikoya qiluvchi „Kunduzsiz kechalar“ tomoshabinlarga taqdim etildi. „Jar“, „Xotinlar gapidan chiqqan hangoma“, „Sabʼai sayyor“, „Alisher Navoiy“, „Abulfayzxon“, „Mehrobdan chayon“, „Chimildiq“, „Qalliq oʻyin“, „Mashrab“, „Muhabbat sultoni“, „Daraxtlar tik turib jon beradi“, „Hamlet“, „Qirol Lir“, „Yetti faryod“ va boshqalar soʻnggi yillar yaratilgan eng yaxshi spektakllardir. Yoqub Ahmedov, Rixsi Ibrohimova, Erkin Komilov, Tolib Karimov, Saidkomil Umarov, Tesha Moʻminov, Zuhra Ashurova, Jamshid Zokirov, Gavhar Zokirova, Madina Muxtorova, Tohir Saidov, Uchqun Tillayev, Muqaddas Xoliqova, Saida Rametova, Raʼno Yarasheva va boshqalar teatrning yetakchi aktyorlaridir. Teatrning bosh rej.i Valijon Umarov (2005).

Teatr binosi 2001-yilda zamonaviy talablarga javob beradigan qilib qayta taʼmirlandi. Taʼmirdan soʻng bino butunlay yangi qiyofaga ega boʻldi, zamonaviy texnikmuhandislik asboblari bilan jihozlandi. Bosh tarzi ustunlardan tashkil topgan, peshtoqi egik yoy shaklida, 3 ta kirish eshigi ravoqli. Foye va zali ogʻir qurilmalardan xalos etildi: foye shiftiga naqshinkor bezakli gumbaz, tomosha zalining shiftiga esa osmonda suzib yurgan bulutlar tasvirlangan osma gumbaz ishlangan, uning atrofi gul yaproqlarini eslatuvchi qandillar bilan hoshiyalangan. Zalni yoritishda 7 qismli nodir yoritish tizimi qoʻllangan. Binoning 2 yon tomoni 7, 8 m ga kengaytirildi. 1 qavatda vestibyul, 2qavatning oʻng qanotida „Maqom“ musiqa saloni, chap qanotida teatr rahbariyati xonalari, 3qavatda teatr muzeyi joylashgan. Binoning yer osti qismiga kichik zal, xodimlar uchun sport zali va boshqalar xonalar, garderob ishlangan. Bosh tarzitdagi stilobat kengligida 2 ta kassa, barlar joylashgan.

Zal devorlari ganchkorlik usulida darpardalar koʻrinishida bezatilib, oraliqlariga bir maromda takrorlanuvchi zarhallangan koʻk koshinkori vertikal yoʻllar ishlangan. Sahna pardasi zardoʻzi kashtalar bilan jozibador bezatilgan. Katta (540 oʻrin) va kichik (110) zaldagi oʻrindiq, foye va zinaning yogʻoch toʻsiqlari Italiyadan keltirilgan; zalning poydevori yashma toshlaridan, foye poli och rangli marmardan qadama usulida ishlangan. Eshiklar yogʻoch oʻymakorligida jozibador bezatilgan.

Binoning meʼmoriy yechimida milliy meʼmoriy anʼanaviy usullardai foydalanilgan. Bino Navoiy koʻchasidagi 50-yillarda qurilgan binolar bilan uygʻunlashtirilgan. Peshtoqdagi ustunlar qatori yon tarzlaridagi karnizlarda davom etadi. Stilobat, devor va yoysimon shakldagi bosh zina qizil granitdan, poyustunlar va bino poydevori yirik plitalar bilan qoplangan. Peshtoq antamblementining meʼmoriy boʻlaklari, ustun boshalari, yon tarzlaridagi ustunlar betonlar zdda quyib tayyorlangan, soʻng boʻyalgan. Bino bezaklarini yaratishda „Us to“ birlashmasi ustalari, Haykaltaroshlik eksperimental ishlab chiqarish kti, Toshkent keramika zavodi, „Ilhom“ teatri rassomlari va boshqalar samarali mehnat qildi. Oldidagi vitrajlar koʻk rang, yon tarzlari tilla rang shishalardan ishlangan.

Binoning tashqi yoritilishiga alohida ahamiyat berilgan: ustun ostiga oʻrnatilgan chiroq va projektorlar bilan binoning tungi salobati, koʻrki namoyon boʻladi.