O'rta Yevropa tekisligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻrta Yevropa tekisligi-gʻarbda Reyn daryosining quyi oqimidan boshlanib, sharqda Sharqiy Yevropa tekisligigacha kenglik boʻylab choʻzilgan. Shimolda Boltiq va Shimoliy dengizlar bilan, janubda Markaziy Yevropa togʻlari bilan chegaralangan. Oʻrta Yevropa tekisligi boshqa oʻlkalardan relyefining tekisligi va tabiiygeografik sharoitining bir xilligi bilan farq qiladi.

Bu yerda mavjud boʻlgan ayrim geomorfologik va tabiiy geografik ichki farqlar uning hududini uch qismga boʻlishga imkon beradi.

  • Shimoliy German pastekisligi,
  • Buyuk Polsha pastekisligi,
  • Yutlandiya yarim oroli.

Oʻrta Yevropa tekisligi Boltiq qalqoni bilan paleozoyda burmalangan togʻlar oraligʻidagi bukilmada hosil boʻlgan. Bu joylar perm davrida dengiz tagida boʻlgan va bir necha marta kontinental rejim bilan almashib turgan. Boʻr va paleogen davrlarida ham suv ostida qolib dengiz yotqiziqlri toʻplangan. Neogenning oxirida kontinental rejimga oʻtgan. Toʻrtlamchi davrda relyefining shakllanishiga materik muzliklari taʼsir koʻrsatgan. Eng soʻnggi muzlik tekislikning shimoli-sharqiy qismini qoplagan. Hozirgi relyef shakllarida bu muzlikning izlari yaxshi saqlangan. Materik muzligidan keyin yangi tektonik harakatlar natijasida yer yuzasining qaytadan pasayishi va transgressiyalar sodir boʻlgan, natijada Shimoliy hamda Boltiq dengizlari vujudga kelgan. Shimoliy dengiz sohillarida parallel ravishda Gʻarbiy va Sharqiy Friz orollar tizmasi, Yutlandiya yarim orolining gʻarbiy sohiliga yaqin hududlarda Shimoliy Friz orollar tizmasi choʻzilgan. Materik qirgʻoqlari bilan orollar tizmasi oraligʻida suvning koʻtarilishi paytida suv bosadigan oʻziga xos sersuv landshaft polosasi (vattlar) shaklangan. Friz orollari dyunalar gryadasidan tashkil topgan boʻlib, ular yaqindagina quruqlikning choʻkishi natijasida materikdan ajralgan. Dollart va Zeyder-Ze koʻrfazlarining hosil boʻlishi ham yangi tektonik harakatlar bilan bogʻliq. Tekislikning gʻarbiy qismi bir xil koʻrinishdagi yassi pastekislik boʻlib, uning balandliga 100 m ga ham yetmaydi. Qirgʻoq boʻylarining aksariyat maydoni dengiz sathidan ham pastda yotadi. Reyn daryosi oʻz deltasida bir necha tarmoqlarga boʻlinib juda koʻp orollar hosil qilgan. Bu orollarning yuzasi ham dengiz sathidan pastda joylashgan. Tekislikning dengiz sohillarida polderlar va marshlar barpo etilgan. Ular maksimal darajada madaniylashtirilib rang-barang agrolandshaftlarga aylantirilgan. Polderlar va marshlar polosasidan janubda, Shimoliy German pastekisligining shimoli-gʻarbida zandra qumoq yotqiziqlardan tarkib topgan nisbatan balandroq yerlar (gorstlar) joylashgan. Gorstlar kam hosildor, baʼzan botqoqlangan yerlar boʻlib, undan janubda, togʻ etaklari yonida lyossli jinslar ustida vujudga kelgan hosildor yerlar keng tarqalgan. Vezer va uning irmogʻi Aller daryolaridan sharq tomonda Shimoliy German pastekisligi kengayib, relyef shakllari oʻzgarib boradi. Tekislikning muz bosgan shimoli-sharqiy qismi gʻarbiga nisbatan tepalik relyef shakllari va bir oz balandligi bilan farq qiladi. Bu yerda oxirgi morenalar toʻplangan joylarda tepalik gryadalar va ular oraligʻidagi pastqamliklarda koʻplab sayoz koʻllar hosil boʻlgan. Morena gryadalari oraliqlarida vujudga kelgan koʻllar genetik jihatdan morena koʻllari tipiga kiradi. Tekislikning koʻllar keng tarqalgan bunday joylari koʻllarboʻyi mintaqasi deb ataladi. Shimoliy German pastekisligidagi Meklenburg koʻllarboʻyi mintaqasi, Buyuk Polsha pastekisligidagi Pomore va Mazur koʻllarboʻyi mintaqalari shular jumlasidandir. Koʻllarboʻyi mintaqalaridagi eng baland nuqta Gdansk shahri yaqinida 337 m ni tashkil etadi. Oxirgi morena gryadalari Yutlandiya yarim orolida meridional yoʻnalishda joylashgan. Shimoliy German va Buyuk Polsha tekisliklarida oxirgi morenalar kenglik boʻylab choʻzilib, koʻllarboʻyi mintaqalari bilan birgalikda Boltiq koʻllar gryadasini hosil qiladi. Shimoldagi Yutlandiya yarim orolining yer yuzasi yassi tekislikdan iborat. Eng baland nuqtasi Iding-Skov tepaligida 173 m ga yetadi. Yutlandiya janubda Kil kanali oʻtkazilgan hududda maydoni 40000 km2 ni tashkil qiladigan Shimoliy German pastekisligi bilan tutashgan. Yarim orolning iqlimi moʻtadil dengiz iqlim xarakteriga ega. Yillik yogʻin miqdori gʻarbida 800 mm dan sharqida 600 mm gacha oʻzgaradi. Maydonining 90% i yem-xashak oʻtlar, qand lavlagi va don ekinlari bilan, 9% i oʻrmonlar bilan band. Oʻrmonlar asosan gʻarbda qaragʻaylardan, sharqda buk va emanlardan tarkib topgan. Oʻrta Yevropa tekisligining iqlimi moʻtadil xarakterga ega boʻlib, gʻarbdan sharqqa tomon oʻzgarib boradi. Iqlimning uzoqlik boʻylab oʻzgarishiga sabab dengiz havo massasini materik ichkarisiga kirib borgan sari transformatsiyalanish jarayonining kuchayishi bilan bogʻliq. Shimoliy German pastekisligining gʻarbiy qismida yillik yogʻin miqdori 700-800 mm dan Buyuk Polsha pastekisligining sharqiy qismida, Varshava atrofida 500 mm gacha kamayadi. Gʻarbda qishi ancha yumshoq boʻladi, sovuqli kunlar deyarli boʻlmaydi. Yanvarning oʻrtacha harorati +1°,-1°S ga, minimal harorat Amsterdamda −27°S kuzatilgan. Yozi salqin, bulutli kunlar koʻp boʻladi. Iyulning oʻrtacha harorati +17°,+18°S. Sharqqa borgan sari yogʻin miqdorining kamayishi bilan birga qishi sovuqroq va yozi nisbatan issiqroq boʻla boradi. Buyuk Polsha pastekisligining sharqiy qismida yanvarning oʻrtacha harorati −4°S ni, iyulniki +18°,+19°S ni tashkil etadi. Qishda sovuqli kunlar soni koʻpayadi, daryo suvlari muzlaydi, qor qoplami hosil boʻladi. Oʻrta Yevropa tekisligida gidrografik toʻr yaxshi rivojlangan. Barcha daryolar uning hududini janubdan shimolga tomon kesib oʻtib Shimoliy va Boltiq dengizlariga quyiladi. Shimoliy dengizga quyiladigan daryolar estuariylar hosil qiladi, Boltiq dengizi havzasiga qaraydigan daryolar lagunalarga quyiladi. Tekislikning eng yirik daryolari Ems (371 km), Vezer (724 km), Elba (1165 km), Oder (907 km), Visla (1092 km) hisoblanadi. Visla daryosi havzasining maydoni 198500 km2 . Oʻrtacha yillik suv sarfi quyi oqimida 1100-1200 m3 /sek. ni tashkil etadi. U Gʻarbiy Karpat togʻlaridan boshlanib, Boltiq dengizining Gdansk qoʻltigʻiga quyiladi. Elba daryosi oʻlka hududida emas, balki Gʻarbiy Yevropada ham eng uzun daryolardan biri hisoblanadi. Havzasining maydoni 148 000 km2 ,oʻrtacha yillik suv sarfi 694 m3 /sek. Bu daryolar asosan yomgʻir suvlaridan va qisman togʻlardagi qorlarning erishidan toʻyinadi. Barcha daryolar bir-biri bilan kanallar orqali tutashtirilib yagona gidrografik toʻr tizimini hosil qilgan. Oʻrta German, Kil, Vidgosh va boshqa kanallar bunga misol boʻla oladi. Daryolar va kanallar juda katta transport ahamiyatiga ega. Tekislikning tabiiy zonal landshaftlari chimli-podzol tuproqli aralash oʻrmonlardan va qoʻngʻir tuproqli keng bargli oʻrmonlardan tarkib topgan. Biroq hozirgi vaqtda bunday oʻrmonlar juda kam qolgan. Ularning oʻrnini madaniy oʻtloqzorlar, qishloq xoʻjalik ekinlari, sunʼiy daraxtzorlar egallagan. Keng bargli oʻrmonlarga xos boʻlgan buk, eman, qayragʻoch daraxtlari kamdan-kam uchraydi. Ikkilamchi antropogen oʻrmonlarda igna bargli daraxtlar koʻpchilikni tashkil etadi. Gollandiya, Yutlandiya va Shimoliy German pastekisligining gʻarbiy qismida antropogen oʻtloqzorlar koʻp, sharqqa borgan sari madaniy oʻtloqzorlar maydoni kamayib, oʻrmon landshaftlarining maydoni orta boradi. Koʻllarboʻyi mintaqalarida oʻrmon massivlari yaxshi saqlangan. Ayniqsa, Buyuk Polsha pasttekisligida hozir ham inson xoʻjalik faoliyati taʼsirida kam oʻzgargan oʻrmonlar kengroq maydonlarni egallab olgan. Boltiq dengizi sohilidagi va tekislik ichkarisidagi zandra qumoq dalalarida qaragʻay oʻrmonlari uchraydi. Qolgan joylarda aralash oʻrmonlar yetakchi rol oʻynaydi. Bu oʻrmonlarda Yevropa yeli, karagʻaylar bilan birga buk, zarang, joʻka kabi keng bargli daraxtlar ham uchraydi. Aralash oʻrmonlarning oʻzgarmagan qadimgi holatdagi etaloni Yevropaning eng yirik qoʻriqxonalaridan biri Belovej pushchasida yaxshi saqlangan. Oʻlka hududida oʻrmonlarning kesilib ketishi va yerlarning maksimal darajada haydalishi yovvoyi hayvonlar sonining keskin kamayishiga va ayrim turlarini yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgan. Dashtlarga oʻxshash ochiq yerlarda esa kemiruvchi mayda choʻl hayvonlarining soni koʻpayadi. Hozirgi paytda yovvoyi hayvonlarning koʻplab turlari va ularning vakilliri qoʻriqxonalarda va milliy bogʻlarda muhofaza qilinmoqda. Jumladan, Belovej pushasida zubrlar, asl zotli bugʻular, loslar, kosulyalar, yovvoyi choʻchqalar, olmaxonlar, boʻrsiqlar muhofaza qilinib, ularning soni tiklanmoqda.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]