Oʻrta Osiyoda yer-suv islohoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'rta Osiyoda Yer-Suv Islohotidan yoʻnaltirildi)

Oʻrta osiyoda yer-suv islohoti — Sovet hokimiyati tomonidan xususiy mulkni tugatish maqsadida Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston respublikalarida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar (1921—29).

Oʻ.Oʻrta osiyoda yer-suv islohotis.i. 2 bosqichda: 1) 1921—22 yillarda Turkiston ASSR va Qozogʻiston ASSRda; 2) Oʻrta Osiyoda milliyhududiy chegaralanish oʻtkazilgandan soʻng 1925—29 yillarda amalga oshirilgan.

Sovet jamiyati tomonidan oʻtkazilgan agrar islohot yangi bosqichining vazifalari RKP(b)MKning 1920-yil 29-iyul qarori, Turkiston Kompartiyasining 5sʼyezdi va Turkiston ASSR sovetlarining 9sʼyezdi (1920-yil sentabr) qarorlarida belgilab berildi. Bu vazifalarni 3 guruhga boʻlish mumkin: mehnat bilan shugʻullanmaydigan boyquloq xoʻjaliklarni tugatish va koʻchmanchi aholini oʻtroq holatga oʻtkazish; katta yer egaligini yoʻqotib, yerlarni yersiz va kam yerli dehqonlar, batraklar, chorakorlar oʻrtasida mehnat normalari boʻyicha taqsimlash; chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining ayrim sarqitlarini tugatishga qaratilgan boʻlib, Stolipin islohotlari davrida Turkistonga koʻchirilgan kelgindi rus krestyanlari (dehqonlari) tomonidan egallab olingan yerlarni tortib olish.

Islohotni amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish 1921-yil bahorida boshlanib, dastlab u Yettisuv, Sirdaryo, Fargʻona obl.lari va Qozogʻiston ASSRning Oqmoʻla, Ural, Semipalatinsk gubernyalarida amalga oshirildi. Islohot favqulodda tartiblar shaklida oʻtkazilib, uning asosiy vositasi — maʼmuriy tazyiq oʻtkazishdan iborat boʻldi. Vaqf yerlari ham tortib olina boshlandi. Terrorga uchragan islohot qurbonlari qattiq qarshilik koʻrsatdilar. Mintaqaning butun hududi, jumladan Oʻzbekiston SSRda mulkdor dehqonlarning sovet hokimiyatiga qarshi koʻplab ommaviy gʻalayonlari va isyonlari boʻlib oʻtib, ayrim holatlarda u qoʻzgʻolon darajasiga oʻsib chiqqan. Islohot qishloqdagi siyosiy vaziyatni jiddiy ravishda keskinlashtirdi. Islohotning 1bosqichida yer tuzish jamgʻarmasiga 1 722626 desyatina yer qoʻshildi. Ana shu resurslardan mahalliy aholiga faqat 600 000 desyatina yer (oʻzbek aholisi uchun atigi 117 512 desyatina yer) ekin ekish va yaylovlar uchun ajratildi.

Islohotning 2bosqichi birinchisidan farqli oʻlaroq katta yer egaligini (rasmiy hujjatlarda quloqtar — mushtumzoʻrlarni) butunlay cheklash va ularni sinf sifatida tugatish masalasini qoʻydi. "Agrar inqilob"ning strategiya va taktikasi Oʻzbekiston Kompartiyasining 2sʼyezdi (1925-yil noyabr)da tasdiqlandi. Bu bosqich OʻzSSR MIKning "Suv va suvni natsionalizatsiya qilish toʻgʻrisida" va "Yersuv islohoti toʻgʻrisida" dekretlari (1925-yil 2 dekabr) va Turkmaniston SSR MIK va XKSning 1925-yil 24-sentabrdagi qarorlari, Qozogʻiston ASSR va XKS ning 1926-yil 20-maydagi qarorlari bilan boshlandi.

Mazkur bosqichda ham davlatning butun qudrati "quloqboy unsurlar"ga qarshi kurashga qaratildi. 1925—29 yillardagi islohot jarayonida shakllangan kam quvvatli xoʻjaliklar tortib olingan 474893 desyatina yer fondidan boryoʻgʻi 10%i olindi, xolos.

Oʻrta Osiyo respublikalarida islohot davrida 6763 ta badavlat odamlar qoʻlidagi mulk butunlay musodara qilindi, 37759 ta boyning yerlari keskin kamaytirildi, 415500 desyatina yer 123400 yersiz va kam yerli dehqonlar oʻrtasida taqsimlandi.

Bu bilan agrar islohot yersuvni tortib olishni tugallab, qishloq xoʻjaligini davlat monopoliyasiga olish uchun moddiy shartsharoitlar yaratdi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000: Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917—1924-yil), T., 2002; Shamsutdinov R., Qishloq fojiasi: jamoalashtirish, quloklashtirish, surgun, T., 2003.

Qahramon Rajabov, Soyibjon Tillaboyev.