Kontent qismiga oʻtish

Nurabulla jirov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nurabulla Qorajon o‘g‘li (1862-1927) - 1862-yilda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani bilan Chimboy tumani o‘rtasidagi Esim bo‘yi Naupir degan joyda Bag‘dod yonida tug‘iladi[1]. Otasining ismi Qorajon."Qo‘blon" dostonining qoraqalpoq jirovlari ichida eng mukammalini Nurabulla jirov aytadi. "Qo‘blon" dostonining mumtoz varianti shakllanishi, takomilida Nurabulla jirovning o‘rni alohida. "Sharyar" dostonining hozirgi tarqalgan va ilgari yozib olingan variantlarining barchasi Nurabulla jirov nomi bilan bog‘liq[2].

Nurabulla jirov qoraqalpoqlarning XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida yashagan eng mashhur jirovlaridan hisoblanadi. Qoraqalpoqlardagi eng yaxshi jirovlik belgisi o‘tgan davrni esga olganda, keksalarning xabar berishicha, Nurabullaning nomi bilan bog‘liq bo‘lgan. Nurabullasiz katta to‘ylar o‘tkazilmagan, qizlar uzatilmagan paytlar ham bo‘lgan, shuningdek, u ushbu to‘y-ma’rakalarda xizmat qilishi bilan xalqning samimiy muhabbatiga sazovor bo‘lgan. U kecha-yu kunduz chaqirtirgan to‘y-tomoshalarga borgan, o‘zining chiroyli qo‘shiqlari, dilrabo kuylari bilan uyqusiz bir necha tunni o‘tkazgan, xaloyiqning quloqlarini qondirgan. Nurabullaning kuy va so‘ziga xalqning ixtiyorsiz to‘planishi umuman o‘sha davrda odat tusiga kirgan, buning natijasida jirovga xalqning cheksiz muhabbati paydo bo‘lgan. Qoraqalpoq xalq she’riyati tarixida Nurabulla qoraqalpoq xalqining eng ulug‘ va sevimli kuychisi bo‘lib qoladi. Uning tarjimayi holi va ijodiy faoliyati borasidagi materiallar uning qoraqalpoq she’riyati va musiqa madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shganligini ko‘rsatib turadi.

Nurabulla jirovning tarjimayi holi va ijodini filologiya fanlari doktori, professor Qobil Maqsetov to‘liq ilmiy ishlarida tadqiq etadi. Professor Qobil Maqsetov tadqiqot jarayoni haqida shunday deydi: "Nurabullaning tarjimayi holi va jirovchilik faoliyati haqidagi barcha materiallarni deyarli uning katta o‘g‘li va shogirdi Yesemurat jirovning og‘zidan yozib oldik. Shuning bilan uni ko‘rgan va eshitgan kishilarning esdaliklari bilan bular to‘ldirildi ".

Nurabullaning nomini berish, uning repertuariga ko‘ra ma’lum bir maktabga joylashtirish eng avvalo N. Dovqoroyevning asarlarida uchraydi. N. Davqaraev qoraqalpoq jirovlarini ikki maktabga bo‘lib, birinchisini Jiyen jirov nomi bilan atab, Aytuvor, Qobil, Xalmurat, Jiyemurat, Qurbonboy deb ko‘rsatadi, ikkinchi maktabini esa Soppasli Sipra jirov nomi bilan ataydi. Bu maktabga Turimbet jirov, Bayniyoz jirov, Nurabulla jirov, Erpolat jirov, Yesemurat jirov, O‘g‘iz jirov, Qiyos jirov va b. kiradi[3].

  1. Қабыл Мақсетов - Филилогия илимлериниң докторы, профессор “Қарақалпақ жыраў бақсылары”
  2. К. Максетов -доктор филологических наук, профессор. “Каракалпакские сказители”, Каракалпакстан, Нукус
  3. Н. Дәўқараев. Каракалпакской литературы. стр 25.