Novoapostol cherkovi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Novoapostol cherkovi - XIX asrning o‘rtalarida Angliyada vujudga kelgan protestantlik yo’nalishlaridan biri. Hozirgi vaqtda dunyoning 180 ta davlatida 50 ga yaqin jamoa, 9 millionga yaqin a’zolariga ega. Cherkov diniy ta’limotida 7 sirli marosimning uchtasi e’tirof etiladi: - suv bilan cho‘qintirish (yoshning farqi yo‘q); - non va vino bilan totinish; - Muqaddas Ruh bilan insonning ichki olamini butunlay yangilash. Cherkov ta’limotiga ko‘ra, Xudo ruhoniylarning duo va fotihalari sababli bandalariga o‘zining mehru muruvvatini ato qiladi. Marhumlar ruhiga bag‘ishlab biri yilda uch marotaba (mart, iyul va noyabr oylarining birinchi yakshanba kunlarida) o‘tkaziladigan diniy marosimlar ham “Novoapostol cherkovi”ning o‘ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Bu marosimlarda marhumlarning qarindoshlari va ruhoniylar ishtirok etib, xudodan ularning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf etishini so‘rab, ibodat qiladilar. Cherkovni birinchi apostol va apostollar boshqaradilar. Oʻz navbatida ular xristianlikdagi mashhur 12 apostolning o‘rinbosarlari hisoblanadilar (“Novoapostol cherkovi” nomi shundan kelib chiqqan). Birinchi apostol, diniy qoidalarga asosan, Xudoning yerdagi vakili hisoblanadi. Cherkov xodimlari o‘z vazifalarini bepul va o‘zlarining asosiy kasblaridan tashqari bajaradilar. Har bir jamoa 150-170 kishilik katta oila kabi tashkil etiladi. Pastorlar kamida ikki oyda bir marotaba har bir uyni ziyorat qiladilar. Asosiy e’tibor bolalar va o‘smirlar tarbiyasiga, nogiron va kambag‘allarga yordam qilishga qaratiladi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 308.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.