Normativ-huquqiy hujjatlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Normativdan yoʻnaltirildi)
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Normativ-huquqiy hujjatlar — vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslarning umummajburii koʻrsatmasi. Ularda huquq normalari (qonun, kodeks, farmon, qaror, yoʻriqnoma va boshqalar) oʻrnatiladi, oʻzgartiriladi va bekor qilinadi. Normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasida huquqning asosiy manbaidir. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan "Normativhuquqiy hujjatlar toʻgʻrisida"gi qonunining 2-moddasiga koʻra, "... umummajburiy davlat koʻrsatmalari sifatida qonun hujjatlari normalarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar deb hisoblanadi". Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish hukuqiga ega. Normativ-huquqiy hujjatlarning asosiy belgilari quyidagilar:

  • vakolatli davlat organi tomonidan umumiy qoidalarga asosan chiqariladi, aniq oʻrnatilgan tartiblar asosida qabul qilinadi;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayoni huquq ijodkorligi mahsuli boʻlib hisoblanadi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar ushbu hujjatning nomidan kelib chiqib umumiy harakterdagi xulq-atvor qoidalarini huquq normalari koʻrinishida mujassamlantiradi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy hujjat boʻlib, belgilangan shakl va rekvizitlarga ega: rasmiy nomi, raqami, ushbu hujjatni qabul qilgan organning nomi, qabul qilingan va kuchga kirgan vaqti, rasmiy eʼlon qilingan joyi va h.k.;
  • normativ-huquqiy hujjatlar yuridik kuchga ega.

Normativ-huquqiy hujjatlarga quyidagi asosiy talablar qoʻyiladi:

  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqayotgan organ, qoida tariqasida, loyihani tayyorlash yuzasidan komissiya tuzadi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga manfaatdor davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning vakillari, ayrim fuqarolar jalb etilishi mumkin;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organ bir necha davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarga ayrim fuqarolarga muqobil loyihalar tayyorlashni topshirishga yoki ular bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek, eng yaxshi loyiha uchun tanlovlar eʼlon qilishga haqlidir;
  • vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishini muvofiqlashtirib turish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
  • normativ-huquqiy hujjatlarning matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda uni amalga oshirishning huquqiy vositalari, shu jumladan, moliyalashtirish manbalari, ragʻbatlantirish, mukofotlash va nazorat qilish chora-tadbirlari va shahrik. koʻrsatilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar agar uning matnida boshqa izoh berilmagan boʻlsa, muddatsiz amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar amal qilishining vaqtinchalik muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet ellik yuridik shaxslar, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga tatbiq etiladi.