Mezrob

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mizrobdan yoʻnaltirildi)

Mezrob, mizrob (arab. — urish quroli) — musiqada torli sozlarni chertib yoki tirnab chalishda qoʻllaniladigan maxsus moslamalar nomi. M. turli shakllarda (odatda, uchi ingichkalashgan, oʻtkir) boʻlib, yogʻoch, qattiq teri, suyak, hayvon shoxi, metall, soʻnggi davrda plastmassalardan yasaladi. Oʻzbek va tojik tanburchilari barmoq uchiga kiyiladigan noxukdan, uygʻur tanburchilari poʻlat simdan foydalanishadi. Oʻtmishda sozandalar tanburni oʻng qoʻl koʻrsatkich barmogʻining oʻstirilgan tirnogʻi yordamida ham chertishgani maʼlum. M.li cholgʻulardan ud, qonun, rubob, tor, soz, mandolina, gitara va boshqalarda qoʻllaniladigan moslamalar hozirda mediator, plektr deb ham yuritiladi. M. soʻzi baʼzan maqom nomlariga qoʻshilib, tanbur (yoki boshqa ayrim sozlar)ni ana shu maqomga moslab sozlanishini ham bildiradi. Masalan, M. i Rost, M. i Navo va h. k.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil