Mikrobiologiya instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mikrobiologiya instituti, Oʻzbekiston FA mikrobiologiya ilmiy tadqiqot instituti — nazariy va eksperimental mikrobiologiya hamda biotexnologiya masalalari boʻyicha yirik ilmiy markaz. 1947 yil Oʻzbekiston FA Zoologiya va botanika institutida mikrobiologiya laboratoriya, 1965 yil mazkur laboratoriya negizida mikrobiologiya boʻlimi tashkil etilib, 1977 yil institutga aylantirildi.

Institutning asosiy ilmiy yoʻnalishi Oʻrta Osiyo (Oʻzbekiston) mikroflorasining xilma-xilligini oʻrganish, ajratib olingan mikroorganizmlarni sistemaga solish hamda nopatogen va shartli patogen mikroorganizmlarning yirik regional (Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqasida yagona boʻlgan) mahalliy toʻplami (kolleksiya)sini tuzishdan iborat. Institutda mikroorganizmlar fiziologiyasi, sitomorfologiyasi va biokimyosi, mikrobiologik yoʻl bilan fiziologik faol birikmalar, antibiotiklar va mikroorganizmlardan zahar olish oʻrganildi. Oʻsimlik qoldiqlari va sanoat chiqindilaridan yem-xashak tayyorlash, mikroorganizmlarda qarama-qarshilik tabiati va ular ishlab chiqargan biologik preparatlarni oʻrganish natijalaridan dehqonchilik, ipakchilik, chorvachilik va sanoat tarmoqlarida foydalanish yoʻlga qoʻyildi.

Institutda mevali daraxtlar, sabzavot, poliz, texnika va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining bakteriya, zamburugʻ va viruslar qoʻzgʻatadigan kasalliklari oʻrganilib, ularga qarshi kurash choralari ishlab chiqildi. Mikroorganizmlarning geokimyoviy faoliyatiga oid tadqiqotlar olib borildi.

Rudalardan mis, rux, kobalt, molibden, oltin, kumush va boshqa metallarni mikrobiologiya yoʻli bilan ajratib olish imkoniyatlari mavjudligi is-botlandi va texnologiyasi ishlab chiqildi. Qishloq xoʻjaligi va sanoat korxonalaridan chiqadigan oqova suvlarni mikrobiologik usulda tozalash biotexnologiyasi joriy etildi. Tanlash, gen va hujayra muhandisligi yordamida mikrobiologiya va oziq-ovqat sanoati hamda chorvachilik uchun oqsillar, fer-mentlar, vitaminlar, biologik oʻgʻitlar; shifobaxsh sutqatiq tayyorlash uchun tomizgʻi mikroorganizmlarning oʻta mahsuldor shtammlarini olishda kamchiqitli va chiqitsiz biotexnologiya usullari yaratildi. Gʻoʻzaning oq palak va boshqa kasalliklariga qarshi biologik himoya vositalarining ilmiy asoslari ishlab chiqildi. Lipaza — li-polaktin preparatini ishlab chiqarishning ilmiytexnik hujjatlari tayyorlandi hamda uni qoʻllashning aniq sohasi belgilandi. Gen va hujayra muhandisligi usullari yordamida sellyuloza hamda oqsil ishlab chiqaruvchi mikroorganizmlarning yangi xillari topildi. Institut xodimlari oldida turgan vazifa atrof muhitni muhofaza qilish hamda foydali mikroorganizmlardan xalq xoʻjaligi tarmoqlariga joriy etishdan iborat. Institutda 9 laboratoriya boʻlib, ularda 200dan ortiq xodim, jumladan, Oʻzbekiston FA 1 akad. (M. Mavloniy), 10 fan doktori, 42 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2003).

Mashhura Mavloniy.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil