Mezuza

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mezuza (ibr. „eshik yondori“) - yahudiylar uyida eshikning tashqi yondoriga osib qo’yiladigan pok hayvon terisidan tayyorlangan va maxsus duolar yozilgan o‘ram. Oʻramning ichki qismiga Shma oyatlarining uchdan ikki qismi bitilgan bo‘ladi. Uning tashqi tomoniga esa Shadday - „Qudratli“ degan so‘z yozilgan. Musoning Besh kitobida ikki joyda Xudo so‘zini „Uyingiz eshigingizning yondoriga (mezuzot)“ deb buyurilgan. Natijada ushbu jumladagi mezuzot so‘zidan mezuza shakli chiqarib olingan. Mezuza matni 22 satrdan iborat bo‘ladi. Eshik yondoriga mezuza o‘rnatish chog‘ida yahudiylar “Senga shukrlar bo‘lsin, ey bizga mezuza o‘rnatishni buyurgan xudo”, deb duo qiladilar. Qoidaga ko‘ra mezuza maxsus futlyarga joylashtiriladi. Ushbu futlyar eshik yondorining yuqori o‘ng burchagiga osiladi. Arxeologik manbalar ilk memuzalar Ikkinchi Ibodatxona davriga taalluqli ekanligini ko‘rsatadi. Oʻrta asrlarda esa bunday o‘ramlarning tashqi tomoniga farishtalarning nomlari va timsollar kabi sehrli qudratga ega bo‘lgan narsalarni kiritish an’anasi shakllangan. Biroq bunday turdagi mezuzalar tumorlarga aylanib qolishi mumkinligi sababli yahudiy olimi Maymonid tomonidan keskin tanqid qilingan. Shu sababli bugungi kunda mezuzalarga kriptogramma yoki timsollar tasviri tushirilmaydi. Mezuza xonadonning kiraverish eshigi hamda har bir xona eshigiga osib qo‘yiladi. Bugungi kunda jamoat binolari va sinagogalarning eshiklariga ham mezuza ilib qo‘yish odati keng tarqalgan. Mezuzaga yozilgan matn zararlanmaganligiga amin bo‘lish maqsadida uni muntazam ravishda (har yetti yilda ikki marta) tekshirib turish talab etiladi. Yahudiy diasporasida esa yangi uyga ko‘chib kirgandan so‘ng 30 kun ichida, Isroilda esa ko‘chib kirgan vaqtning o‘zida eshikka mezuza osish an’anasi qabul qilingan. Agar uy sotiladigan yoki o‘zga bir insonga ijaraga beriladigan bo‘lsa, mezuzalar osilgan joyidan olinmaydi. Yahudiylar orasida uyga kirish va undan chiqish chog‘ida mezuzani barmoq bilan silash va o‘pish odati mavjud. Talmudga ko‘ra, mezuza xudo tomonidan Isroilga hadya qilib berilgan yetti misvotning biri hisoblanadi. Mezuza yahudiylik dinida eng ko‘p amal qilinadigan buyruqlardan biridir. Aksar hollarda mezuza futlyarlari yahudiy hunarmadchiligining klassik namunalari bo‘lib hisoblanadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 291.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.