Met-tipratikan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Piyoz ignali met-tipratikan
Oq bulochka yarmidagi metli buterbrod

Met-tipratikan (nemischa: Mettigel) Germaniya bufetlarining anʼanaviy yaxna yeguligi, tuxumli muxomor, pomidorli muxomor va pishloqli tipratikan bilan bir qatorda, ayniqsa, 1950-1970-yillarda va hozir ham ommalashgan[1]. Met bu nemislarning piyoz va ziravorlar qoʻshilgan, yashil oshkoʻklar va piyoz halqalari bilan bezatilgan, tipratikan ignasi shaklida piyoz eti yoki tuzlangan tayoqchalar va zaytun donalari bilan bezatilgan sevimli choʻchqa goʻshtidan qiymali taomidir. Baʼzida tipratikanga tuzlangan bodring boʻlaklaridan quloqchalar qadaladi. Baʼzan metdan choʻchqacha yasaladi (nemischa: Mettschweinchen). Met pashtet kabi oq bulkaning yoki yogʻli kulrang nonning yarmiga surtib, buterbrod qilinadi. Germaniya oziq-ovqat qoidalariga koʻra, metni faqat tayyorlangan kuni isteʼmol qilish mumkin.

Tipratikan shaklida issiq taomni bezash (fransuzcha: en herisson) XIX-asrdan beri maʼlum. Vilgelm Xaynz ichiga masalliq toʻldirilgan behini tipratikanga qiyoslagan. Shtutgart bosh oshpazi Vinsent Klinkning soʻzlariga koʻra, birinchi televizion oshpaz Klemens Vilmenrod met-tipratikanning ommalashishiga katta hissa qoʻshgan, ammo Vilmenrodning oʻzining va 1960-1980-yillardagi boshqa oshpazlik nashrlarining kitoblarida met-tipratikanning retsepti topilmagan. Biroq „yasama quyon“ qiymali ruletcha varianti bor, Vilmenrod nomi bilan aytganda „havayicha met-tipratikan“ ananas tilimlari va shoʻr tayoqchalar bilan bezatiladi[2]. Erix Lostning 1987-yilda nashr etilgan „Qurbaqa konserti“ romanida kirpi shaklidagi met uyumi salmonbaliq va gulmohi, valdorf salati, qovurilgan pishloq, qora ikra bilan tuxum va vetchina ruletlari bilan birga tasvirlanadi[3]. Met-tipratikan bir nechta teledasturlarda, jumladan Xape Kerkelingning 70-yillar shousida rekvizit sifatida paydo boʻldi.

Goʻshtni xomicha, ayniqsa qiymani xomicha isteʼmol qilish patogen bakteriyalar, xususan, iyersiniya, salmonella, ichak tayoqchalari va kampilobakteriyalar, listeriyalar, shuningdek, parazitlar va viruslar yuqtirish xavfini oshiradi. Metni faqat tayyorlangan kuni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. 2012-yilda Federal xavfni baholash instituti va Robert Kox Instituti tomonidan oʻtkazilgan besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida iyersiniozni oʻrganish maʼlumotlariga koʻra, kasal boʻlganlarning taxminan 30 foizi bir kun oldin met isteʼmol qilgan. Nemislar bolaligidanoq met yeyishni oʻrganadilar, Germaniyada bu taomning mashhurligi shundandir. Bugungi Germaniyada vegeratiancha met-tipratikan goʻshtsiz guruch qarsildoqlari, piyoz va tomat pastasidan tayyorlanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Kox G., Fuks M. Yojik iz farsha // Proizvodstvo i resepturi myasnix izdeliy / per. s nem.. — SPb.: Professiya, 2005. — S. 545. — 656 s. — (Nauchnie osnovi i texnologii). — ISBN 5-93913-074-7.
  • Wolfgang Herles. Gehacktes // Vorwiegend festkochend. Kultur und Seele der deutschen Küche. — Random House, 2019. — 416 S. — ISBN 9783641216085.
  • Peter Peter: Kulturgeschichte der deutschen Küche. Verlag C. H. Beck, München 2008, ISBN 978-3-406-57224-1, S. 182.