Medial guruh mushaklari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

1. Boʻyinning uzun mushagi (m. longus colli) III Ko'krak umurtqasidan to I boʻyin umurtqasigacha bo‘lgan sohada Umurtqa pogʻonasining oldingi yon yuzasida yotadi. Bu mushakning uchta qismi tafovut qilinadi. Vertikal qismi yuqorigi uchta ko‘krak va pastki uchta boʻyin umurtqalari tanasining oldingi yuzasidan boshlanib, yuqoriga vertikal yo‘naladi va II—IV bo‘yin umurtqalarining tanasiga birikadi. Pastki qiyshiq qismi birinchi uchta ko‘krak umurtqalari tanasining oldingi yuzasidan boshlanadi va VI—V bo‘yin umurtqalari koʻndalang o‘simtasining oldingi do‘mbochasiga birikadi. Ustki qiyshiq qismi III—V boʻyin umurtqalari koʻndalang oʻsimtasining oldingi doʻmboqchasidan boshlanib yuqoriga ko‘tariladi va atlantning oldingi bo‘rtig‘iga birikadi. Faoliyati: umurtqa pog‘onasining boʻyin qismini oldinga bukadi. Bir tomonlama qisqarsa, boʻyinni oʻz tomoniga bukadi. Innervatsiyasi: boʻyin chigalining r. muscularis.

2. Boshning uzun mushagi (m. longus capitis) III—VI boʻyin umurtqalari ko‘ndalang oʻsimtasining oidingi doʻmboqchasidan Pay dastalar bilan boshlanib, ensa suyagining asosiy qismining pastki yuzasiga birikadi. Faoliyati: boshni oldinga bukadi. Bir tomonlama qisqarsa, boshni o‘z tomoniga bukadi. Innervatsiyasi: boʻyin chigalining r, muscularis.

3. Boshning oldingi toʻgʻri mushagi (m. rectus capitis anterior) oldingi mushakdan chuqurroq yotadi. Atlantninig oldingi ravogʻidan boshlanib, ensa suyagining asosiy qismini pastki yuzasiga, boshning uzun mushagining orqasiga birikadi. Faoliyati: boshni oldinga bukadi. Bir tom onlama qisqarsa, boshni o‘z tomoniga bukadi. Innervatsiyasi: boʻyin chigalining r. muscularis.

4. Boshning yon tarafdagi toʻgʻri mushagi (m. rectus capitis lateralis) boshning oldingi toʻgʻri mushagidan tashqarida yotadi. Atlantning koʻndalang oʻsimtasidan boshlanib yuqoriga yoʻnaladi va ensa suyagining lateral qismiga birikadi. Faoliyati: boshni yon tomonga bukadi. Innervatsiyasi: boʻyin chigalining r. muscularis.

I—II boʻyin umurtqalari va ensa suyagi orasidagi mushaklar ensa osti mushaklari (mm. suboccipitales) deyilib, ulargayarimqirra, uzun va boshning tasmasimon mushaklari ostida joylashgan kallaning orqa katta va kichik to‘g‘ri, ustki va pastki qiyshiq mushaklari kiradi.

1. Kallaning katta toʻgʻri mushagi (m. rectus capitis posterior major) II bo‘yin umurtqasining qirrali oʻsimtasidan boshlanib, pastki ensa chizigʻiga birikadi. Faoliyati: boshni orqaga tortadi. Bir tomonlama qisqarsa, boshni oʻz tomoniga buradi.

2. Kallaning kichik toʻg‘ri mushagi (m. rectus capitis minor) atlantning orqa bo‘rtig‘idan boshlanib ensa suyagiga oldingi mushakdan medialroq birikadi. Faoliyati: boshni orqaga va yon tomonga tortadi.

3. Kallaning yuqorigi qiyshiq mushagi (m. obliquus capitis superior) atlantning koʻndalang oʻsimtasidan boshlanib, ensa suyagining pastki ensa chizigʻi ustiga birikadi. Faoliyati: ikki tomonlama qisqarsa, boshni orqaga, bir tomonlama qisqarsa, o‘zi tomonga bukadi.

4. Kallaning pastki qiyshiq mushagi (m. obliquus capitis inferior) II bo‘yin umurtqasi qirrali oʻsimtasidan boshlanib, atlantning koʻndalang o‘simtasiga birikadi. Faoliyati: boshni II umurtqa tishining bo‘ylama o‘qi atrofida buradi. Ensa osti mushaklarining barchasini n. suboccipitalis innervatsiya qiladi.

[1]

  1. Odam anatomiyasi. Toshkent: Iqtisod-moliya, 2007 — 156-157 bet. 8-dekabr 2022-yilda qaraldi.