Saylov huquqi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Saylov huquqi — 1) davlat boshligʻi, vakillik organlari va boshqa ni saylash tartibini belgilab beruvchi huquqiy normalar yigʻindisi. Konstitutsiyaviy huquqtarkibiga kiradi. Saylov huquqi, odatda, konstitutsiya va saylov to'g'risidagi maxsus qonunlar bilan belgilanadi. Ularda nomzodlar koʻrsatish tartibi, vakillik normalari, ovoz berish natijalarini aniqlash tartibi va boshqa belgilab beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasida Saylov huquqi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenta saylovi toʻgʻrisida" (1991-yil, 18 noyabr), "Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida" (yangi taxriri, 2001-yil 30 avgust), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida" (yangi taxriri, 2003-yil 29 avgust), "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov toʻgʻrisida" (1994-yil 5 may), "Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida" (1999-yil 14 aprel), "Fukdrolar saylov huquklarining kafolatlari toʻgʻrisida" (1994-yil 5 may), "Oʻzbekiston Respublikasida deputatni chakirib olish tartibi toʻgʻrisida"gi (1996-yil 26 aprel) qonunlar va boshqa hujjatlarda oʻz ifodasini topgan; 2) Fuqaroning saylovda ovoz berishda ishtirok etish, saylash huquqi (faol Saylov huquqi) va saylov asosida tashkil etiladigan davlat hokimiyati va fuqarolarning oʻzini uzi boshqarish organlariga saylanish huquki (passiv Saylov huquqi). Oʻzbekistonda fuqarolarning faol S.h umumiy, teng, toʻgʻridan toʻgʻri va yashirin ovoz berish prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilangan. Oʻzbekistonda saylash huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi 2-bandiga binoan, 18 yoshga yetgan barcha Oʻzbekiston fuqarolari egadirlar. Bu umumiy ovoz berish huquqi hisoblanadi. Teng saylov huquqida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng ovoz berishda ishtirok etishi tushuniladi. Toʻgʻridan toʻgʻri S.hda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovda shaxsan oʻzi ishtirok etib, biron bir shaxsning koʻrsatmasisiz oʻz xohish irodasini ifoda etib ovoz berishi taʼminlanadi. Yashirin ovoz berish Saylov huquqida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovda ovoz berayotganda boshqa biron bir shaxsning ishtirokisiz oʻz xohishini yashirin bildirish imkoniyati taʼminlanishi tushuniladi. Oʻzbekiston fuqarolarining passiv Saylov huquqi quyidagicha belgilangan: fuqarolar xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatligiga saylanish uchun 21 yoshga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga va Senatga saylanish uchun 25 yoshga, respublika Prezidentligiga saylanish uchun esa 35 yoshga yetgan boʻlishi kerak. Prezident boʻlib saylanish uchun nomzod saylovgacha kamida 10 yil Oʻzbekiston hududida muqim yashagan boʻlishi va davlat tilini yaxshi bilishi, Oliy Majlisning quyi va yuqori palatalariga deputatlikka saylanish uchun kamida soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonda doimiy yashagan, jinoyat qonunchiligi boʻyicha oldin ogʻir jinoyat sodir etib sudlanmagan boʻlishi kerak.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining raisligi (oqsoqol)ga tavsiya etilayotgan shaxs, qoida tariqasida, oliy maʼlumotli boʻlishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, rahbar lavozimida ish tajribasiga, aholi oʻrtasida hurmat va obroʻeʼtiborga ega boʻlmogʻi zarur.

Saylov huquqi siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini shakllantirishda ham amal qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari tizimiga kiradi. Bu Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlangan.

Abdujabbor Toʻlaganov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil