Mavlono Sharif

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Avliyo

Ism

Mavlono Sharif

Tavalludi

1617-yil

Vafoti

1690-yil

Falsafa maktabi


Mavlono Sharif — (1617—1690) — alloma va avliyo. Hazrat Mavlono Sharif buyuk olim, ulug‘ tarbiyachi, naqshbandiya tariqatining piri murshidi, valiyulloh, faylasuf, faqih hisoblanadi. U 1617-yil Buxoro shahrida tug‘ilib, 1690-yil vafot etgan. Hazrat Mavlono Muhammad Sharif falsafa, tarix, sheʼriyat, huquqshunoslik, tilshunoslik va boshqa sohalarga doir yigirmadan ortiq asar yozgan va bu kitoblar bizgacha yetib kelgan. Jumladan, uning „Sharhi Mullo“ (Abdurahmon Jomiyning arab grammatikasiga doir kitoblarining sharhi), „Sharhi aqoid“, „Hujjat az zokirin“. „Tuhfat as solikin“, „Dar bayoni suluki jahriya“, „Dar bayoni suluki xufiyai naqshbandiya“, „Favoidi hoqonyya“ kitoblari mavjud. Mavlono Sharifning „Sharhi Mullo“ kitobi hozirgi kungacha madrasalarda darslik hisoblanadi. Hazrat Mavlono Sharif Ko‘kaldosh madrasasining oxundi boʻlgan. Mavlonodan minglab kishilar saboq olgan. Shoh Mashrab Buxoroga kelib Mavlono Sharifdan taʼlim olgani manbalarda yozilgan. „Tuhfat az-zoirin“da yozilishicha, Mavlono Sharifning nasabi ota-tomonidan Hazrat Imom Muhammad Hanifaga, ona tomonidan esa Amir Sayid Oqil Kirmoniyga borib taqaladi[1]. Tariqatdagi nasabi Hazrati Azizon nomi bilan mashhur Hazrat Olim Shayxga borib ulanadi. Olim Shayxdan so‘ng silsila quyidagicha: Hazrat Fatxulloh, Hazrat Xoja Ismoil, Hazrat Kamoliddin. Zohiriy ilmlarni Hazrat Mavlono Muhammad Sharif Buxoriy Hazrat Mavlaviy Qosim va Hazrat Mavlono Yusufdan olgan. Mavlono Sharifning „Favoyidi xoqoniya“ kitobi Mahmudxo‘ja Nuritdinov va Mahmud Hasaniy tomonidan fors-tojik tilidan o‘zbekchaga tarjima qilingan. U 1995-yil Toshkentdagi „Adolat“ nashriyoti tomonidan chop etilgan. Buxoro shahrida Mavlono Sharif masjidi, hujralari, maqbarasi bor. Mavlono Sharif ziyoratgohi Abdulazizxon madrasasining orqasida, hozirgi Xorazm ko‘chasida joylashgan. Qadimda bu yerda Mavlono Sharif nomli guzar bo‘lgan. Ushbu guzarda Mavlono Sharif avlodlari yashagan. Hozir ham u kishining avlodlari bor[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Насир ад-Дин ал-Ханафи ал-Хасани ал-Бухари. Тухфат аз-заирин («Подарок паломникам») Автор перевода с таджикско-персидского, предисловия и комментариев: Халим Тураев. Toshkent: Splendid Idea, 2021 — 204 bet. 
  2. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291 bet.