Manbashunoslik tadqiqotining yo‘nalishlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Manbashunoslik tadqiqotining yo‘nalishlari

Manbashunoslikning ikki yo‘nalishi shakllangan bo‘lib, ular nazariy manbashunoslik va amaliy manbashunoslik deb nomlanadi. Nazariy manbashunoslik yo‘nalishi amaliy manbashunoslik tajribasini umumlashtiradi, yozma manbalarni vujudga kelishi va ularning real tarixiy sharoitni o‘zida aks ettirish qonuniyatlari, manbalarni izlab topish, turkumlash, tavsifga olish, tartibga solish asoslarini ishlab chiqadi va ularni ilmiy muomalaga kiritishning, amaliy o‘rganishning eng maqsadga muvofiq asosiy usul va yo‘llarini aniqlaydi va amaliyotga tavsiya etadi. Amaliy manbashunoslik yo‘nalishi bevosita yozma manbalarni nazariy manbashunoslik tavsiyasiga binoan o‘rganish, izlab topish, tavsif etish va o‘zi topgan, mavzu uchun yangi va kerakli maʼlumotlarni ilmiy muomalaga olib kirishni nazarda tutadi. Amaliy manbashunoslikda tadqiqotchi o‘zi uchun tanlab olgan biror mavzuga oid manbalarni tanlab olgandan keyin ularning har birini tashqi yoki moddiy-texnik belgilari va ichki mazmuniga ko‘ra guruhlarga ajratib ilmiy tahlil etishi lozim. Manbalarni tashqi belgilari yoki moddiy-texnik maʼlumotlari deganda qo‘lyozma kitob yohud hujjat bitilgan qog‘ozning o‘lchami, qog‘ozi, varaqlar soni, muqovasi, matn o‘lchami, xati, siyohi, xattoti, asar nomi, muallifi, kitobat tarixi, joyi kabi maʼlumotlar nazarda tutiladi. Bu maʼlumotlar asar yozilish sabablari, uning yozilgan joyi va o‘sha vaqtdagi texnik taraqqiyot va ijtimoiy-sisiy muhitni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Bu maʼlumotlarni aniqlamay turib, asarda bayon etilgan voqealar haqida, umuman asar haqida to‘g‘ri va to‘la tasavvurga ega bo‘lish, uning xususida fikr bildirish mumkin emas. Qo‘lyozma kitoblarning muallifi, asar nomi, yozilgan vaqti va joyini aniqlash qiyin. Chunki qadimgi qo‘lyozmalarda bugungi kundagi kitoblardagi kabi muqovaning o‘zidayoq asar nomi, muallif nomi, kitob boshlanishi va oxiridagi kabi zaruriy maʼlumotlar keltirilmagan. Baʼzi hollarda asar oxiri-xotimada uning ko‘chirilgan vaqti va joyi hamda kotibning nomi qayd etiladi, xalos. Maʼlumotlar keltirilmagan taqdirda, asarning matni, yozilish va kitobati tarixi, qog‘ozi, xati hamda tili va til uslubiga qarab tahminan aniqlanadi. Bunday maʼlumotlarni aniqlash tadqiqotchidan katta hayotiy tajriba va yuksak malakani talab qiladi va bu ancha qiyin va mas’uliyatli ishdir. Bunday masalalarni mashhur kitob bilimdoni Ibodulla Odilov, Abduqodir Murodov, Abdulla Nosirov kabi yuksak malakali mutaxassislargina bir necha yozma manbalarni solishtirish, qiyoslash asosida hal qilishi mumkin.