Kontent qismiga oʻtish

Mamzer

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mamzer (ayollarga nisbatan mamzeret ishlatiladi) – Galaxaga koʻra, yahudiylikda qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh vositasida yoki noqonuniy tugʻilgan chaqaloq. Shuningdek, Galaxada bayon etilgan muayyan qoidalar asosida buzilmagan nikohdan keyingi ikkinchi nikoh tufayli tugʻilgan chaqaloq ham mamzer hisoblanadi. Musoning Besh kitobida mamzer atamasi faqat bir marta ishlatilgan: „Mamzer Parvardigorning jamoasiga kirmasin, uning oʻninchi avlodi ham Parvardigorning jamoasiga kirmasin“. Shunga binoan, Galaxada mamzer va uning avlodlari bilan qarindosh tutinish taʼqiqlangan. Baʼzi manbalarda esa mamzerning oʻninchi avlodidan keyingi farzandlari bilan boshqa yahudiylarning nikoh qurishiga ruxsat berilganligi aytiladi. Mamzer atamasining kelib chiqishi maʼlum emas. Septuagintada ushbu soʻz „suyuqoyoq ayolning farzandi“deb, paygʻambar Zxariya kitobida esa „begona qabila“ deb tarjima qilingan. Rashi uni „begona xalq“, Naxmanid esa „oʻzining birodarlariga begona, kelib chiqishi nomaʼlum“ kimsa sifatida izohlagan. Galaxaga koʻra, nikoh borasida mamzerlarning huquqlari cheklangan boʻlib, ular oʻzaro yoki prozelitlar bilangina nikoh qurishlari mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Qolgan masalalarda esa ular boshqa yahudiylar bilan teng huquqli hisoblanadilar. Talmudda „shubhali mamzer“ – asufi („qabul qilingan“, yaʼni tashlandiq bola) va „shtuki“ („berkitilgan“, yaʼni turmush qurmagan ayoldan tugʻilgan farzand, odatda ayol uning otasining ismini aytishdan bosh tortadi yoki uning otasi kimligi nomaʼlum ekanligini iddao qiladi) tushunchalari ham mavjud. Biroq chaqaloq muayyan ehtiyoj (ochlik va urush kabi) sababli tashlab ketilganligi, yoki kimdir u hakda qaygʻurganligi (xatna qilingan, topish oson boʻlgan joyda qoldirilgan) maʼlum boʻlsa, u shubhali mamzer deb hisoblanmaydi. Shuningdek, agar turmush qurmagan ayol farzandining otasini maʼlum qilmasdan, uning mamzer emasligini aytsa shtuki ham shubhali mamzer hisoblanmaydi. Shubhali mamzer faqatgina prozelit ayol bilan turmush qurishi mumkin boʻladi. Baʼzi manbalarga koʻra mamzerlar Talmud muallimlari tomonidan oʻrnatilgan ajralish marosimlari hamda taloq xatining shakliga amalga qilmaganligi uchun ham shubhali deb hisoblanadilar. Yahudiylikdagi islohotchilik harakatida Galaxa tomonidan oʻrnatilgan ajralish marosimi majburiy emas deb tan olingan. Yahudiy xalq leksikasida „mamzer“ soʻzi odatda „ayyor, uddaburon inson“ maʼnosida qoʻllanadi. Mamzer maqomi masalasida Galaxaning mutaassib tarafdorlarining shafqatsiz yondashuvidan farqli ravishda, Aggad mamzer taqdiriga achinish bilan munosabat bildiradi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 285.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.