Mamluk

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mamluk (arab. egalik qilinadigan kishi) - qul, sinonimi abd, tugʻma quldan farqli ravishda faqat qo‘lga kiritilgan qul. Qur’onda bir marta abd mamluk (16:75/77) shaklida uchraydi. Mamluklar deb harbiy qo‘shinda xizmat qiluvchi qul-jangchilar atalgan. Ular ko‘pincha yuqori harbiy lavozimlarni egallab, bu bilan hatto ozodlikka ham erishganlar. 9-asrdan g‘ulom (o‘smir, qul-jangchi) so‘zining sinonimi sifatida, lekin odatda oq tanli g‘ulomlarga nisbatan qo‘llanilgan; 12-13-asrlarda Mamluk atamasi Suriya va Misrda g‘ulom istilohini siqib chiqargan. Ayyubiylarda xizmat qilgan Mamluk amirlari 1250 yilda Misrda hokimiyatni qo‘lga oldilar va Misr mamluk sultonligiga asos soldilar. 1250-1382 yillarda hukmronlik qilgan sultonlar Mamluklarning Bahriy sulolasiga mansub; Burjiy Mamluklari (1382-1517) o‘zaro qon-qarindoshlik rishtalari bilan bog‘lanmaganlar, ular guruhbozlik asosida birlashganlar. Butun mana shu davr mobaynida qullardan chiqqan sultonlar o‘z qo‘shinlarini Mamluklar - turklar va kavkazliklardan to‘ldirganlar. Usmoniylar tomonidan Misr bosib olingach (1517 yil), Mamluklar mamlakatning harbiy mulkdor yuqori tabaqasi sifatida saqlanib qolgan; Istanbuldan tayinlanadigan podsho mamlakatni mamluk amirlaridan tashkil topgan kengash yordamida boshqargan. 1805 va 1811-yillarda turk lashkarboshisi, asli albanlardan bo‘lgan Muhammad Ali Qohirada mamluklarning barcha rahbarlarini qirib tashlagan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 285.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.