Levi Boboxonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Levina hofizdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Levina hofiz, Boboxonov Levi (1873, Buxoro — 1926, Samarqand) — atoqli hofiz. Millati Buxoro yahudiylaridan. Hofizlik sanʼatini buxorolik Borux va Yuno Ismoilovlar, chorjoʻylik Hojixon Hofiz, keyinchalik Ota Jalol Nosirov kabi ustoz sanʼatkorlardan oʻrgangan. Maqom yoʻllarini tanbur va doira joʻrnavozligida oʻziga xos uslubda mayorat bilan ijro etgan. Diapazoni keng , tiniq va yoqimli ovozi bilan shinavandalarni maftun qilgan. Levina hofiz 1890-yillardan boshlab Buxoro amiri saroyida xizmat qilgan. 1909— 11 yillarda Riganing mashxur "Pishushiy Amur" grammofon firmasi uning ijrosidagi Talqini Sabo, Nasri Ushshoq, Navroʻzi Sabo, Ushshoqi Qoʻqand, Ufari Moʻgʻulchai Segoh va boshqa asarlarni gramplastinkaga yozib olgan. 1921—23 yillarda Levina hofiz Buxoro Sharq musiqa maktabida dars bergan. 1923 yilda Samarqandga koʻchib kelib, badiiy havaskorlik toʻgaraklariga rahbarlik qilgan. Shogirdlaridan Sh. Sohibov, B. Zirkiyev, M. Tolmasov va boshqa tanilgan. Levina hofizning ijro anʼanalarining davomchisi oʻgʻli Mushe Boboxonov (1910 — Buxoro —1983) — maqomchi-xonanda va sozanda (tanbur, doira). Oʻzbekiston xalq hofizi (1934). Buxoro musiqa bilim yurtida dars bergan (1931 yildan). Nevarasi Ari Boboxonov (1934, Buxoro) — sozanda (rubob, tanbur).

Adabiyot[tahrir]

  • Xaimov Ye ., Levina Hofiz. Hayoti va ijodi haqida, T., 1975.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil