Kulota

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

[1]Kulota — bosh kiyimi, toʻgʻrirogʻi ayollarning bosh kiyimi. Shakli choʻmichga oʻxshaydi. „Doira“ qismi boshga kiyiladi. Dasta qismidan ikkita qilib soch oʻtkaziladi. Hozirgi yoshlar kulotani koʻrmagan boʻlishi mumkin. Haqiqatan ham koʻpdan buyon kulota kiyilmay qoldi. Ammo, kulotani hozir ham Samarqand, Qashqadaryo,Surxondaryo viloyatlarida ayrim qishloq momolari kiyishadi. Kiyim nomi joylarda har xil ataladi: kulota, kulta, kultapesh, kultapishik va hkz. Kulota kiyish ham bir odat. Men uning foyda-zararini aytmayman-u, biroq „sotsialistik turmush tarzi“ „xotin qizlar ozodligi uchun[2] hujum“ talotoʻpi paranji-chachvonga qoʻshib, kulotani ham zabt etdi. Ulardan foydalanishni isteʼmoldan, odatdan chiqarib yubordi. Kulota kiyish odati qachon amalga oshirilgan? Onalar oʻgʻil uylantirib, qiz chiqarib, ilk bor nabiralik boʻlishganda, endi oʻzlarini katta yoshli xotin sanashgan. Shuning uchun ham poʻpak taqib yurish, oʻzini yosh tutish, bozorga solish uyat sanalgan. Shu sababga koʻra nevara beshikka belanish marosimida yosh ona ilk bor jamalak sochlariga poʻpanak taqqan, katta ona (buvi) koʻp yillik hamrohi poʻpak bilan xayrlashib, sochini ikkita qilgan. Birinchi bor kulota taqib buvilikni „boʻyniga olgan“. Biratoʻlasi uch marosim-odat: bolani beshikka belash (beshik toʻyi) , yosh onaga poʻpak taqish, katta onaning sochini ikkita qilish odati amalga oshirilgan. Bu ham oʻziga xos toʻy tarzida oʻtgan. Ayollarning yosh bilan bogʻliq katta tadbir-udumi sanalgan. Kulota kiygan onalar oʻsha qishloqning kayvonilaridan hisoblanib qolgan. Ular endi xodimlik, dasturxonchi, kinnachi, kushnochlik, folchilik bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlganlar. Bular uchun ularda endi muayyan tajriba, hayot, turmush koʻrganlik tan olingan. Kulota kiyish („sochini ikkita qilish odati“ ham deyiladi) odati matriarxat (jamiyatni onaboshilar boshqargan zamonlar)dan qolgan boʻlsa, ajab emas. Chunki bugun kompleks tadbirlarning har uchchalasi ham ayollar turmushi, jamiyatda tutgan oʻrni bilan bogʻliq. Kulota kiyish odati qariyb yoʻqolib ketish arafasida. Avvalo biz bu odatga boshqa marosimlar bilan bir qatorda eʼtibor berishimiz, bunday hodisalarni yozib olishimiz lozim. Ikkinchidan oilaviy-maishiy hayotda kattalarning yonida turib, ayniqsa, boʻlajak yosh onalar, kelajakning sarchashmalari, oila-roʻzgʻor bekalari sifatida oʻtmishning bu ibratli odatlarini yana hayotga joriy etib, undan foydalansalar yomon boʻlmaydi… Kulota va uni bosh kiyimi sifatida kiyish-taqish qadimda — Toʻmaris ona jangovar suvoriylaridan buyon, bizga madaniy meros boʻlib kelyaptiki, uni qadrlamoq lozimdir.

  1. Mahmud, Sattor. O'zbek udumlari. Toshkent: "Adolat", 2004- yil — 139-140 - betlar bet. 
  2. Mahmud, Sattor. O'zbek udumlari. Toshkent: "Adolat", 2004- yil — 141 bet.